Farmonova Mohinur Faxritdinovna
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti
Bugungi oʻzbek adabiyotining shakllanishida, kamolga yetishishida adabiyotimiz boshdan kechirgan har bir davrning alohida oʻrni bor. Xususan, jadidchilik davri milliy adabiyotni koʻchma ma’noda qayta qurgan, ming yillik qoliplarni oʻzgartira olgan bosqichdir. Bu davr haqida soʻz ketar ekan, Turkiston jadidlarining sardori sanalgan Abdurauf Fitrat haqida toʻxtalmaslik mumkin emas. Biz 1930-yillardagi Fitratni kuchli adabiyotshunos, shoir, tarjimon, faylasuf, serqirra olim va milliy mafkuraga ega shaxs sifatida bilamiz. Albatta, bu jihatlarning bir shaxsda jamlanmasi bemisl iste’dod bilan bir qatorda tajribalar, ta’sirlar va izlanishlar samarasidir. Shu sababdan ham Fitrat faoliyati va ijodi tariximizning eng oydin sahifalaridan biridir. Garchi Fitratning hayoti va ijodiga doir koʻplab tadqiqotlar olib borilgan va keng oʻrganilgan boʻlsa-da, uning ilk ijodiy faoliyati bilan bogʻliq ma’lumotlar yetarli emas. Xususan, Abdurauf Fitratning 1910-1914-yillar oraligʻida Turkiyada yashagani va tahsil olgani ma’lum boʻlsa ham, bu muddatning barcha tafsilotlari hamon batamom yoritilgani yoʻq. Ammo ayni shu muddat Fitrat hayoti va ijodida juda muhim rol oʻynagan.
O‘tgan yil Turkiyaning Gazi universitetiga ilmiy ishim doirasida ma‘lumotlar yig‘ish maqsadida stajirovkaga borgan edim. Kutubxonada kitob titkilab charchagan paytlarim professorlarning ma‘ruzalarida qatnashar edim. Xususan, turk ma’rifatparvarlik adabiyotining yetuk mutaxassisi, professor Sefa Yücening ma’ruza darsi meni ancha ta’sirlantirgan edi. Ma’ruzada Servet-i Fünün davrining oʻziga xos jihatlarini yoritib berildi. Domla talabalarga bu davrning mashhur ijodkorlari haqida ma’lumotlar bergach, ularning ijodi haqida, ijodiy öziga xosligi borasida gapirarkan, bir she’r tahlil qilaylik dedi-da, Tevfik Fikretning «Ferdâ» she’rini öqiy boshladi. She’rning hayqiriq kabi eshitiladigan ritmi, satrlardagi ma’nolarga singgan ohang, ohanglarda zohir bölayotgan mazmun, g’oya menga shu qadar tanish va ta’sirli tuyuldiki, beixtiyor Abdurauf Fitratning “Oʻgut” she’ri quloqlarim ostida jarangladi. Bu ikki she’r bir-biriga shu qadar uygʻun ediki, oʻzimni toʻxtatolmadim, professorga xayolimdan kechganlar haqida aytib, “Oʻgut” she’rini oʻqib berdim. Ustoz ham hayratini yashirolmay aytdiki: “Bu haqida bir maqola yoz va buni kengroq oʻrgan”. Bu maqola ayni shu sabab bilan yozildi desam, yanglishmagan boʻlaman.
Avvalo, Tevfik Fikret borasida ayrim ma’lumotlarga toʻxtalib oʻtsak. Asl ismi Mehmed Tevfik (1867-1915) Istanbulda tugʻilib oʻsgan, butun umr ayni shu shaharda yashagan Usmonli turk shoiri va shu bilan bir qatorda jonkuyar muallim edi. 12 yoshida onasidan erta yetim qolgan Mehmedning tarbiyasi, ta’lim olishi bilan bogʻliq jihatlar bilan ona tomonidan buvisi shugʻullanadi. O’rta ta’limni Mahmudiye maktabida boshlaydi va zamonining nufuzli ta’lim dargohi bo’lgan Galatasaray “Mekteb-i Sultanisi” da tamomlaydi. Uning Galatasaroy Sultoniga o’tishi hayotidagi burilish nuqtasi bo’ldi. Bu yerda u Muallim Naci, Recaizade Mahmut Ekrem, Muallim Feyzi kabi taniqli ustozlardan adabiyot saboqlarini oldi. Ayni shu maskandagi ta’lim davrida u fransuz adabiyotiga qiziqishi tufayli fransuz tilini oʻrgandi. U his-hayajonga toʻla shaxsiyati, kechinmalari va ustozlari ta’siri tufayli she’riyatga yuzlandi. Uning birinchi she’ri 1883-yilda nashr etilgan. Fikret chinakam ma’noda serqirra badiiy ijodkor edi: yoshligidan rasm chizishni sevar, soʻzda anglatolmaganlarini ranglarda anglatmoq istardi. Umri davomida rasm chizishda davom etgan Tevfik Fikretning bu qiziqishiga Jenab Shehabettin shoir haqidagi xotiralarida “Yuragi shoir, qoʻli rassom” deb juda chiroyli ta’rif bergan edi.
