FURUGʻ FARRUXZOD
Shu kungacha shoirning «Asir», «Devor», «Qayta tug‘ilish», «Iymon keltiraylik sovuq fasl ibtidosiga», «Furug‘ning tanlangan she’rlari», «Furug‘ Farruxzod she’rlari devoni» va «Furug‘ Farruxzod» nomlari bilan sakkiz kitobi alohida-alohida nashr etilgan. Tojikistonda 1983 va 1993 yilllar Furug‘ning «Qayta tug‘ilish» (“Tavallude digar”) nomli she’rlar to‘plami chop etildi.
Furug‘ Farruxzod 1935 yil 5-yanvarda Tehron shahrida dunyoga keldi. Go‘daklik davri otasining mutlaq tartibi va og‘ir harbiy intizomidan rang olgan oilada kechdi. Otasi harbiy xizmatchi bo‘lsa-da, she’rsevar va kitobxon kishi edi. U umr bo‘yi mutolaa va izlanishlar bilan bo‘lib, butun uyni kutubxonaga aylantirdi. Onasi esa nihoyatda samimiy va soddadil, o‘z zamondoshlari nigohida o‘tgan davrlar qadriyati ichra sarson-sargardon, xokisor ayol edi. Furug‘ning Amir Mas’ud, Mehrdod, Mehron, Faridun; Parvin va Guluryo ismli aka singillari bor edi. O‘zi esa to‘rtinchi farzand bo‘lgan.
Uning bolalik yillari ertaklar olamida o‘tdi. Bobosi unga hamisha ertak-afsonalar aytib bergan.
Ey yettiyoshlik,
ey hayrat lahzasi,
neki sendan keyin ketgan bo‘lsa gar,
junun, jaholatlar chohida tindi,
sendan so‘ng robita – porloq deraza
biz bilan parranda,
biz bilan nasim
orasida
sindi,
sindi,
sindi.
Sendan so‘ng tuproqdan bo‘lgan qo‘g‘irchoq
“suv, suv, suv”dan o‘zga hech narsa demay
suvda g‘arq bo‘ldi…
Shunday qilib, Furug‘ Eronning boshlang‘ich maktabini bitirib, Xusravi Xovar nomidagi o‘rta maktab sari yo‘l oladi. She’riyatga ixlosmand oila Furug‘ uchun poydevor bo‘ldi va uning she’r mutolaasini rag‘batlantirishdi. O‘sha kezlar Furug‘ oz-ozdan o‘z mashqlarini boshlagan edi.
Keyinchalik bu haqda Otasi «Kayhon» jurnalining muxbiriga shunday deydi: «Furug‘ birinchi marta o‘zining moʻjaz she’rini yozib, menga ko‘rsatgani hech qachon esimdan chiqmaydi. Haligacha qizimning o‘zi yozgan yangicha she’rining qo‘lyozmasi menda turibdi. «Olisdir bu yerdan, olis – bu yerdan…» deb boshlanuvchi o‘sha she’rini yozgan chog‘ida Furug‘ boshlang‘ich maktabga borar edi…” Buni Furug‘ning o‘zi shunday eslaydi: «Men o‘n uch yo o‘n to‘rt yoshlarimda ko‘plab g‘azallar to‘qiganman, lekin hech qachon e’lon qilmaganman. Har holda bir paytlar she’rlar bitib yurganman, lekin bilmadim, ularni she’r deb bo‘ladimi-yo‘qmi… Samimiy edi, ammo bilamanki, juda jo‘n ham edi. Men hali-hanuz shakllanmagan, o‘z tilim va shaklimni, o‘zimning afkor olamimni yaratib ulgurmagan edim…”
Furug‘ hali o‘n olti yoshga ham to‘lmay turib (1951 yil) turmushga chiqdi. Ya’ni yettinchi sinfligida Parviz Shopur bilan oila qurdi.
Furug‘ ayollar san’at kollejining Tikuvchilik va Naqqoshlikni bo‘limida o‘qigan. Ali Asg‘ar Patgarning naqqoshlik darslarida doimo hozir-u nozir bo‘lib, bu hunarning sir-asrorlarini o‘zlashtirgan.
1953 yilda o‘n yetti yoshli Furug‘ning «Asir» nomli ilk she’riy to‘plami e’lon qilindi. 1956 yilda esa yangi tahrirda nashr etildi.
