Imomova Ruxsora Axmedovna, Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti

XX asr o‘zbek adabiyoti jahon adabiyotidan ta’sirlangan holda yangilanish jarayonini boshdan kechirdi. Bu davrda jadidlar yaratgan adabiyot na’numalaridan boshlab yangi shakl va janrlar muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, o‘zbek adabiyotiga butunlay noma’lum bo‘lgan bir tur – dramaturgiyaning kirib kelishi ham tub o‘zgarish edi. Bu davr adabiyoti , asosan, adabiy shakllar takomiliga ko‘ra, lirik tur  yangilanishida salmoqli o‘ringa ega. Cho‘lpon va Fitrat ijodida paydo bo‘lgan mansura, sarbast she’rlar, albatta, bevosita jahon adabiyoti ta’sirida yaratilgan bo‘lib, ular Sharq va G‘arb yangiliklarini o‘zbek adabiyotiga olib kirishga intilganlar. Yangi o‘zbek adabiyotining bunday o‘zgarishlarida dastlab qaysi mamlakat adabiyotining o‘rni katta bo‘lgan? degan savol paydo bo‘ladi.

“20-yillar o’zbek adabiyotining vujudga kelishida Hamza, S. Ayniy, A. Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, M. So’fizoda, Abdulla Avloniy. G’ayratiy kabi yozuvchilar faollik ko’rsatdilar. Shu bilan birga, ular safiga kelib qo’shilgan Oybek. G’. G’ulom, A. Qahhor, H. Olimjon, Mirtemir, Uyg’un, Elbek, Oydin, Botu, K. Yashin, H. Shams, Sobir Abdulla kabi yosh ijodkorlar ham zamon talablariga javob berishga intilib, qalam tebratdilar”.[1, B.15] Xususan, barmoq vazni aynan Cho‘lpon va Fitrat harakati bilan bizning she’ryatimizda yangi ifodalar qolipiga aylangan.

Cho‘lpon “Shohnoma” asarining turkiy tilda mukammal tarjimasi bo‘lishini istaydi. Cho‘lpon yangi pyesalar yozish bilan birga rus adabiyotidan ham yaxshigina na’munalar tarjima qiladi. “…rus va yevropa dramaturglarining pyesalari (K.Gotssi, „Malikai Turondot“Nikolay Gogol„Tergovchi“Vladimir Bill  Belotserkovskiy„Labbay“Molyer„Xasis“)ni tarjima qilib berdi.[16] Shekspirning “Hamlet” va Shillerning “Bosmachilar” (“Qaroqchilar” deb tarjima qilingan ushbu pyesani Cho‘lpon shu nomda o‘girgan.) tragediyalarini ham oq she’rda mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan. Ayni shu sababdan ham Shekspir va Shillerning konfliktlilikni chuqur ifoda etuvchi  muhtasham dramatik mahorati Cho‘lponda ham o‘z bo‘yini ko‘rsatadi.

Bundan oldingi asrlarda adabiy aloqalar,  asosan, fors-tojik adabiyoti bilan kuchli bo‘lgan. Shu sababdan ham XX asrga qadar arab va fors manbalaridan tarjimalar yetakchilik qilgan. Abdulhamid Cho‘lponning tarjima borasida didi juda ham yuksak bo‘lganligini uning tarjimalaridan ham bilsak bo‘ladi. Cho‘lpon tarjimani shunchaki emas, xalqqa ma’naviy merosni yetkazishni birlamchi maqsad qilgan holda amalga oshirish tarafdori bo‘lgan. Masalan, shu haqida yozilgan maqolasida “Shohnoma” ning  Cho‘lpon davriga qadar tushunarli turkiy shevalardan birontasiga nazmiy yo‘l bilan o‘girilmaganini jon kuydirib bayon qiladi.[11] Cho‘lpon  o‘zbek tili(turkiy til) masalasiga juda jiddiy qaraydi va asarlar tarjimasini shu tilda ko‘rishni istaydi. Turkiy tilda nashr qilinuvchi  o‘z davri matbuoti haqida ham “Matbuotimiz” maqolasida aytib o‘tadi va xalq tushunuvchi tilda nashr qilinuvchi har bir gazetani o‘zbek xalqiga dahldor deb biladi. “Cho‘lponning o‘zbek matbuoti tarixiga doir qarashlari ilmiy xolisligi, obyektivligi  bilan  ajralib turadi. Eslang, sho‘ro zamonida “Turkiston viloyati gazeti” ko‘p tilga olinar, o‘zbek tilidagi matbuotning qaldirg‘ochi o‘laroq  e’tirof  qilinardi.  Istiqlol  arafalaridan boshlab  milliy  matbuotimiz tarixini  1906-yildan  boshlab belgilaydigan  bo‘ldik.  Holbuki, bu  masalada  Cho‘lpon maqolada keltirgan “dastak”(fakt)lar ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga loyiqdir”.[9]