1896-yilda Recaizade tavsiyasi bilan “Servet-i Fünün”[1] ga bosh muharrir etib tayinlandi. Yosh shoir aslida “ilm” jurnali bo‘lgan “Servet-i Fünün” ni “adabiyot” jurnaliga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Jurnal Tevfik Fikret rahbarligida nashr qilina boshlagan 256-sonidan boshlab adabiy jurnalga aylandi. Shu yillarda u badiiy hayotining eng sermahsul davrini boshidan kechirayotgan edi. She’rlarini “Mehmed Tevfik” o‘rniga “Tevfik Fikret” taxallusi bilan nashr qila boshladi. Shoir oʻz ijodida aruz vazni talablarini nisbatan soddalashtirdi, bundan maqsad esa oddiy xalq tomonidan she’rlarining qiyinchiliklarsiz oʻqilishi, anglanishi edi. U rahbarlik qilgan jurnal atrofiga millat ziyolilari to‘planib, guruh holiga keladi va jurnal nomi shu badiiy jamoaga ham berildi. Sanʼatda ham mazmunan, ham shaklan yutuq yaratish tamoyilini oʻzlashtirgan, oʻzining yuksak ohangdor tili va pessimizmi bilan mashhur boʻlgan jamoa harakati “Kitap-ı Cedide” (Yangi adabiyot) deb atalgan. Bu maktabda Fikretdan tashqari Halit Ziyo, Cenap Shahabettin, Ismoil Safa, Mehmet Rauf, Samipashazade Sezai, Huseyin Cahit, Ahmet Shuayip, Huseyin Siret kabi ismlar bor edi. Avvalida jamoa siyosiy harakatlardan yiroqdek tuyuldi. Vaqt o‘tishi bilan Fikret she’rlarining ijtimoiy jihati ortib, millatparvarlik ruhi birinchi o‘ringa chiqdi.
Fikret she’rlari 1900-yilda “Rübab-i Shikeste” nomi bilan nashr etilgan. Xuddi shu yili Husayin Cahitning fransuzchadan tarjima qilingan “Adabiyot va huquq” nomli maqolasini bahona qilib “Servet-i Fünun” jurnali yopildi. Jurnal yopilib, jamiyat tarqalgach, Fikret 1901-yilda ilk bor oʻzini jamiyatdan uzib, uzlatga chekindi. 1900 va 1905-yillar Fikret chuqur ijtimoiy va shaxsiy iztiroblarni, ogʻriqli yoʻqotishlarni (otasi va singlisining vafoti) boshidan kechirgan juda ogʻir yillar boʻldi. Fikret 1909-yilning yanvarida uni sevganlarning talabi bilan oʻzi taʻlim olgan Galatasaray “Mekteb-i Sultanisi” direktori bo’ldi. Ammo bu paytga kelib Beylerbeyiga ko‘chirilgan maktab ayanchli ahvolda edi. Fikret Galatasaraydagi binoni qurdirdi va maktabda butunlay yangicha tartib o’rnatdi. Biroq bu yangiliklar unga qarshi ba’zi mish-mishlarni keltirib chiqardi. 1910-yil aprel oyida nafsoniyatiga ogʻir botgan gap-soʻzlar sabab o’z lavozimidan iste’foga chiqdi. Biroz vaqt o’tgach, Dorulfununun va Dorulmuallimiyda o’qigan ma’ruzalarini tashlab, yana yolg’izlikka chekindi.