Jurnalda chiqqan «Gunoh qildim…» nomli ilk she’ri Furug‘ning oilasida kelishmovchilik paydo qildi. Oqibatda, u o‘z ota uyidan chiqib ketdi. Feruzko‘h maktabi yaqinidan bir eski hujrani ijaraga olib yashay boshladi. U otasining uyidan hatto bir yostiq ham olib chiqmagan edi…
Furug‘ 1953 yili eri Parviz Shopur bilan yangi hayot boshlash uchun Ahvoz shahriga ko‘chib ketdi, ammo ko‘p o‘tmay Tehronga qaytishdi. Er-xotin orasida kelishmovchilik paydo bo‘ldi va vaziyat tobora chigallashib ketdi. Hatto o‘g‘illari Komyorning dunyoga kelishi ham ularni yarashtirolmadi. Nihoyat, 1956 yil bu murosasizlik ajralish bilan yakun topdi. Furug‘ ikki o‘t orasida qolgan va She’rni tanlagan. Unga hayotini bog‘lab turmushidan, farzandidan ayrilgani uchun ham endi She’r uning uchun go‘yo bir do‘st, bir yostiqdosh edi.
1957 yil Furug‘ Italiya poytaxti Rim shahriga safar qildi. O‘ziga yangi muhit yaratish uchun u yerga borgan edi. Eronga qaytgach esa mumtoz shoirlarning mutolaasiga kirishadi. Sa’diy Sheroziyning butun boshli kulliyotini o‘rganib chiqadi. Hofizning g‘azallarini sevib o‘qiydi va hammasini yodlab qoladi. Zamondoshlari uning xotirasi nihoyatda kuchli bo‘lganini aytishadi. U o‘qigan har bir she’rini darrov yodlab qolgan ekan. O‘z she’rlarini tahrir-u tuzatishlarsiz shu zahotiyoq oqqa ko‘chirib qo‘yavergan.1958 yil ikkinchi she’riy kitobi «Devor» nashr etilgan. Tabiiyki, ikkinchi kitob avvalgisidan ancha jiddiy va mukammalroq edi. Furug‘ «Asir» kitobida faqatgina tashqi olamning oddiy bir sir axtaruvchisi (rozjo‘) qilib tasvirlangan. Uning she’rlari keyinchalik tomir yozib mavzular ko‘lami kengayganini o‘zi ham aytib o‘tgan. U endi she’rga tuyg‘ular e’tirofi, o‘z kechinmalari bayoni deb qaramasdi, balki she’r qancha kengrog‘u chuqurroq ildiz otsa, yoysa, u ham shunchalik parchalanib, sochilib yangi dunyolarni kashf etardi.
Ijodkor bo‘lib tanilganda Nimo bilan tanishadi. Furug‘ Nimo bilan juda kech tanishganini tan olib aytadi: «Mening ayollarga xos shaxsiy tabiatim bor edi, shuning uchun masalaga o‘zgacha bir yo‘sinda qarar edim, lekin Nimoning ko‘zlaridan o‘z tushuncham bilan dunyoga boqishni xohlar edim. Nimo mening ko‘zlarimni ochdi va shunday dedi: Qara! Ammo qarashni faqatgina o‘zim o‘rgandim.»
Shu zaylda 1960 yil uning barcha shoirlik tajribalari jam bo‘lgan «Isyon» kitobi o‘ziga xos she’riyat olamini dunyoga keltirdi. Kundan-kunga teranlashayotgan Furug‘ning badiiy yaratiqlari qudrati go‘zal fors she’riyatiga yangi ohang berdi. U mumtoz adabiyot girdobida ham g‘arq bo‘lib ketmagan va Yevropa adabiyoti irmoqlariga ham burilib qolmagandi.
Furug‘ning to‘rtinchi kitobi 1965 yilda nashr etilgan «Qayta tug‘ilish» edi. Bu kitobidagi yangicha she’rlari bilan u o‘ziga xos yo‘nalish topganini ko‘rsatib berdi, go‘yoki ijodi qayta tug‘ilgan edi. Ammo barcha ijodkorlar qatori u ham bu kitobidan qoniqmagan edi. Furug‘ ijod jarayonida o‘zini shafqatsiz qozidek his etardi. U «Qayta tug‘ilish» kitobiga qarab turib afsus chekardi. Chunki bu kitobga atigi to‘rt yil vaqt sarfladi. Bundan ko‘proq vaqt davomida yanada mukammal yozishi mumkinligini o‘ylar edi.
Furug‘ har bir chiqqan oxirgi kitobida she’rdan she’rga e’tiqodi ko‘proq kuchayib borar edi.