Jadid davri ijodkorlari maqolalarida turkiy adabiyotga Sa’diy Sheroziy va Fuzuliylarning ta’siri katta bo‘lganligini bilishimiz mumkin. Cho‘lponning “Fuzuliyning  pichinglari” maqolasi buning isboti bo‘lsa, Fitratda “XVI asrdan so‘ngra o‘zbek  adabiyotga bir qarash” maqolasida buning yana bir bor guvohi bo‘lamiz.

XX asr adabiyotida yangi tafakkurning yuzaga kelishining siyosiy-ijtimoiy hayot bilan bog‘liqligini professor Begali Qosimov asoslab beradi.[2] Jadidlarning ko‘p tomonlama yangiliklarni ilgari surishganligining ham turli bo‘yoqlari mavjudligi ayon edi. Yangi fikrlar har sohada ilgari surilayotgan bir davrda adabiyotning ham tubdan yangilanishi tabiiy hol edi. Yangi mavzu va g‘oyalarning manbalari ham shu davr voqealaridir. Demoqchimizki, dramalardagi to‘ychilik, pulchilik, qulchilik, ko‘p xotinlik, ta’lim va boshqa masalalarning bosh mavzuga aylanishi tabiiy jarayon. Bulardan biri ta’limni o‘zgartirish kerakligi boshqa xalqlardan o‘rnak olgan holda yuzaga kelgan g‘oyalar bo‘lsa, to‘y yoki xotinlarga oid masalalarning asosiy yoni tobora og‘irlashib borayotgan millat ahvolidan xulosa qilgan holda dunyoga kelgan.

Adabiyotdagi yangilanishlar, avvalo, turkiy davlatlar bilan (Turkiya, Ozarbayjon Tatariston, Tojikiston…) birgalikda rivojlanayotgan edi. Jadidlarning dunyo kezishdan maqsadlari ham shunday yangiliklarni o‘z yurtida amalga oshirish bo‘lganligi barchamizga ayon. “Usuli jadid bilan tanishmoq uchun bir kishi Boqchasaroyga, bir kishi Istanbulga yuborildi. Lekin yangi maktablarning dushmani ham ko’p edi. Shu sabab 1909-yil 18-iyunda Buxoro yoshlari «Tarbiyai atfol» nomida yashirin jamiyat tashkil qiladilar. “Jamiyatning birinchi maqsadi Istanbulga o’quvchilar yubormoq chorasiga kirishmoq edi. Ma’orif uchun jamiyatning sirini ochmasdan e’timod qildig‘i taraqqiyparvarlardan iona to‘plar edi. Jamiyatning ijtihodi soyasida bir qancha talaba Istambulga yuborildi”[3]”. Turkiston jadidchiligining otasi hisoblangan Behbudiy haj safarini Kavkaz, Istanbul, Misr orqali amalga oshiradi. Bu safardan yangi maktablar va ular uchun darsliklar haqidagi qarashlari kuch olgan. Teatr, matbuot va pyesalar ham shu tariqa dunyoga kelib, “Padarkush” yer yuzini ko‘rgan.