Fikret soʻz erkinligi va konstitutsiyaviy hukumat tarafdori sifatida tan olingan shoir edi. U oʻz she’rlarida Abdul Hamid II ni ochiq tanqid qilgan. 1902-yilda u diktatura va repressiv siyosatni qoralovchi she’rlar to’plamini nashr etdi. U oʻzining siyosiy qarashlari va asarlari hamda Abdul Hamid II ning taniqli siyosiy raqiblari, jumladan, yozuvchi Xolid Ziyo Ushakligil bilan aloqasi tufayli Usmonli politsiyasi tomonidan bir necha bor tergov qilingan. Bu kabi tergovlar, cheklovlar shoirni ogʻir ma’naviy tushkunlikka solib, salomatligini yomonlashtirdi. Usmonlilar tuzumini tanqid qilgan oʻta olovli yozuvlari va she’rlari tufayli u “ozodlik shoiri” sifatida e’tirof qilinadi. Va hatto Mustafo Kamol Ataturk ham Fikret haqida shunday fikr bildirgan: “Men Inqilob ruhini Fikretdan oldim”. Fikret islom konservatizmi va millatchiligini ham oʻrinli tanqid qilib, “Vatanim – butun dunyo, millatim – insoniyat” deb yozgan edi (shu oʻrinda bu misralarning Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Millatim nasli bashardir, Vatanim kurrayi arz” degan satrlari bilan bu qadar oʻxshashligi yana bir maqola uchun mavzu boʻlishini taʻkidlash joiz deb bildik). Uning zamonaviy maktab ochish, yangi adabiy jurnal chiqarish kabi loyihalari bo‘lgan, ammo sog‘lig‘i yomonlashgani sababli ularni amalga oshira olmadi. U umrining so‘nggi yillarida bolalar uchun she’rlar yozish bilan band edi. Sodda tilda va barmoq vaznida yozgan bu she’rlarini 1914-yilda nashr etilgan “Shermin” kitobida jamlagan. Turk millatining oydini shoir Tevfik Fikret 1915-yil 19-avgustda 47 yoshida vafot etdi. Shoirning “Rübâb-ı Şikeste”, “Târih-i Kadîm”, “Halûk’un Defteri Tevfik Fikret’in ikinci şiir kitabı”, “Rübâbın Cevâbı”, “Şermin”, “Sis” ,“Millet Şarkısı” ,“Verin Zavallılara” ,“Ferda” ,“Yeşil Yurt”, “İnanmak İhtiyacı” kabi she’rlari ramziy ifodalarga boyligi bilan alohida diqqatga sazovordir.
Tevfik Fikret haqida qisqagina toʻxtalib oʻtsak boʻlardi, ammo shoir shaxsiyatiga doir yetarli ma’lumotlarni bilmay turib, uning she’rini muqoyasaga tortish bir qadar yanglish boʻlar deb mulohaza qildik. Endi maqola avvalidagi asosiy fikrga qaytaylik. “Ferda” va “Oʻgut” : tasodifiy oʻxshashlikmi yoki adabiy ta’sirmi? Hukmingizga ikkala she’rning ham matnini havola qilamiz:
Ferda[2]
Tevfik Fikret
Bugünün gençlerine
Ferdâ senin; senin bu teceddüd, bu inkılâp…
Her şey senin değil mi zâten?… Sen, ey şebâb,
Ey çehre-i behîc-i ümîd, işte ma’kesin
Karşında: Bir semâ-yı seher, sâf ü bî-sehâb,
Aguş-ı lerze-dârı açık, bekliyor… Şitâb!
Ey fecr-i hande-zâd-ı hayât, işte herkesin
Enzârı sende; sen ki hayâtın ümîdisin,
Alnında bir sitâre-i nev, yok, âfitâb,
Afâka doğ, önünde şu mâzî-i pür-mihen
Sönsün müebbeden.
Sönsün müebbeden o cehennem; senin bugün
Cennet kadar güzel vatanın var: şu gördüğün
Zümrüt bakışlı, inci şetâretli kızcağız
Kimdir, bilir misin? Vatanın.. Şimdi saygısız
Bir göz bu nazlı çehreye- Allah esirgesin! —
Kem bir nazarla baksa tahammül eder misin?
İster misin, şu ak sakalın pâk ü muhteşem
Pîşâni-i vekârına, bir kirli el demem.
Hattâ yabancı bir el uzansın? Şu makberi,
Râzı olur musun, taşa tutsun şu serseri?
Elbet hayır; o makber, o pîşâni-i vakûr
Kudsî birer misâl-i vatandır… Vatan gayûr
İnsanların omuzları üstünde yükselir.
Gençler, bütün ümîd-i vatan şimdi sizdedir.