Buyuk zamondosh shoirlarini o‘z jozibali tarovati bilan hayratga solishni boshlagan «Iymon keltiraylik sovuq fasl ibtidosiga» nomli tugallanmay qolgan kitobi u vafot etgandan so‘ng nashrdan chiqqan. Ahmad Shomlu bilan Ali Asg‘ari Zarobiyning bir suhbatida bu kitobdagi Furug‘ moʻjizasi o‘quvchini hayratga solishini aytishgan. Uning yangicha ijodini hech aqliga sig‘dirolmagan zamonasining zabardast shoirlari safidan u allaqachon joy olib bo‘lgan, deyishadi.
Furug‘ning she’rlaridagi vulqon otib turgan dard o‘z fikrlovchi zamondoshining ochiq qolgan bir yarasi edi. Ijodiy yangilanish davridan keyingi qadriyatlar zavol topish chorrahasida turgan, sabr kosasining tubida azob uqubatdan tosh qotgan Inson obrazi asar markazida turadi.
Furug‘ hayotda hamisha tezlik – shiddatga intilgan, sustlik va sustkashlikni yoqtirmagan. U tezlikdan go‘yo o‘ziga bir tasalli kashf etgan: “Men tezlik bilan oldinga ketayotganimda boshqa narsa haqida o‘ylab o‘tirolmayman, menga shu yoqadi. Qandaydir og‘ir yuk yelkamdan ag‘darilishini his qilib turaman. Shiddat bilan oldinga intilayotganimda erkin nafas olish erkimni o‘zimga cheklab qo‘yaman…”
Furug‘ «Gulistonfilm» kinostudiyasi avtomobilining orqa o‘rindig‘ida ishga ketib turgan kunlarning biri avtohalokatiga uchraydi. Uni kasalxonaga eltishadi, afsuski, hammasi kech edi.
Milodiy 1967 yil (hijriy 1345- yil, Bahman oyining 26- kuni, chorshanba) Tez yordamning qizil gullarga ko‘milgan oq mashinasi Zahiruddavla qabristoni ko‘chasi tomon asta ketib borar, ko‘z yosh-u nolalar daryo bo‘lib qo‘yilar edi. Mayitni mashinadan chiqarishdi. U she’rlaridagi boqiy satrlarning astaridan qilingan kafanlik ostida pinhona uxlayotgan edi go‘yo. Ahmad Shomlu, Siyovush Kasroyi, Mahdiy Ahavon Solis, Hushang Ibtihoj, Moidiy va yana qanchadan qancha buyuk ijodkorlar uning tobutini yelkaga olishdi. Osmondan yana yomg‘ir quyildi, ko‘zlardan ham… Odamlar tobutni qabristonga olib kirishdi va mayitni yerga – qabrga qo‘yishdi…
Qaysi cho‘qqi? Qaysi balandlik?..
Nahot,
Bu aylanma, chigal yo‘llarning bari
u sovuq so‘rguvchi og‘izda so‘nggi
kesishuv nuqtasi tomonga eltmas?..
Tuproqni tortib bo‘lganlarida yomg‘ir ozmuncha to‘xtaydi. Biroz vaqt o‘tib, nurday bokira, uning kafanlaridan ham oq bo‘lmish qorlar yer uzra qo‘na boshlaydi. Bu ma’sum sukunat tashbehga ehtiyoj sezmas edi. O‘zi dunyoga keltirgan go‘zal qizi kafanlik ichra yotganidan tuproq ham bu dardga dosh berolmay o‘zini qor kafanligiga ko‘mib qo‘ygan edi…
Hayot uning armonlarini ro‘yobga chiqarayotgan bir paytda odamlar Furug‘ning g‘oyibdan kelayotgan ovozini go‘yo tinglayotgan edi:
Oqibatim bilan kelib yuzma-yuz
sochlaring oqarib ketdi-ku, ey qor,
Ko‘nglimga… ko‘nglimga yog‘ding, eh, afsus,
mozorim boshiga yog‘mading bir bor…
(Furug‘ Farruxzod hayotiga oid ma’lumotlar Xudoynazar Asozodaning “Adabiyoti Eron dar sadai XX” (Dushanbe, “Payvand” nashriyoti, 1997) kitobidan olindi. Matnni o‘zbek tiliga Shohro‘z Mo‘minzoda o‘girdi).
SARHAD DEVORLARI
Bu jimjit va sokin kechada yana
giyohlardek qaddin tiklaydi uzun
sarhad devorlari, g‘ov devorlari,
ishqim ekinzorin qo‘riqlash uchun.
Bulg‘angan shaharning faryodi yana
to‘zg‘igan baliqlar to‘dasi yanglig‘
zulmatim qirg‘og‘in buzar birma-bir.
Darichalar yana ochar lazzatning
bijg‘ib, anqib ketgan hidiga bag‘ir.