Yangi o‘zbek adabiyotining janr va uslub jihatdan yangilanishida Abdurauf Fitratning o‘rni beqiyosdir. Olimlar barmoq vaznida yozishni Fitrat birinchi boshlaganmi yoki Cho‘lponmi? degan savolda ko‘p izlanishgan. Cho‘lpon bir maqolasida Fitrat undan oldin bu turdagi she’rlarni yoza boshlaganini qayd etgan. “Cho‘lpon 1933-yili rus yozuvchisi V.Yan bilan suhbatida Fitratni o‘zbek she’r tuuzilishi islohotchisi, deb aytgan”.[10] Fitrat Turkiyada saboq olgan. Turkiyadagi inqilobiy vaziyat unga katta saboq bergan. “U tahsil olgan Istanbul dorulfununida Turkiya adabiyotidagi islomchilik 10-yillardagi eng mashhur vakili «Siroti mustaqim» jurnalining muharriri Mehmet Akif turk adabiyotidan dars berardi (1921-yilda Turkiya milliy gimni matni uchun konkurs o’tkazilganida, u «Istiqlol marshi» she’ri bilan 724 shoir orasidan birinchi o‘rinni olgan). «Ittihod va taraqqiy»ning nashri afkori «Eni majmua»ning bosh muharriri, turkchilik g’oyasining bayroqdori shoir Ziyo Ko’k Alp ijtimoiyotdan kirardi. 1898-yilda «Turkcha she’rlar»i bilan barmoqda she’r yozishni boshlab bergan Mehmet Eminga ergashish avjga chiqqan, «Turk yurdu» (1911), «Ganch qalamler» (1911) kabi jurnallar maydonga kelib, tilni arabiy va forsiy unsurlardan tozalash boshlangan yillar edi”.[2,B.261] Yangi o‘zbek adabiyotidagi ilk yangilanishlar turk adabiyoti va rus adabiyoti ta’siri natijasida dunyoga keladi. Erkin ya’ni sarbast she’rlarning hosilasi shu jumladandir. Rus-tuzem maktabida o‘qigan Cho‘lpon, albatta, “svobodniy stix” lardan yaxshigina xabardor bo‘lgan. aks holda barmoq vaznida bo‘lsa-da, oq she’rda tarjima qilingan Shekspirning “Hamlet” dramasi, Shillerning “Qaroqchilar”i bu qadar mahoratli ko‘rinishda namoyon bo‘lmasdi. Cho‘lpon lirikasidagi yangi shakl va mavzular ham o‘zgarishlardan oziqlangan she’riyat edi. O‘zi istamagan “bir xil, bir xil, bir xil”liklardan qochgan holda ijod qilgan. bir o‘rinda “Ulug‘ hindiy” maqolasida shunday deydi: “Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in —yana shirin”.[12] Haaa, “g‘arbniki –shirin”. Yangilik olib kirish ishtiyoqi va to‘g‘ri ma’nodayam aytganda, yangi ruh, insonning ichini tasvirlash, mavzulardagi erkinlik sababli g‘arbniki shirin bo‘lib ko‘rinishi tabiiy hol. Turk adabiyoti nega shirin bo‘lib ko‘rindi bu davrda jadidlarimizga? Chunki turk adabiyotiga g‘arb ruhi bizdan oldin kirib kelgan edi. Mana Cho‘lpon nimalarni o‘qiganini va nimlardan qonganini o‘zi ham ta’kidlaydi: “To‘qaydan tortib Qavi Najmigacha — tatar adabiyotini, Hodiydan tortib Javodga qadar Ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A. Sayfi) ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo — ortiq yangilik, g‘arbliq, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan sufiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning «Sa’dobod» ruhida ba’zi narsalari. Faqat — ular shu qadar ozki… Ana shu vaziyatda ekan, haligi ulug‘ zot menga yo‘luqdi. Shundan keyin chinakam qondim”![12]

Ruhiy olamga, ruhiy iztiroblarga tegish, ha aynan tegish shoirning asosiy maqsadi bo‘lgan. shu darajadagi she’riyat kutgan u. tuyg‘u va hissiyotning lirikada barcha narsadan ustunligini xohlagan. Qadim  she’rshunoslarimiz Farobiy, Taroziy va hatto Kaykovski xalq tiliga yaqin bo‘lgan sodda til kerak, degan ma’nodagi nazariyalariga u davr mumtoz shoirlarimiz ahamiyat bermagan chog‘i yoki Cho‘lpon undan ham soddasini istab qolgan. Har holda u yaratgan badiiy til uslubi xalqqa moydek yoqib tushdi va adabiy qoliplar ham bir qadar parchalandi. Shakliy yangilanish borasida sarbast she’rlar Fitratdan keyin Cho‘lponda ko‘proq davom etdi va ko‘proq na’munalari yaratildi. “In fact, Cholpon has created more than twenty poetic works in free and open forms. The poems «Night» and «Way of Love» included in the collection «Springs» were described by the poet as «free poetry”.[8,B.642] (Masalan, Cho‘lpon yigirmadan ortiq “erkin she’r”lar yaratgan. “Buloqlar” to‘plamiga kiruvchi “Tun”, va “Muhabbat yo‘li” shu jumladandir.)

Cho‘lpon vaznni erkinlashtirgan holda ohangni saqlab qolgan. “Tun” she’rida satrlar aro keluvchi qofiyalarni qarang:

Tun yomon, tun qorongʼi,

Tun qoʼrqinch, tun azob.

Tunda eski va yangi

Har narsa xayol va sarob.

Tunning uzunligi,

Chuqurligi koʼp yomon.

Tunning buzuqligi,

Yolgʼizligi beomon.

Tunda har narsaning tovushi

yiroqdan guvillab kelar.

Tunda koʼp chogʼlar yuzimga

Jinlarning qoʼllari urilar.

Oh, tunning qalin pardasi

Qanday gunohlarni yashirmas.

Oh, tunning tovushsiz naʼrasi

Hech jonni qoʼrqitmay qolmas.[4,B.44]

Ritm va ohangdorlikni taminlash Cho‘lponning bunday she’rlarida o‘ziga xos uslubidir. Adabiyotshunos Nodira Afoqova “erkin she’r”lar va vazndagi o‘zgarishlarning yuzaga kelishini quyidagich ifodalaydi:

“Bu davrda adabiyotning o‘zgargan mazmuni yangi shakl talab qilayotgan, aruzdan boshqa sistemaga oʼtish masalasi maydonga chiqqan edi-yu, ammo barmoqning mohiyati — u har qancha  qadim turkiy vazn boʼlmasin adabiy jarayonda faoliyat koʼrsatayotgan har bir shoir tomonidan hali toʼliq, chuqur anglanmagan adi. Davr kontekstida she’riyatni, asosan aruz orqali idrok etgan shoirlar, tabiiyki, barmoqni istifoda etishga birmuncha qiynaldilar. Bu — aruz va barmoqning aralash qo‘llanishida, barmoqda turoqlarning buzilishi, fikr ifodasi uchun z a rur boʼlgan soʼzlarni ixchamlashtira olmaslik yoki ataylab shunga yo‘l qo‘yish natijasida qo‘shimcha turoq(yoki misracha)larning paydo boʼlishi kabi shakllarda namoyon boʼldi”.[7,B.92]

Bir tarafdan adabiyotshunos olimaning fikrlarida jon bor. Ammo sarbast she’rlar Fitrat yoki aynan Cho‘lponning ijodiga tarjimlar ta’sirida ham kirib kelgan. Quyida Cho‘lpon tarjima qlgan she’rlar nomini keltirib o‘tamiz:

  1. Geyne. Hamma esnab turdi…
  2. Tavfiq Fikrat. “Rubobi shikasta” parchalar
  3. Ulviy. Qor. Turkchadan.
  4. 20 asr.
  5. Qish kechalari.
  6. Kolsov. Hoy, och kambag‘al!
  7. Tretyakov. Ovoz ber, Xitoy.
  8. Pushkin. Bulbul va gul.
  9. Pushkin. Bandi.
  10. Blok. Ko‘ngil jimdir…
  11. Blok. Odam va qush.
  12. Bryusov. She’r.
  13. Ivanov. She’r.
  14. Tolstoy A. Kelajakni o‘ldurib bo‘lmagani kabi, uni ham o‘ldurib bo‘lmaydi
  15. Golodniy M. O‘rtoq Kirov to‘g‘risida
  16. Prokofev A. Vidolashuv
  17. Vechero P. S.M.Kirov xotirasiga
  18. Verxarn E. Daryo
  19. Shuls, Maks, Tokaramo, Shi-Xatu. To‘rt xat
  20. Tagor. Chiroqlar.
  21. Tagor. G‘aflat.
  22. Tagor. Birinchi xat.
  23. Tagor. Hoy yo‘lovchi qiz.
  24. Tagor R. Qog‘ozdan qayiqchalar; Oq bulutlar bilan to‘lqinlar; Ko‘ngilchanglik
  25. Lohutiy. Yevropa safari.
  26. Lohutiy. Eron qizi.
  27. Lohutiy A. Kreml.
  28. Lohutiy A. Ovrupada (doston)
  29. Lu Szin Van. Olislarga qarayman.
  30. Vey In Yu. O‘rdak ovozi.
  31. Vey In Yu. Tog‘da tunadim.
  32. Pote. Marseleza (Baynalminal).
  33. Inber. Besh kecha kunduz.[17]

Cho‘lpon usmonli adabiyoti bilan tanisharkan, Tavfiq Fikrat ijodi haqida maqola ham yozadi va uning “Rubobi shikasta”sidan tarjimalar ham qilgan. yevropa adabiyotidan yangiliklarni o‘zlashtira boshlagan bu davr turk adabiyoti turkiy olamda birinchilardan bo‘lib bunday qadam tashlayotgan edi. Bizning jadidlarimiz ham ular orqali ilhomlanishdi.  Cho‘lpon “Marhum Tavfiq Fikrat” maqolasida uning o‘sha davrda taqiqlangan “Tarixi qadim” she’rining ne chog‘lik ahamiyatli ekanligi va Fikrat o‘z zamonasining ayanchli haqiqatlarini yozganligini aytadi. Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” kabi she’rlari aynan shunday  ruhda yozilgan. Asar haqida Cho‘lpon shunday deydi:

““Tarixi qadim” “Rubobi shikasta”day emasdir: “Rubobi shikasta” dunyo ko‘rmishdir, matba’da temirlar orasinda qisilmish, qog‘oz betlarinda necha ming nusxa bosilmishdir. Lokin, “Tarixi qadim” mahfiydir, qo‘ldan qo‘lga ko‘chirilub, yozilub yurgiziladurgan narsadir. U tarixning jinoyatlari kabi sirlidir, har kimga “mana men!” deb ko‘runa bermas. Uni bosdirish mumkin bo‘lmadi. U oliy fikrlar bechora Sharqning ko‘hna, chirik xusma(miya)siga sig‘madi; zabun, ezilgan sharqlining keng qalbinda joy topa olmadi; bir vaqtlar Umar Hayyomning eng achchig‘ va dahshatli fikrlariga maydon bergan Sharq muhiti, asorat va qulliq ostinda shu qadar ezilmishdirki, buni, bu qiymatli asarni o‘ziga sig‘dira olmadi… Ehtimol, endi Sharqning chetlar sultonidan qutulub haqiqiy inqilobga yaqinlashub kelayotgan vaqtlarida buyuk shoirning ulug‘ fiklari dunyo yuzi(ni) ko‘rsa…”[13]  “Tarixi qadim”dan parcha keltiramiz:

U o‘tli nafasing qani, qayerda?

Na bir do‘zaxingda qaynashlaring bor?

Na bu xo‘rliklarni ko‘rar ko‘zlaring.

