Muallif: Ruxsora Nur
XX asrning 20-yillarida Sovet Ittifoqi tashkil topgach oʻz asoratidagi barcha mamlakatlarda, hatto, qoʻl ostiga olishni reja qilgan va maqsadiga erisha olmayotgan hududlarida ham oʻzining keng qamrovli sotsialistik gʻoyalarini targʻib qilgan. Bu gʻoyalar oʻzida shunchaki ideallashtirish kuchini mujassam qilibgina qolmay, qat’iy amal qilinishi shart boʻlgan temir qonunlar singgari har bir mamlakatni poʻlat qafaslari bilan qurshab olardi. Yigirmanchi asrning eng kuchli ikkita gʻoyaviy mintaqasidan biri Germaniya (fashizm) boʻlsa, ikkinchisi, shubhasiz, davlatlar boshiga Sovet Ittifoqi “toj”ini ilgan Rossiya edi. Rivojlanish, zamonaviy taraqqiyot, asrlar yuksalishi, jamiyat farovonligi-yu, gullab yashnashi shart boʻlgan bu “Dunyoning yarmi”da kimning “yashab qilishi” yoki “Sahnani tark etishi” temir “plan”lar tarkibida qoʻrgʻoshinday mustahkamlab qoʻyilardi. Barcha qoidalar “Katta ogʻa”larning istaklari bilan ishlab chiqiladi. Qancha xalqlar taqdiri hal qilinmadi, deysiz! Boshqaruvning oson kechishi uchun egallangan har bir xalqning madaniyati, dini, adabiyoti, bir soʻz bilan aytganda, oʻzligi unuttirilishi lozim edi. Sotsializm gʻoyalari umrboqiy boʻlishi uchun ayni shunday shovinistik yoʻl muvofiq koʻrilgan. Masalan, Turkiston siyosatida, avvalo, uning an’analari, turmush tarzi mukammal oʻrganib chiqilgan. (“Nabijon Boqiyning “Madfun Turkiston” asaridan kengroq ma’lumot olish mumkin.) Bu, albatta, yerlik aholiga qayishish uchun emas, ularni qaysi tomondan qoʻlga oʻrgatish yoxud qoʻrqitish asrorlarini belgilab berardi. Rossiya imperiyasi ta’siridagi dunyoning boshqa qismlaridagi xalqlar ham birin-ketin boridan judo qilinishi oqibatida , ba’zilari butunlay ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan yoʻqlikka yuz tutadi. Yer yuzidan butun boshli millat, elatning ildizi sugʻurib olinishi insoniyat uchun katta fojea. Temur Poʻlatov va Sherzod Komil Xalil hammuallifligida yozilgan “Odam Atoning soʻnggi avlodi” qissasida ayni shu ogʻriqlar bilan yuzlashasiz. Asar XX asrning global muammolarini oʻz ichiga olgan. Rus Imperiyasi siyosatining ochilgan yuzini badiiy inkishof qiladi. Yoʻqolib borayotgan ijorlar va vodlar kabi ikki xalq timsolida imperiya qalami bilan oʻchirib tashlangan tarixga guvoh boʻlamiz. Qissaning gʻoyaviy mohiyati haqida soʻz boshlar ekanmiz, ustoz Ne’mat Arslon yozgan soʻzboshidan biroz keltirib oʻtamiz:
“Baliqchilar qishlog‘idagi sohil. Oq charloqlar qichqirig‘i, mayda baliqchalarni nishonga olib muzdek suv ustida g‘alati shakllar qoldirib suzayotgan baklanlar. Ulug‘vor dengiz ham keng bag‘rini ochgan. Ana shu holatda, ayni ov paytida dengiz yirtqichlarini prichalga taqalib kelgan motorli qayiq cho‘chitib yuboradi. Bu ekspozisiyada o‘ziga xos ramz bor. Zero, qayiqda ikki soat yo‘l bosib, Leningraddan kelgan mehmonning “tashrifi” ham ijor xalqini tashvishga qo‘yadi, cho‘chitadi, qisqa qilib aytganda bu tashrif xalq boshiga balo bo‘ladi”.