Endi daraxtlar ham uyquda bari,
tandan itqitar po‘st-jandalarini.
Minglab tirqishlari bilan shimar yer
oyning to‘zg‘ib ketgan zarralarini.
Endi
yaqinroq kel,
qulog‘ingni tut
ishqning iztirobli zarbalariga,
toki zanjilarning nog‘orasidan
taralgan sadodek sado berguvchi
tanim qabilasin g‘alvalariga.
Men bilaman,
men his etarman bu dam
har kungi ibodat lahzasi sirin.
Endi men bilaman hatto yulduzlar
og‘ushiga olib yotar bir-birin.
Men tun panohida esarman nogoh
har qanday nasimning intihosidan.
Men tun panohida
kaftlaring ichra
og‘ir sochlarimni to‘kkum telbavor
va senga iqlimi issiq o‘lkaning
yashnagan gullarin etarman nisor.
Men bilan kel,
kelgin o‘sha yulduzga,
yulduzki, olisdir qadimdan-qadim
qotgan yer va uning puch ko‘lamidan.
Yorug‘likdan qo‘rqmas
u yerda hech kim.
Men suvda suzuvchi quruqlik ichra
suvning yuzasida olaman nafas.
Bir qit’a izlarman cheksiz osmondan,
to tuban o‘ylardan xoli bo‘lsa bas.
Menga qayt,
menga qayt,
tan manbaiga,
Men sendan yaralgan xush damga qaytgil,
qaytgil,
yaralmadim men sendan tugal.
Endi ko‘kraklarim cho‘qqisi uzra
kaptarlar uchar
va labim pillasin
ichidagi bo‘sa parvonalari
qochish xayolida qo‘zg‘aldi bir-bir.
Tanim mehrobi ham ishq ibodatin
ado etmoq uchun bo‘lgandi hozir.
Menga qayt,
holim yo‘q so‘ylashga,
chunki,
men seni sevaman.
“Sevaman” – axir,
shunday bir so‘zdirki, behudaliklar,
qadimlik, sobitlik jahonidandir.
Menga qayt,
so‘ylashga yetmaydi holim,
qo‘yaver, toki men tun panohida
oydan homilador bo‘lay
va to‘lay
yomg‘ir qatrasidan,
tuban qalblardan.
Qo‘yaver, dunyoga hali kelmagan
go‘daklar tanidan to‘lay betimsol.
Bu ishqim
dunyoga kelgan boshqa bir
Iso uchun beshik bo‘lar, ehtimol.
TUPROQ UZRA
Orzu qilmaganman hargiz,
osmonning
sarobida bo‘lay deb bitta yulduz.
Yoxud o‘tiray deb mumtoz ruhlardek
farishtalar bilan birga, yuzma-yuz.
Yerdan ayrilmagan edim erta-kech,
yulduz bilan yaqin bo‘lmaganman hech.
Tuproq ustidaman,
tanam giyohdek
yel, nur, suvni shimar – yashashning hukmi.
Tuproq ustidaman,
tuproq ustida
maylimdan yukliman,
dardimdan yukli.
To yulduzlar mendan bo‘lmasin olis,
toki shabadalar mehrin etay his.
Darchamdan qarayman,
bir taronaning
nolasi emasman,
mangu emasman.
Bir kuy nolasidek axtarmam, hazin
jimlikning to‘pori g‘amidan pokroq
bir lazzat fig‘oni orasidan in.
Tankim, shabnami bor,
tanam safsani
yuziga
va hayot deb atalguvchi
kulbam devoriga chizmishlar, ishqning
qora xati bilan yodgorliklarni.
Yo‘ldan o‘tayotgan odamlar:
Qalbi
o‘q yegan,
so‘nik sham yanglig‘ benavo.
Rangi o‘chgan tinish belgilaridek,
jununning chuvalgan harflari aro.
Labimga yetishgan har bir lab uchun
Nogahon charaqlar edi bir yulduz,
To turardi uzun tunlarim aro
yodgorliklar bilan bo‘lib yuzma-yuz.
Bas, nechun yulduzni orzu qilay men?
Shul erur, shul erur mening taronam,
ko‘ngilga yoquvchi, ko‘ngilga yaqin,
ortiq bo‘lmagan hech bundan burun ham.
DEVOR
Tez o‘tguvchi, sovuq lahzalar aro
o‘z jimligi ichra vahshiy ko‘zlaring
atrofimda devor tiklar,
qocharman
sendan yo‘llarimning yo‘lsizligida.
Ko‘ray oy g‘ubori qo‘ngan dashtlarni,
to nur bulog‘ida tanimni yuvay,
toki to‘lsin yozning iliq tongida
etagim sahroyi gulsafsarlarga.
