ZANJIRBAND QALB YOXUD QAYERLARDA QOLDING, EY OʻZIM?

 

Maqola mualliflari:  Urganch davlat universiteti o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi-  f.f.d. (PhD) Ataxonova Venera,  Urganch davlat universiteti talabasi — Mashhura Ibragimova

Maqola «Rauf Parfi she’riyati bilimdoni-2025″ tanlovida Respublika final bosqichiga oʻtkazilgan.

Adabiyot — sehr. Adabiyot — mo’jiza! Adabiyot — hayrat lahzasi!

Agar u mo’jiza bo’lmaganida, inson yaralganidan to hozirga qadar yetib kela olarmidi? Ne-ne mustahkam binolar, ne-ne buyuk tarixiy obidalar boqiylik sinovlaridan o’ta olmagan-u, ko’zga ko’rinmas, qo’l bilan ushlab bo’lmas so’z orqali yaralgan adabiyot asrlar silsilasiga dosh berib bizgacha yetib kelsa?! Zamon-u makon tanlamay insonlar xotirasida abadiy yashasa…

Insonning qalbini katta bir koshonaga qiyos etsak, adabiyot uning yagona darvozasidir. Anglaganimizdek, ushbu koshonaga adabiyot, ya’ni sohir so’z orqaligina kirish mumkin. Shuning uchun she’r yaratish, umuman olganda, ish quroli so’z bo’lgan san’at asarini yaratish yuki og’ir vazifa hisoblanadi. U hammaning ham qo’lidan kelavermaydi. U — titroq lahza, u — betakror lahza. . Shu boisdan bo’lsa kerak, menda ijod ahli uchun g’ayritabiiy mehr va qiziqish bor.

O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov: » Yaxshi she’r yaxshi shoir kabi noyob hodisa. Chinakam shoir har yili chiqavermagandek, chinakam yaxshi she’r hatto eng ulkan shoirlarga ham har kuni nasib bo‘lavermaydi. Shunday she’r paydo bo‘lgan kun esa faqat shoir uchun emas, butun she’riyat uchun bayram bo‘ladi» ,- degan edilar. Shunday bo’lsa-da, Vatanimizning suyukli shoiri, o’zining ayricha ovoziga ega iste’dodli ijodkor Rauf Parfi she’rini yaratgan har bir kunni o’zbek she’riyati uchun bayram bo‘lganligini iqror etmay ilojimiz yo‘q.

…Men gohida o‘ylab hayron qolaman: asl baxt nimada o‘zi? Nima qilsam, xursand bo‘laman? Baxt- bu hayotda borligimiz, sog‘ligimiz, nafas olayotganligimiz, oilamiz, maktabimiz, ustozlarimiz… Noshukurlik bo’lmasin-u, negadir bular meni sevintira olmaydi. Ma’yus o’yga tolaman. O‘ylab o‘yimga yetolmayman… Aytishlaricha, bunday paytda insonlar oʻzini qidirib topa olmayotgan boʻlar ekan… Siz o’zingizni yo‘qotib ko‘rganmisiz? Balk, ota-bobolarimizning «Oʻzidan ketdi» iborasi bekordan bekorga oʻylab topilmagandir-a? Insonning «men»i va «oʻz»i alohida-alohida mavjudlik sanalar?

Bir kun uyg’onasiz… Ko‘zguga qaraysiz, lekin o‘sha ko‘zlar ortida kim yashayotganini tanimaysiz. Xuddi siz o‘zingiz emasdek. Qiziqishlar o‘zgargan, yurak avvalgidek urayotgani yo‘q, do‘stlar bilan ham suhbat qurish biroz g‘alati tuyuladi. O’zimizdan o’zimiz begonalashib qolayotgandek…

«- Nima bo‘ldi?

-Hech narsa.»

Hayot sekin-sekin o‘zgartiradi. Ba’zida asta, ba’zida shunday kuch bilanki, biz sezmagan holda o‘zimizdan uzoqlashib ketamiz. Go‘yoki bizdan yangi odam paydo bo‘lib qolgandek. Lekin… o‘sha yangi odamni biz qabul qila olamizmi? Qiziqishlari, istaklari, xarakteri avvalgiday emas. Bu — yo‘qolishmi yoki o‘zingizni qaytadan topish yo‘lidagi adashishmi? Farqlay olmay qolaman ba’zida. Atoqli hurfikr shoir — Rauf Parfining «Bir lahza dostoni» she’ri bu boradagi fikrlarimni teranlashtirdi.