Shu tashrif ortidan necha xalqlar boshiga yogʻdirilgan “balo”lar qissada shu davr boshqaruviga oid siyosiy nayranglarning ifodasini aks etadi:
1.Yozuv tizmining butun mustamlakalar (garchand tashqaridan mustaqil respublikalar sifatida e’lon qilingan boʻlsa-da) ta’limida krill alifbosiga moslashtirilishi. Qissada Nikolinodagi yigirma bir kishidan iborat boshlangʻich maktab yopiladi va oʻquvchilar dengizni kechib oʻtib uzoqdagi maktabga qatnaydi. U yerda krill alifbosini qiynalib oʻrganishayotgani Erromning oʻgʻli Anteroning adabiyot oʻqituvchisi Mikola bilan suhbatida oydinlashadi. Yozuv alifbosining oʻzgartirilishi xalqni qadimgi yozma manbalaridan judo qilish bilan birga yarim asrlik savodsizlikni ham yuzaga keltiradi. Bu hodisa Sovet Ittifoqi tarkibidagi 1940-yilda krill alifbosi joriy qilingan mamlakatlarda yaqqol oʻz ifodasini koʻrsatib berganiga tarix guvoh. Ushbu yildan oʻn yil oldin esa aynan 1930-yilda arab yozuvidan lotin alifbosiga oʻtish togʻrisida qonun chiqarilgan. Oʻn yil bir alifboni istefoda qilgan xalqning boshi bu bilan ham qutulib qolmagan. Shu bir asrning ichida uch xil alifbo almashgan. Bu savodsizlashtirish fitnasining oʻzginasi edi. Asarda ayni mavzuning oʻrin olishi muhim hodisa.
2.Sotsialistik tuzimga oʻtkazilgan hududlarda xalq muammolarini hal qilish yuqoridan saylangan deputatlar qoʻliga olib berilishi. Bunda xalqning udumlari, sharoiti, hech qanday vajlar hisobga olinmagan holda buyruqlar berilishi va maktab tamiri uchun hech qanday natija koʻrsata olmagan, keyinchalik bor huquqlaridan ham mahrum qilingan rais Mekron holatida bu erksizlikni his qilish mumkin.
- Fuqarolar ism-familiyalari, avlodlari, nasl-nasabining rasmiy qogʻozlardagi yozuvlarida buyruqqa koʻra oʻzgartirilishi. Familiyalarga xuddi rus fuqarolariniki kabi [-ov, -yev, -yevna] kabi qoʻshimchalar tirkalgan. Bu nasllar davomchilarining oʻz nasliyatidan begona bir insonga aylanishi bilan teng hodisa. Qissada rais Mekron ayni shu xabarni eshitgach, oʻzini Mekronlar avlodining soʻnggi vakili sifatida his qiladi. Lelingraddan joʻnatilgan nazoratchi Kochubey Ivan Matveyevich tomonidan bu izoh til uchida aytib oʻtiladi va hatto Sodiq oʻgʻli, Xudoyberdi kabi ismlarning “gʻalati”ligi, bu esa xalqning savodsizligi bilan bogʻliq ekanligi masxaromuz izohlanadi. Madaniy an’analar ustidan kulinadi. Xalq yaralganidan buyon asrab kelinayotgan “Doira” oʻyini uning oʻzligini aks ettirib turardi.
Asarda yashab qolish uchun intilayotgan ijor xalqidan iborat qishloq Nikolino qahramonlari oʻz qoʻllaridan kelgan barcha choralarni ishga solishadi. Hatto ijor xalqi yoʻqolib ketmasligi va nasl tozarishi uchun qoʻshni Vod xalqidan qiz olishadi. Errom va Aynaning birinchi farzandini intiqib kutgan Vodlarning bola tugʻilgach hafsalasi pir boʻladi. Chunki chaqaloq onasi kabi oq sochli emas, qora va dagʻal sochli boʻlib, uning genida ijorlar ustunlik qilardi. Yana bir chora sifatida ijorlarning oliy ta’lim koʻrgan yagona adabiyot oʻqituvchisi Mikola oʻzi yigʻgan tarixiy buyumlar va yozib olgan qadimiy dostonlari vositasida Nikolinoda muzey tashkil etishni maqsad qiladi. Ammo “Byurokratik idoralarda bir eshikdan ikkinchisiga yugurishga to‘g‘ri kelar, bu yugurishlarda — kunlar, oylar, yillar o‘tib ketishi hech gap emas edi, muzey haqidagi asosiy gaplar bir chetda qolib, ular yaqin vaqtlar ichida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan yangi hayot haqidagi muvaffaqqiyatlar haqida hayojon bilan gap sotishar, hali bir narsa demasingizdan siz bilan bahslashib ketishar, qandaydir ekzotik qishloq muzeyi haqidagi gaplar, bu odamlar qulog‘iga kirmas, bil’aks, bunday harakatlar, ularning nazdida taraqqiyotning to‘xtatishga bo‘lgan harakat, eskilik sarqitlari bo‘lib gavdalanardiki, Mikola ular bilan vaqtini shunchaki zoye ketkazayotganini tushunib bundan ezildi, ittifoqo, uning ortga qaytishidan boshqa yo‘li yo‘q edi…”
“Yangi hayot haqidagi muvaffaqiyatlar” borasida ham alohida toʻxtalib oʻtishimiz lozim. Qissada aynan shu mavzuga alohida urgʻu berilishi bejiz emas. Bir tomondan texnologiya, sanoat, kapitalizm rivojlanishi tufayli ma’lum oʻzgarishlar xalqlar taqdiriga salbiy ta’sir koʻrsatgan boʻlsa, buning ikkinchi tomonida imperiyaning manfaatlariga moslashtirilgan siyosat oqibatlari ham mavjud edi. Sovet Ittifoqi tarkibidagi har qanday oʻlkaning yer osti va yer usti boyliklarini Rossiya imperiyasi ekspuluatatsiya (Bu xuddiki shu xalqning iqtisodi uchun foydali qilib amalga oshirilgan ishlar niqobida olib borilgan.) qilgan. Birgina Turkistonda yuritilgan paxta siyosati dahshati barchamizga ma’lum. Orol dengizining suvi qurishi oqibatlarining eng katta sababi ham paxtachilik, yanada aniqrogʻi, Rossiya zavodlarini paxta xomashyosi bilan taminlash, toʻydirishga intilish tufayli sodir boʻlgan. Xuddi shunday ushbu qissada ham Ijora zavodining chiqindilari xalqqa katta zarar yetkazadi. Asosiy ozuqasi baliq boʻlgan ijorlar ovi endi avvalgiday boʻlmaydi. Dengiz suvining ifloslanishi natijasida baliqlar ham bu yerlarni tark etardi. Xalq qashshoqlashib qolganini ish oʻrinlarining qisqartirilishi bilan ham izohlasak boʻladi. Zavodning dengizni mazut bilan ifloslashi rivojlanayotgan sanoatning yon-atrofda yashaydiganlarga salbiy oqibatlari undan foyda olayotganlarni qiziqtirmaydi hatto. Lelingrat nazoratchisi Matveyev dengizning zararlanishi, maktabdagi ta’limning ayanchli holati, yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish kabi xalq uchun qilinadigan minglab choralar uchun yuborilmagan, aksincha, yana qanday ishlar amalga oshirilsa, shu xalqdan qutulish, ayni shu hududga bemalol temiryoʻl oʻtkazish tadbirlarini koʻzlash uchun kelgan va u ketgach uch kundan soʻng maktabni yopish buyrugʻi bilan ilk noxush xabar ham paydo boʻladi.
Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanida Kazangapni koʻmishga olib ketishayotganda qabristonga oʻtishga xalaqit beruvchi juda katta maydonda kosmik stansiya hududi qurilgan voqea mavjud. Afsuski, bir insonni ota-bobolari yotgan qabristonga qoʻyish, soʻnggi vasiyatini bajo keltirish shunchalar mushkul boʻladi. Stansiya hududidan oʻtishga ruxsat berilmaydi va natijada marhumni qabristonga emas, kimsasiz choʻlga koʻmishga majbur boʻlishadi. Mana bu rivojlanishning butun insoniyat hayotiga ta’siri edi. Chunki bu yerda qurilgan kosmik stansiya qabristonga oʻtish yoʻlini hisobga olib qurilmagan. Qulday qaralgan , mayda deb hisoblangan qozoq, turkman, oʻzbek, qaraqalpoq kabi yuzlab xalqlarning bunday ehtiyojlari hech kimni qiziqtirmagan, baayni, Mikola qurmoqchi boʻlgan muzey kabi. Asarda Mikola taqdiri ayachli yakun topadi. Aslida u yashab qolganida tasvirlar bundan-da fojeali boʻlishi mumkin edi. Ijorlarning Mikoladay er farzandini bunday mushkul ahvolda oʻquvchi onggiga muhrlagandan koʻra, yozuvchilar, uning qahramon sifatida ulugʻvor qolishini istashadi. Mikolaning qahramonligi ijorlarning eng soʻnggi vakili Anteroni qutqarib qolganligida namoyon boʻladi. Qoyatoshga muhrlanib qolgan surat esa Mikola siymosi kabi umrboqiydir.
Yuqorida bahs yuritganimiz umuminsoniy gʻoyalarni (yoʻqolib borayotgan xalqlar taqdiri) oʻzida mujassam etgan “Odam Atoning soʻnggi avlodi” qissasining tematik xususiyatlari edi. Asar XX asr Rossiya tasarrufida boʻlgan xalqlarning tili, dini(Kochubey tomonidan maktab derazasidan koʻringan eski pravaslov cherkovi haqida surishtiruv oʻtakaziladi. Shuning uchun ham ayni cherkov vositasida Mekronga tazyiq oʻtkazishga bir yoʻl ochilayozgandi. Ammo cherkov xarobaga aylangan, xalq oʻzining eski urf-odatlari va qadimiy diniga amal qilardi. Diniy masalalarda ham xalqlarga jiddiy taqiqlar qoʻyilgan. Chunki din ham xalqni birlashtiruvchi katta va kuchli omillardan biridir. Marks ta’limotiga koʻra “Din –afyundir” shioriga amal qilinib ateistik gʻoyalar ilgari surilgan. Muqoyasa qiladigan boʻlsak, Turkistonda ham ayollarni paranji tashlashga targʻib qilish mavjud dinni rad etishning nayranglaridan biri edi. Bu, albatta, tarixiy vaziyatning bir uchi. Ayollarni “rivojlanish, zamonaviylashish” niqobi ostida yoʻldan ozdirishadi va xalqni oʻz muammolari bilan oʻralashib qolishlari taminlanadi. Bunday holatlar ataylab uyushtirilgan. Bu vaziyatda xalq oʻz kuchini oʻziga sarflaydi va bosh koʻtara olmaydi. Bu tarixiy voqeadan boshqa ham shu davrda barcha masjidlarning vayronaga aylantirilishi, namoz oʻqishni taqiqlash, diniy kitoblari boʻlgan har qanday odamni qamash va qatl qilish kabi haqiqatlar ham yashab oʻtilganini soʻzlash uchun tariximiz tirik.(Ayollar erki masalasi jihatidan vaqt oʻtgach bu voqealar ibtidosi ijobiylik kasb etgan boʻlsa-da, tarixiy sharoit zamiridagi boshqa sabablarni koʻzdan qochirmasligimiz kerak.)) madaniyati, an’analari bilan bogʻliq muammolarini oʻz ichiga olish bilan birga, xususida soʻz olib borilgan ijorlar (2021-yilgi aholini roʻyxatga olish jarayonida 210 kishi qolganligi qayd etilgan. Izoh qissa mualliflaridan), vodlar (Boltiq bo‘yida yashaydigan fin etnik xalqi. 2020 yilda Rossiyada aholi ro‘yxatga olinganda, vodlar 99 kishi qolganligi qayd etilgan. Leningrad viloyatida 40 kishi, Sankt-Peterburgda 25 kishi, qolganlar boshqa hududda yashashi qayd etilgan. Bugungi kunda bir necha kishi gaplashadigan vod muloqot tilining g‘arbiy vod lahjasi saqlanib qolgan. 2008 yilda vodlar Rossiyaning mahalliy ozchilik toifasiga kiruvchi xalqlar ro‘yxatiga kiritilgan. Izoh qissa mualliflaridan)ning qadimiy adabiy manbalari, miflari, e’tiqodidan ham xabardor qiladi. Qissa koʻp funksiyali boʻlib, professional tarzda katta salohiyat bilan yozilgan. Asar realistik uslubda yozilgan boʻlsa-da, ijorlarning mifik tafakkurini namoyish etishda yozuvchilar magik realizmdan ham foydalanishadi. Mana oʻsha tasvirlar:
“Professor Anteroning tushuntirishlarini yozayotib, Mikolaning kulbasida ishlayotgan vaqtida, to‘lqinlar qoyadagi naqshlarni o‘zgartirib, unga odam ko‘rinishini avvalgidan ham yorqinroq aks ettirganidan yanada qattiq hayratga tushdi. Endi unga bu dengiz tubidan ko‘tarilgan qiyofa Mikolaning yuzi ekanligiga hech qanday shubha yo‘q edi”.
Mikolani olib ketgan dengiz toʻlqinlarining sohilda qoldirgan tasviri Mikola yuzining xuddi oʻzi edi. Albatta , bu tarixiy haqiqat emas. Mualliflar tomonidan yaratilgan toʻqima. Ushbu tasvirlar Mikolaning oʻz xalqi uchun qanchalar fidoiy bir timsol ekanligini oʻquvchiga yanada teranroq anglashga imkon beradi. Yozuvchilar bir oʻrinda Mikolaning halok boʻlish hodisasini “qurbon” nomi bilan tilga olishadi:
“Ular birgalikda Filaton qayig‘ida Mikola yo‘qolgan hududlarni uch marta kesib o‘tishdi, ammo muqaddas qurbondan biron-bir belgi va xabar topilmadi, xiyonatkor dengiz ham endilikda, kutilmaganda sokin va osoyishta bo‘lib qolgandi…”
Mikola ijorlarning yashab qolishi uchun Vedenga qilingan qurbonlik kabi edi. Qissada dengiz obraziga alohida urgʻu beriladi. Bir jihatdan bu xronotop vazifasida boʻlsa, ikkinchi muhim omil ramziy asosga ega. Ya’ni dengiz insonlar qilolmagan yoki ular ichidagi qanchalar qaynab-toshgan isyon timsolidir.
Qissada Veden, Lempo, Ilmarinen, Vyaynmyoynen kabi diniy-mifik obrazlar va “Kalevala” eposi haqida bilib olish mumkin. Mifik tasavvurning, miflarning xalqlar hayotida tutgan oʻrni qissaning kulturologik funksiyasini oshirgan. Badiiy asar vositasida yoʻqolib borayotgan xalq bilan birga ularning adabiy miflari ham asrab qolingan. Muzey uchun yigʻilgan narsalarni oʻrganish uchun kelgan professor dengiz urilaverib qoyaga chizilgan tasvirga qarab “Bu Odamning oʻgʻli Hobil” –, deydi. Yonidagi aspirant esa “Balki Qobildir” –, deydi. Qoyada Mikola rasmi turganligi va uning ezgulik yoʻlida halok boʻlganligi sababli ham professor suratni aynan Hobil, deya nomlaydi. Qobildir, deya berilgan savolgan esa zavodning tutun burqsitayotgan moʻrilarga qarab ishora qiladi. Ya’ni bu xalq boshiga solingan kulfat shu zavod va undan keladigan moddiy manfaat tufayli yuzaga kelgan edi. Nikolino qishlogʻi hududidan temiryoʻllar oʻtishi va zavodlar sonining orttirilishi asar uchun tugun vazifasini bajaradi. Kochubey va bu zovodning kelajagi bir-biriga bogʻliq. Hobilning qotili sifatida talqin qilinuvchi Qobil timsolida XX asr Rossiya Imperiyasi boshqaruvi gavdalantirilgan. Odamning yaratilishi, uning farzandlari: Qobilning Hobilni oʻldirib qoʻyishi bilan bogʻliq miflar “Qissasi Rabgʻuziy” kabi diniy-ma’rifiy, avliyolar, Paygʻamparlar qissalari bilan bogʻliq asarlarda oʻz ifodasini topgan. Insoniyatning ildizi bir Odamga borib taqalar ekan uning soʻnggi avlodi sifatida bitta xalq taqdiri oʻchirib tashlanishi, qahramonlarining halok boʻlishi, omon qolish uchun harakatlar butun dostonlar syujetini ham esga soladi. Asarning muvaffaqiyatli chiqishida ana shu ulkan gʻoyaning ahamiyati beqiyos. Adabiy janrlarga baho berar ekanmiz, odatda, butun boshli xalq qismati qalamga olingan asarlar epos deb yuritiladi. Bunda mavjud xalq hayotida avlodlar taqdirini oʻzgartirib yuboradigan keskin burilish yuz berishi kerak yoinki yangi avlodlar yangi turmush tarziga asos soladi. “Odam Atoning soʻnggi” avlodi qissasida eposga tenglashuvchi gʻoyaviy kenglik mujassam.
Ma’naviy yodgorliklarni avlodlarga yetkazishning eng yaxshi usullaridan biri yozib qoldirishdir. Ayniqsa, bu jarayon adabiyot vositasida Amalga oshirilsa, ijodkorlar tarixiy missiyani bajarishgan hisoblanadi. Barcha xalqlar adabiyotida xuddi shu usuldan foydalanish oʻta muhim hodisadir. Biz doim antiK davr yunon mifologiyasiga asoslangan “Zanjirband Prometey”, “Shoh Edip”, “Illiada”, “Odissey” va boshqa minglab asarlarni oʻqiganmiz, ammo oʻzbek adabiyoti na’munalariga kelganda oʻzimizni bunday murakkab uslub va falsafiy tafakkur oldida biroz ojiz ekanligimizni sezamiz. Toʻgʻri, bizning jild-jild dostonlarimizda mifik tafakkurning ham, tarixiy-badiiy, madaniy-an’anaviy voqeliklarning ham yetarlicha asosi yaratilgan. Ammo hozirgi davr zamonaviy yozma adabiyotimizda sof miflarga asoslangan asarlar deyarli uchramaydi. Sherzod Komil Xalilning ba’zi hikoyalarida mifik obrazlarga murojaat bor. Demoqchimizki, bunday asarlarimiz safi kengaysa, biz ham tobora unutilib borayotgan mif, afsona, rivoyatlarimizni, bir soʻz bilan aytganda, xalq ogʻzaki ijodiy na’munalarimizni asrab qolgan boʻlar edik.