Dehqon kulbasining tomidan toki
eshitay xo‘rozlar qichqirganini.
Sendan qochgum sahro etagi qadar,
maysalar yuziga oyog‘im bosay
yo ichay giyohlar sovuq shabnamin.
Qochay tark etilgan sohilga qadar,
yo‘qolgan toshlarning bo‘shliqlaridan
qorong‘u bulutdan boqay devordek
dengiz to‘fonlarin raqsiga to‘yib.
Qanotim ostiga olay to olis
kunbotarda vahshiy kaptarlar kabi
dashtlarni, tog‘larni va osmonlarni.
Eshitay qurigan butazorlardan
sahroyi qushlarning shodon nag‘masin.
Ochay sendan qochib, sendan olisda
orzular shahrining yo‘lin
va shahar
ichida xayolning mustahkam va berk
oltin qasri qulfin ochay birma-bir.
Lek ko‘zlaring sokin faryodi bilan
yo‘llarni aylaydi nigohimga tor.
Sirlari zulmatni yoyib betinim
mening atrofimda tiklaydi devor.
Bir kuni qocharman oxir-oqibat
ikkilangan ko‘zing afsunidan ham.
Xayollar gulining atridek anqib,
qo‘parman tungi yel sochin mavjida.
Boraman quyoshning qirg‘og‘igacha
mangu jimlik aro mudroq jahonda.
Malhamrang bir bulut to‘shagi ichra
mayin sirg‘alaman,
nur panjalari
shodlangan osmonning yuziga nogoh
to‘kadi ohangsiz loyihalarni.
Men u yerdan turib sarxushu ozod,
afsun to‘la ko‘zing menga yo‘llarin
tor etgan dunyoga tashlayman nazar.
Men nazar tashlayman, afsunkor ko‘zing
asrorin zulmati ichra betinim
uning atrofida tiklaydi devor.
SOYALAR DUNYOSI
Tunda namchil yo‘lda soyalarimiz
go‘yoki bizlardan qochib yurgandek,
bizdan olis yo‘lning muyulishida
sirg‘algan oyning shum g‘ubori ichra
toknovdalar uzra sovuq va og‘ir
bir-biri tomonga talpinar mayin.
Tunda namiqqan yo‘l yuzida go‘yo
muattar tuproqning jimligida goh
beqarorlik bilan biri-biriga
qo‘shilib ketishar
soyamiz nogoh,
kechagi shabnamlar sharobidan mast
karashma aylagan gullar misoli…
Go‘yo bizdan bezib qocharkan ular,
biz hech kuylamagan taronalarni,
bizlar g‘azab bilan, ich-ichimizda
jim turib kuylagan taronalarni
xirgoyi qiladi zavqu shavq bilan.
Ammo soyalardan olis-olisda
ko‘nglini bog‘lagan ertakdan g‘ofil,
hijron-u visoldan butkul bexabar
xasta vujudimiz karaxtlik bilan
baxsh etar hayotga shaklu shamoyil.
Tunda namchil yo‘lning ustida bot-bot
o‘zimdan so‘radim necha bor:
“Hayot
soyamiz ichida rang olarmikin
yoxud soyasimiz o‘z soyamizning?”
Ey siz, atrofimda, zulmat mavjida
sirg‘aluvchi minglab sargardon ruhlar,
mening soyam qani?
(Vahshatning nuri
porlar sokin bongim billuri aro).
Mening soyam qani?
Mening soyam qani?
Istamasman
undan judo bo‘lishni
bir lahza,
istamam, mendan olisda
kechish joylarida sirg‘alishini
yoxud yiqilishin,
yo‘lovchilarning
oyog‘i ostiga xoru xastahol.
Nega u yuzma-yuz kelishi kerak
o‘zini axtarish yo‘llari bilan?
Yopiq eshiklarning lablari bilan,
har xonaning eshik, devori bilan
nega u tanini ishqashi kerak?
Sovuq va begona yurtlarga nechun
oyoq qo‘yishi shart umidsizlikdan?
Oh… Ey quyosh,
nechun soyamni mendan
uzoqlashtirgaysan?
Sendan so‘rayman:
Aytgil, qorong‘ulik shodlikmi yo dard?
Aytgil, tan zindonmi yo erk sahrosi?
Ayt, nimadir o‘zi tunning zulmati?
Kimning qora yuzin soyasidir tun?
U nima der ekan?
Nima derkin u?
Yelaman xastahol, tentirab, hayron
cheksiz so‘roqlarning cheksiz yo‘lida…
Tarjimon: Odil Ikrom