 

Men o‘zimni yo‘qotdim tamom,

Men o‘zimni yo‘qotdim shu zum.

Qayonlarda, ayting, bu zamon,

Qayonlarda qolibdir o‘zim?

Bu satrlarda shoir she’rini kuchli ruhiy iztirob, dard bilan boshlaydi. “Yo‘qotdim” so‘zi jismiy yoʻqolishni emas, balki ruhiy jihatdan gʻoyib boʻlishni, ya’ni ichki dunyo, qalb va o‘zlikning yoʻqolishini anglatib kelmoqda. Bunday pallada inson o‘zini qorong‘i o‘rmonda adashgan yo‘lovchiga yoki shamolda beiz uchib ketgan bargga o‘xshatadi – yo‘nalishi, tayanchi yo‘q. “Shu zum” esa hammasi birdaniga, kutilmaganda ro‘y berganini ko‘rsatadi.

«Qayonlarda, ayting, bu zamon,

Qayonlarda qolibdir- o‘zim? »

Bu misralarda esa zamon bilan inson o‘zligi o‘rtasidagi ziddiyatli kurash tasvirlanadi. Goʻyo vaqt insonning ko‘z o‘ngida hammasini tortib ketayotgandek… “Qayonlarda qolibdir – o‘zim?” – degan so‘roq orqali shoir o‘zini axtarib topa olmayotgani, oʻzini «yarim odam»dek his qilayotgani aks etgan. Umuman olganda, bu to‘rtlikda inson o‘zligining yo‘qolib ketayotgani, zamon oqimlari aro sarson- sargardon boʻlgan shaxsiyat haqida gap bormoqda.. Shoir hammani birdek o‘ylashga majbur qiladi: o‘zligimiz qayerda qolib ketmoqda – zamon changalidami yo orzularimiz sarobida? Balki, kimlargadir oʻxshashga urinib, allaqanday «tole qargʻagan zot»larga taqlid qilib undan judo boʻlayotgandirmiz…

Bir kimsaning qoshida balki

Titrab turar sham kabi g‘arib.

Ko‘chalarda tentirar, yoki

Dodlab yurar meni axtarib.

Bu satrlarda shoir oʻzlikni shamga qiyos etgani bejiz emas. Chunki koʻpgina ijodiy asarlarda sham oʻz umrini boshqalar uchun yashab oʻtayotgani toʻgʻrisidagi fikrlar uchraydi. Bu yerda ham shoir oʻzligimiz oʻzimiz uchun emas, boshqalarga xizmat etayotganligidan kuyinmoqda. «Dodlab yurar meni axtarib» jumlasi esa oʻzligimiz ham xor boʻlib bizni qidirayotgani bizni yana bir bor mushohada yuritishga chorlaydi.

 

Shunday sarson, shunday sargardon,

Yuragida lahzalik qayg‘u.

Qay odamning ko‘ziga nolon,

Najot tilab termularkin u.

 

Bir lahzalik erur bu sitam,

Lahzagina yig‘laydi ko‘zim-

Yaproq kabi oyoq ostida

Xazon bo‘lgan, ey mening o‘zim.

 

Bu satrlardagi sarson-sargardon oʻzlik hayot yo‘lidan adashgan, ichki osoyishtaligini yo‘qotgan qalb obrazidir. “Lahzalik qayg‘u” — inson qayg‘ularining abadiy emasligini, balki shamol kabi bir zum kelib, bir zumda ketishini bildiradi.

“Qay odamning ko‘ziga nolon,

Najot tilab termularkin u.”

Shoir nolon ko‘z timsoli orqali ogʻir iztirobli vaziyatni tilga oladi. Go‘yo bu ko‘zlar — umidni qidirayotgan qush kabi: parvoz qilishga ojiz, ammo najot manzilini topishga intilish kuchli. Termulish esa eng soʻnggi umid.