Na da quloqlarga yetar bir ingroq.

Holbuki biron yeri kesilsa insonning,

Bir jizillash sezar, so‘ngra yig‘laydi.

Sen Zamin-u Osmon-la  qo‘zg‘alganda ham,

Bir tovush–da eshitilmasinmi muallaqlikda?![14]

Endi hurmatli  Ch‘olponning “Buzilgan o‘lkaga she’rdagi xuddi shunday g‘oyadagi satrlarini o‘qiymiz:

Nega sening qalin tovshing «ket» demaydi ularga?

Nega sening erkli ko‘ngling erk bermaydi qo‘llarga?

Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?

Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?

Nega yolg‘iz qon bo‘lmishdir ulushing?

Nega buncha umidsizdir turishing?

Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?

Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?

Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydi og‘u — o‘q?

Nima uchun borlig‘ingda bu daraja buzg‘unlik?

Nima uchun o‘ch buluti sellarini yog‘dirmas?

Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?![5,B.52]
Bu g‘oyalarda naqadar mushtaraklik bor. Cho‘lpon ruhiyati Tavfiq Fikrat dahosidan oziqlanganini o‘zi ham e’tirof etgan holda ushbu muqoyasada buning isbotini-da ko‘rib turibmiz. Cho‘lponning rus tilidan qilingan Xitoy shoirlaridan tarjimalarida ham vatanparvarlik va yurt qayg‘usi anlami birlamchi mavzudir. Jumladan, Lu-Szin-Vandan qilingan “Olislarga qarayman” she’rida lirik qahramon vatandan ayrilgan, ammo, uning dog‘ida yashayotgan timsol sifatida gavdalanadi:

U olis elimning o‘yida

Mumkinmi yonmasam, kuymasam?[5]

Xitoy shoiri Vey in Uning “O‘rdak ovozi she’rida ham yurt sog‘inchi motivini asoslik qiladi:

Tinglayman: uchmoqda tepamda, tomda

Yurtimdan keluvchi o‘rdaklar gur-gur.

Cho‘lpon ijodiga jiddiy ta’sir qilgan shoirlardan biri nemis ijodkori Henrix Haynedir. Aynan quyidagi tarjimada Cho‘lpon ruhiyatining aksini ko‘ramiz. Haynening Germaniya va undagi ikkiyuzlamachi amaldorlar, ular Vatanni ne ko‘yga solganliklari va o‘zining haq so‘zlari ortidan surgunda yurganligi kabi hayot haqiqatlaridan habardormiz. Aldoqchi zamon tasviri Hayne tilidan Cho‘lpon qog‘oziga ko‘chgan:

Hamma esnab turdi, quloq solmadi

Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda.

Meni alqamagan kishi qolmadi

Qayg‘umni nazmga tergan vaqtimda.

Bu xuddi Cho‘lponning “Kulgan boshqalardir yig‘lagan menman…” she’rini eslatib yuboradi.

Rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkindan qilingan tarjimalarda inson erki mavzusiga asosiy o‘rin beriladi. Ulug‘ rus shoirida ham bandilikka,  qullikka qarshi isyon ruhida yozılgan “Erkinlik”ka[6] o‘xshagan va boshiga balolar olib kelgan she’rlari talaygina. Cho‘lpon Pushkinning  “Bulbul va gul”, “Bandi” she’rlarini tarjima qilgan. “Bandi” she’ri aynan Cho‘lpon ruhiyatiga mos tushgan. Mahbusning erksizlikdagi hissiyotlari ozod bo‘lsa-da qo‘llari bog‘liq Cho‘lponning tuyg‘ulari ifodasi edi.

Узник

Сижу за решеткой в темнице сырой.
Вскормленный в неволе орел молодой,
Мой грустный товарищ, махая крылом,
Кровавую пищу клюет под окном,

Клюет, и бросает, и смотрит в окно,
Как будто со мною задумал одно.
Зовет меня взглядом и криком своим
И вымолвить хочет: «Давай улетим!