Her şey sizin, vatan da sizin, her şeref sizin;
Lâkin unutmayın ki zaman tünd ü mutmain
Bir hatve-i samut ile tâkîb eder bizi.
Önden koşan, fakat yine dikkatle her izi
Ta’mîke yol bulan bu yanılmaz murâkıbın
Şermende-i itâbı kalırsak, yazık!.. Demin
«Ferdâ senin», dedim, beni alkışladın; hayır,
Bir şey senin değil, sana ferdâ vedîadır;
Her şey vedîadır sana, ey genç, unutma ki
Senden de bir hesab arar âtî-i müştekî
Mâzîye şimdi sen bakıyorsun pür-intibâh,
Âtî de senden eyleyecek böyle iştibâh.
Her uzvu gird-bâd-ı havâyicle sarsılan
Bir neslin oğlusun; bunu yâd et her zaman
Asrın, unutma, bârikâlar asr-ı feyzidir:
Her yıldırımda bir gece bir gölge devrilir,
Bir ufk-ı i’tilâ açılır, yükselir hayât;
Yükselmeyen düşer: Ya terakkî, ya inhitât!
Yükselmeli, dokunmalı alnın semâlara;
Doymaz beşer dedikleri kuş, i’tilâlara…
Uğraş, didin, düşün, ara, bul, koş, atıl, bağır;
Durmak zamânı geçti, çalışmak zamânıdır!
Oʻgut
Abdurauf Fitrat
Ogʻir yigit, sening goʻzal, nurli koʻzingda
Bu millatning saodatin, baxtin oʻqudim.
Oʻylashingda, turishingda hamda oʻzungda
Bu yurt uchun qutilishning borligʻin ko’rdim.
Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qoʻrqma – yopish, yoʻrilma – qoʻzgʻal!
Yel yoʻlini toʻsib turgan eski bulutlarni
Yondirib qoʻy, yirtib tashla, hammasin yoʻq et.
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xoʻrlikdir bu…
Yiqil, yoʻqol ket!
Endi ushbu she’rlarni qiyosiy aspektda tahlilga tortamiz:
1)shakliy jihat: “Ferda” 14 boʻgʻinlik barmoq vaznida yozilgan, “Oʻgut” esa 13 boʻgʻinlik barmoq vaznida; bir xil emas, ammo juda yaqin; hajm borasida esa yaxshigina farq bor: “Ferda” she’ri 46 misradan, “Oʻgut” she’ri esa 11 misradan iborat;
2)gʻoyaviy jihat: har ikkala she’rda ham millatning umidi, ertangi kuni sifatida yoshlarning vatan ravnaqi, tinchligi, erki yoʻlida fidokorona harakat qilishi, barkamol boʻlishi shartligi ilgari surilgan;
3)usul: har ikkala she’r murojaat usulida yozilganiga diqqat qaratish lozim; Fikret she’riga “Bugunning yoshlariga” deya bagʻishlov bergan boʻlsa, Fitrat hech qanday bagʻishlovsiz toʻgʻridan toʻgʻri “Ogʻir yigit…” deb murojaat bilan boshlaydi; she’rlardagi yoshlarga murojaat, shunchaki murojaat ham emas, hayqiriq, da’vat ohangi bilan yoʻgʻrilgan;
4)poetik sintaksis: she’rlarda hukm, farmon sifatida yangraydigan misralarda fe’llar ishtiroki asosiy oʻringa chiqadi, chunki turkiy tillarga mansub dinamik urgʻu odatiy grammatik tartibga koʻra gap oxirida keladigan fe’l kesimlarni gap boshiga koʻchirgan paytda yanayam ta’sirli boʻladi:
Uğraş, didin, düşün, ara, bul, koş, atıl, bağır;
(Intil, harakat qil, oʻyla,qidir,yugur,otil,baqir;)
Durmak zamânı geçti, çalışmak zamânıdır!
(Turgʻunlik zamoni oʻtdi, faoliyat zamonidir!)
Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qoʻrqma – yopish, yoʻrilma – qoʻzgʻal!