“Bir lahzalik erur bu sitam,

Lahzagina yig‘laydi ko‘zim”

Shoir o‘zini ovutadi: dard ham, iztirob ham abadiy emas. Bu yerda qayg‘u xuddi ko‘kka chiqqan yomg‘ir tomchisiga o‘xshaydi: ko‘z yosh bo‘lib tushadi, lekin tezda quriydi. Shoirning falsafiy qarashlaridan biri bu hayotdagi og‘irliklarning abadiy emasligidir.

“Yaproq kabi oyoq ostida

Xazon bo‘lgan, ey mening o‘zim.”

Eng kuchli badiiy obraz shu yerda: inson o‘zini kuz faslidagi xazon yaprog‘iga qiyoslaydi. Bu yaproq hayotini yashab bo‘lgan, shamol, ya’ni shiddatli zamon uni yerga tashlagan, oyoq ostida qoldirgan. Bu inson o‘zini, qadrsiz his etishiga sabab boʻlmoqda. Shoir o‘zining ruhiy ojizligini tabiat obrazlari orqali ochib beradi.

Lahzagina yubormas qo‘yib,

Kimdir zanjir bilan bog‘labdi.

Kimdir: «Senga o‘zlik nima?» deb

O‘ldirmoqqa meni chog‘labdi…

Shoir qalbi go‘yo ko‘rinmas zanjirlarga chirmashib, ozodlikdan mahrum qolgandek. Bu zanjir — tashqi dunyoning bosimi, ichki iztirob yoki jamiyatning hukm qiluvchi qo‘llarini eslatadi. “Kimdir” obrazi esa noma’lum, ammo doim mavjud kuchni anglatadi: u har kim bo‘lishi mumkin — hukmron tuzum, odamlarning qarashlari, hatto insonning o‘z vijdoni.

“Lahzagina yubormas qo‘yib” degan jumla, ozodlikka intilgan qalbning bir zum ham erkin nafas ola olmasligini ko‘rsatadi. O‘zlikni yo‘qotish — inson uchun eng og‘ir sinov. “Senga o‘zlik nima?” degan savol esa shunchaki so‘roq emas, balki tahdid. Bu savolni bergan kuch shoirning mavjudligiga, shaxsiyligiga hujum qilmoqda. O‘zlikni bilmagan, uni saqlab qololmagan inson yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun bu savolning ortida “o‘ldirmoq” degan so‘z bejiz emas — o‘zlikdan ajralish, ruhiy o‘limdir.

Rauf Parfi she’riyati — inson qalbining eng nozik qatlamlariga kirib boruvchi sehrli kalitdir. Uning “Bir lahza dostoni”dagi satrlar o‘zlik va vaqt o‘rtasidagi abadiy kurashni, insonning ruhiy sarsonligini teran ifodalaydi. Shoirning “men o‘zimni yo‘qotdim” degan iztirobi aslida har birimizning qalbimizda kechadigan ichki savolga aylanadi: biz kim edik va bugun kim bo‘lib qoldik?

Shoirning obrazlari — sham, yaproq, zanjir, ko‘z yoshlari — barchasi hayotiy haqiqatni falsafiy timsolga aylantiradi. Sham o‘z umrini boshqalar uchun yoqadi, yaproq shamolda to‘zg‘ib, oyoq ostida xazon bo‘ladi, zanjir esa erkinlikni bo‘g‘adi. Ammo shu og‘riqli manzaralar ortida bir haqiqat yashiringan: o‘zlikni yo‘qotish fojia bo‘lsa-da, uni qaytadan izlash insonni yanada kuchli qiladi.

 

Demak, Rauf Parfi she’rida o‘zlik iztirobi nafaqat shoirning, balki butun insoniyatning iztiroblaridir. Har bir satrda qalbning yarasi, ruhning nolasi bor. Shu bois, bu she’rni o‘qigan kishi ham o‘zini savolga tutadi: “Mening o‘zim qayerda? Men o‘zimni yo‘qotmadimmi?”

Rauf Parfi she’ri — bu faqat bir shoirning shaxsiy dardi emas, balki millatning, insonning, hatto zamonning ruhiy tarjimasidir. (Tarjima deyotganimning boisi uni hamma ham tushunavermaydi). Uning satrlari bizga har qanday holatda ham o‘zligimizni asl holicha saqlab qolish bosh vazifamiz ekanligini uqtiradi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting