Rauf Parfining “Tarjimayi holim” maqolasidan:
“Bir ammam bor edi, Xosiyat bibi edi ismlari. Juda ko‘p ertaklarni she’riy yo‘lda yodaki aytardilar, bilmadi mbu “kasal” qayoqdan tekkan, hatto qo‘shiq qilib yuborardilar. Uchinchi sinfdaligimda amamning ertaklarini og‘zaki yozib olish menga zo‘r ermak edi” .
“Abdurahmon Vodiliy – birinchi ustozim. U kishi dadamning do‘sti bo‘lgan. U kuchli shoir, so‘fiy. Mana shu odamning tarbiyafsida bo‘lganman. To‘rt yoshimdan boshlab tarbiyalagan. Yoshim yettiga yetgandan keyin boshqacha muhitga tushib qolganman, ya’ni sovet maktabiga kirganimdan keyin domlani ikkinchi darajali domla deb qaraganman. Abdurahmon Vodiliy menga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. 1963 yilda vafot etdilar u kishi. Ungacha universitetda o‘qib yurgan paytlarimiz Mahmud Abdullayev degan farg‘onalik yigit, o‘zining o‘g‘illari – ya’ni adashim Abdurauf va menga Turkiston nimaligini, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriylar haqida gapirardi, bizni adabiyot dasrtiklarida o‘qitilmaydigan ma’lumotlar bilan tanishtirib borardilar. Biz har shanba u kishining oldiga borardik. U kishi bizning savollarimizga javob berar, fikrlarini aytardi. Judayam ulug‘, bilimli, kuchli odam edi.
U kishi 1948 yilda Navoiy asarlarini nashrga tayyorlash ishlarida qatnashgan. O‘sha paytda Uyg‘un, G‘ufur G‘ulomlar bilan tanishgan. Hamma eski bilim odamlarni to‘plashgan. U kishiniyam… Qo‘lyozmalarni o‘rganish kerak bo‘lgan-da. Lekin ma’lum vaqtdan so‘ng u kishini bu ishdan chetlatishgan. 1963 yilda bo‘lsa kerak, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida Uyg‘unning Boris Pasternakning “Doktor Jivago” degan romani naqadar zararli ekani haqida bir maqolasi chiqdi. Bu asarni topish juda qiyin edi. Uyg‘un bu haqda maqola yozdi, demak, bu asar unda bor, deb o‘yladim. Keyin domlaga borib aytdim. U ham erinmasdan men bilan birga keldi. Uyiniyam bilarkan. Tanish ekan. Kelsak, Uyg‘un “Hech qanday qo‘lyozmasini ham o‘qiganim yo‘q, menga buyurishdi, yozib berdim, sen bunaqa narsalarni bilmaysan”, dedi menga. Sal ko‘zlari yoshlandi lekin” .
“Otamning do‘stlari ko‘p bo‘lardi. Hamroqul Tursunqulov, Abdulla og‘a (qirimlik), qori tog‘a (eski jadidlardan) va ular qatori Abdurahmon Vodiliy degan so‘fiy shoir ham tez-tez kelib tushardi. Bu kishilar va boshqa ko‘pchilik farg‘onaliklar Yo‘ldosh Oxunboboyev, Hamroqul Tursunquolvlarga suyanib, shu yerda to‘planib qolishgandi. Men yolg‘iz farzandligim tufayli bo‘lsa kerak, shunacha “dordan qochgan” eski jadidlarning davrasida ko‘p bo‘lardim, hech qaysisi “Nari tur”, deb aytmasdi. Agar birinchi ustozim deb aytish mumkin bo‘lsa, Abdurahmon Vodiliyni shunday atardim. Chunki she’r haqidagi ilk tushunchamni menga o‘sha odam bergan. Vaznlarni o‘rgatgan. Juda bilimli kishi edi. She’rlarini to‘plab bir devon ham tuzgan, lekin bosilib chiqmagan. Hozir yuzga yaqin g‘azali mening qo‘limda.
O‘sha mahallari har bir hovlining kiraverishida mehmonxona bo‘lardi. Ular ham mehmonxonamizda to‘planishar, osh ustida ulfatchilik qilishar, qo‘shim aytib, bazm qurishardi.
Men she’riyatga Abdurahmon Vodiliy ta’siri ostida 12-13 yoshlarimda qiziqqanman. Keyingi (agar aytish mumkin bo‘lsa) ijodim maktabning ta’sirida ketgan. Birinchi she’rim hamon esimda, 1953 yilning 5 mart kuni Stalin o‘limidan qayg‘uga botib yozilgan. Havo ham aynigan, qandaydir rutubatli kun edi. O‘sha she’rning o‘zi yodimda yo‘g‘-u lekin holat esimda. O‘zim ham emranibroq o‘qigan bo‘lsam kerak, she’rimni eshitib hamma o‘qituvchilar yig‘lagan. Mamat degan yoshi kattaroq bo‘lsa-da, biz bilan o‘qiydigan bor edi. Hamma yig‘lagan paytda faqat shu odam bizga qarab kulaverdi, kulaverdi, Xudo o‘zi asrasin, “Kim u Stalin – otangmi?” derdi masxaralab. Endi bilsam, aqlliroq ekan-da, boyaqish.
Kalxo‘zimiz juda mashhur edi. Hamroqulv Tursunqulovning sharofati bilan kalxo‘zga Komil Yashindan tortib Javoharla’l Nerugacha kelishgan. Kaganovich, Xrushchev, Pol Robsonlar tashrif buyurishganda biz qizil galstukni bo‘yinga bog‘lab, pionerchasiga “doim tayyor” bo‘lib kutib olganmiz.
Ammo Hamroqul Tursunqulov savodsiz bo‘lsa-da, dono kishi edi. Juda boy kutubxonasi bo‘lardi. Dastlab shu kutubxonadan foydalanganman. Erkin aka Dadaxonov degan kishining kutubxonasidan Amin Umariy, Zafar Diyorning kitoblarini olib o‘qiganim hamon esimda. O‘ziyam qo‘limga nima tushsa o‘qib tashlardim, hatto oddiy rasmiy ish qog‘ozlarigacha o‘qib chiqardim, u o‘zbekchami, o‘rischami – farqi yo‘q edi. Shunday bir tashna, alomat ekanmiz-da.
Keyinchalik Abdullajon bilan o‘zimiz alohida kutubxona tashkil qildik. Yettinchi sinfgacha to‘liqsiz maktabni kalxo‘zda o‘qigach, to‘qqiz-o‘ninchini Sho‘ralisoyda bitirganman. U paytda maktab o‘n bir yillik edi. O‘shanda oilamiz bilan Yangiyo‘lning markaziga qo‘chib bordik. Yangiyo‘lda o‘n birinchi sinfning kechkisida o‘qidim. Kunduzi bosmaxonada harf teruvchi bo‘lib ishladim. Balog‘atga yetmaganim uchun to‘rt soatlik ishdan so‘ng xo‘jayin ruxsat berib yuborar edi. “Yangi yo‘l” degan rayon gazeti redaksiyasi ham shu yerda joylashgandi. Ilk she’rlarim shu gazetda chiqqan.
1960 yilda Toshkent dorilfununi filologiya fakuletining jurnalistik abo‘limiga o‘qishga kirdim. Bu bo‘limning muharrirlik degan tag‘in bir bo‘limchasi bo‘lardi. O‘shanda tahsil olganman. O‘qishni oxirigacha o‘qiganman, diplom olmaganman, xolos. Abdulla Orif, Cho‘lpon Ergashlar bilan shu yerda tanishib, do‘stlashganman” .