Fikret bir xil shaxs-sondagi (II shaxs birlik), bir xil mayldagi (buyruq-istak mayli) fe’llarni sanash ohangi bilan misraga tizgan va shu yoʻl bilan ta’sirchanlikka erishgan. Fitrat esa sal boshqacharoq usuldan foydalanadi: fe’llardagi bir xillikdan biroz chekingan holda ularni boʻlishsiz-boʻlishli shaklda ziddiyatda berishga qaror qiladi. Bu oʻz navbatida she’rga kurashuvchanlik ruhini berganini ham ta’kidlash oʻrinli. Va shu oʻrinda she’r sarlavhasidagi “Oʻgut” soʻzi aslan da’vat, chaqiriq ma’nosida qoʻllangani ham ma’lum boʻladi.
Yuqoridagilardan xulosaga qilgan holda aytish mumkinki, Fitratning “Oʻgut” she’rida turk shoiri Tevfik Fikretning “Ferda” she’ri ta’siri yaqqol seziladi. Umuman olganda, adabiy ta’sir hodisasi har qanday shaxsning ijodkor sifatida shakllanish bosqichida eng muhim jarayondir. Filologiya fanlari doktori, dotsent Z.Sh.Abdirashidovning “Abdurauf Fitrat va Buxoroda jadidchilik” maqolasida shunday fikrlarni oʻqish mumkin: “Yosh Fitrat Istanbuldagi hayotining ilk davrida islomchilik g‘oyalari faol muhokama va targ‘ib qilinadigan muhitga tushdi. Istanbulda boʻlgan davri mobaynida Fitrat soʻfiylik ta’limoti bilan sug‘orilgan islomchilik g‘oyalari ustunlik qilgan doiralarga yaqin edi. Adib Holidning ta’kidlashicha, Fitrat soʻfiy turk yozuvchisi, mutafakkir va “Hikmat” nashriyot uyining ta’sischisi Shahbandarzoda Ahmet Hilmiyga yaqin boʻlgan [Khalid 2000, 383]”. Bundan xulosa qilish mumkinki, mutasavvuf shoir Hilmiy bilan yaqinlik Fitratga bu davr turk adabiyotini yanayam yaqinroq bilish va nashriyot uyida chop qilinadigan kitoblarni ham oʻqish imkonini bergan. Tevfik Fikretning ham mukammal dindor (“son derece dindar”, [10]) boʻlganini hisobga oladigan boʻlsak, yosh va iste’dodli Fitratning qalami charxlanishini istagan Hilmiy unga aynan Tevfik Fikret she’rlarini oʻqishni maslahat bergan boʻlishi mumkin. Afsuski, bu borada mutlaq aniqlikka ega ma’lumotimiz hali yoʻq. Ammo shu narsa aniqki, Fitrat Turkiyada yashagan davrda chinakam jadid sifatida qayta shakllandi va bunda, albatta, turk jadid adabiyotining ta’siri inkor qilinmas darajada mavjud.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1.Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 1-jild.T.: “Ma’naviyat”,2000. 41
- Abdirashidov Z.SH. Abdurauf Fitrat va Buxoroda jadidchilik. Oʻzbekiston: til va madaniyat. 2021, 3: 30-53.
- Болтабоев, Ҳамидулла. 2007. Фитрат ва жадидчилик. Тошкент: Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нашриёти.
- Khalid, Adeeb. 2000. Society and Politics in Bukhara, 1868–1920. Central Asian Survey 19: 367-396.
- Kocaoğlu, Timur. 2003. Abdurrauf Fitrat: A Central Asian Intellectual with the Changing Stages of National Identity. In Mehmet Saray Armağanı: Türk Dünyasına Bakışlar 401-406. İstanbul: Da Yayınları.
- Erşahin, Seyfettin. 1999. Buhara’da Cedidcilik-Eğitim Islahatı Tartışmaları ve Abdurrauf Fıtrat (XX. Yüzyıl Başları).Dini Araştırmalar 3: 213-255.
- https://tafakkur.net/ogut/abdurauf-fitrat.uz
- https://www.haberturk.com/ne-demek/ferda-ne-anlama-gelir
9.https://www.researchgate.net/publication/357875892_Abdirashidov_Fitrat_va_Buxoroda_jadidchilik
[1] Servet-i Funun — 1891-1944 yillarda Usmonlilar imperiyasi va Turkiyada nashr etilgan sanʼat va adabiyot jurnali. Edebiyat-ı Cedide jamiyatining nashr organi bo’lgan jurnal turk matbuoti tarixidagi eng uzoq davom etgan va eng ta’sirli jurnallar qatoriga kiradi.
[2] Ferda – eski forsiy tilidan tarjima qilinganda “ertangi kun”, “kelajak” degan ma’nolarni anglatadi. [8 ]