Мы вольные птицы; пора, брат, пора!
Туда, где за тучей белеет гора,
Туда, где синеют морские края,
Туда, где гуляем лишь ветер… да я!..»[15]

Sovuq zindonda turgan mahbus deraza ortidagi o‘ljasini changalagancha cho‘qilayotgan yosh burgutning harakatlarini kuzatadi. Nega aynan yosh burgut obrazi? Chunki she’r yozilgan 1822-yilda surgundagi Pushkin aynan shunday navqiron yoshda edi. U ozod uchishni istardi va ayni tuyg‘usiga burgut ham peshvoz chiqayotganday edi. Burgut tilidan mahbusga qarata: “dengiz va osmon birlashib ketgan yerlarga, faqatgina shamol va biz keta oladigan joylarga uchib ketaylik, yur” , deyiladi . Cho‘lpon ham “Kishan kiyma, bo‘yin egma/ Ki sen ham hur tug‘ulg‘ansan!” deganida bu ko‘nglining erktalabligini va xalqni ham shunga chorlayotganining isbotini ko‘ramiz.

Qardosh xalqlar aloqalari har qanday davrda ham bir-biriga ta’sirda birlamchi o‘rinda bo‘ladi. shu sababdan ham G‘arb adabiyoti mutaassirligida ildam rivojlangan turk adabiyotining  o‘zbek adabiyotiga eng yaqin masofada kirib kelishi tabiiy hol.  Cho‘lpon va XX asr jahon adabiyoti aloqalari adabiyotimizning  yangilanishida muhim rol o‘ynaydi.  Bunda asosan g‘oyalar, mavzular ahamiyatlidir. Qayerdaki, qay shoirning zulmga, rutubatga qarshi ko‘tarilgan qalami bo‘lsa,  barchasi chin ijodkorlardir. Cho‘lpon adabiyotimiz tarixida ana shunday vazifani sidqidildan o‘tab ketdi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.Saydulla Mirzayev. XX asr o‘zbek adabiyoti.– T.: “Yangi asr avlodi”, 2005.

2.Begali Qosimov. O‘zbek adabiyoti va adabiy aloqalari tarixi. –T.: “Fan va Texnologiyalar”,2008. –b.600

3.S.Ayniy. Asarlar. Sakkiz jildlik, l-jild. — Т.: 1963, 233-b

4.Ch‘olpon. Asarlar.(3-jildlik.1-jild –She’rlar, dramalar, tarjima). – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti.1994

5.Cho‘lpon. She’rlar. –Toshkent: “Akademnashr”, 2021

6.A.S.Pushkin. Tanlangan asarlar(she’rlar, dostonlar, nasriy asarlar). cToshkent: “G‘afur G‘ulom” nashriyoti. 1999

7.Афокова H. Жадид шеърияти поэтикаси. — Тошкент: Фан, 2005

8.Yo‘ldoshev Normat. RHYTHMIC-INTONATION FEATURES OF CHOLPON ‘S POETRY.// GALAXY INTERNATIONAL INTERDISCIPLINARY RESEARCH JOURNAL (GIIRJ)ISSN (E): 2347-6915Vol. 9, Issue 11, Nov.(2021). – B. 642.

9.Dilmurod Quronov. Cho‘lponning noma’lum uch maqolasi. // “Adabiy meros” jurnali.2023-yil, 1-son

10.Naim Karimov. Cho‘lpon va XX asr o‘zbek she’riyati. www.kh-davron.uz

11.Cho‘lpon .“Maorif va o‘qitg‘uchi” 1925-yil № 5-6.

12.Abdulhamid Cho‘lpon. Ulug‘ hindiy. www.ziyouz.com

13.Cho‘lpon. Marhum Tavfiq Fikrat. https://chulpon.uz/marhum-tavfiq-fikrat/

14.Tavfiq Fikrat. Tarixi qadim. (Ruxsora Nur tarjimasi). https://tarjimalar.uz/?p=529

15.https://www.culture.ru

16.https://uz.wikipedia.org

  1. https://chulpon.uz

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting