XXI asr adabiyoti deb yozish qanday go‘zal,  qanday azob tuyg‘u?! Mana shu paradoksning ichida yangi she’riyat paydo bo‘lganidan bir quvonsak, she’riyat ichidagi hayot haqiqatini ko‘rib, bu qanday yuk? deb yuboradi odam. Birovga dardingni dasturxon qilomaydigan zamonda dasturxon dardlarni o‘qigach yana isitmang oshadi, o‘zingdan xavotir ola boshlaysan. Bu she’riyat ruhingdan o‘tib tanangga, tanangdan o‘tib hujayralaringga qadar ishg‘ol etadigan darajada yuksak va og‘ir.

O‘zbek adabiyotida mumtoz adabiyot davridan keyin ayollar  ijod qilishni nari borsa 60-yillardan keyin boshladi. Bu realistik tasvirlar boshlanishi bilan asoslanadi. Biz shu qisqa davr ichida ayol she’riyatini yarata oldik. Halima Xudoyberdiyeva va Halima Axmedovalardan boshlangan bu she’riyat bugun o‘z shaklini ham jismini ham bunyod qilib ulgurdi. Mana endi yangi qiyofalarni kashf qilyapmiz. Bu xuddi Amerika adabiyotida Silviya Plat va Anna Sekstonni o‘qish kabi maroqli. Gulnoz Mo‘minova, Tillaniso Eshboyeva she’rlarida bu ruh sezilib turgandi, ammo ularning yolg‘izligi o‘zi kabi bizni ham qiynardi. Anif she’riyati paydo bo‘lgach, azbaroyi odam bizdayam bor ekan-ku deb, yubordi.

Anif g‘oyalarini ifodalashda nimagadir doim majburday bo‘ladi. Aslida zamon majburiyati uni shunga duchor qilyapti. U she’rlarini dastlab “Inson” qahramoni bilan boshladi. Mana shu “Inson”ning tuyg‘ulari aslida, kimniki ekanligini she’riyat isitmasi baribir oshkor qilib qo‘yadi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan maqolimiz bor. She’rda matn va u beradigan tuyg‘ular uning haroratidir. Keling, biz sizga “Insonni” fosh qilamiz:

Insonni bir o‘zini qoldirmang

hech yo‘q biror kitob

yoki bir finjon qahva

balkim tuvakdagi gul

ehtimol dastro‘mol bilan

qoldirmoq darkor

Shoira  ayolni bir o‘zini qoldirmang, deyishni istagandi. Bu davr ayoli “Inson” ga aylanib qoldi. U ayolligini talab eta olmayapti. Bir finjon qahva bilan tuvakdagi gul erkakka ham kerak bo‘larmikan yoki bular erkakka ayolga bag‘ishlaganchalik sokinlik bera oladimi?! Bizning asrlar osha “erkak yig‘lamaydi” deb tarbiya qilingan qo‘rs erkaklarimiz ro‘molchaga qanday munosabat bildiradi? Ayolning dardini issiqqina vaqtida tinglagan narsa faqatgina ro‘molcha. Ayolni shu qadar malomat qilishga. Har so‘zidan o‘zimizga kerakli ma’no ajratib olishga o‘rganib qolganmiz. Lirik qahramon “Inson” ning jinsini ayon qilmagani bilan badiiy atributlar yaraqlab turibdi. Yana bir she’rida shunday so‘zlar jaranglaydi:

Men ketdim

ketganimni sezmadi hech kim

faqat g‘amgin bog‘ingga

nastarin ekib ketdim

har bahor gul ochsin

meni yodingga solsin

Bog‘, nastarin va bahor obrazlarida ham ayol ko‘ngli ufurib turadi. Nastarin guli donalaridek sanoqsiz dardlarni faqatgina ayol keng yuragida ko‘tara oladi. Ayolnining yuragi tor bo‘lishga haqqi yo‘q. tor bo‘lsa kengaytiradi, kengaymasa cho‘zadi, bir nimalarni nuqul joylashga majbur bo‘ladi. bir kuni u to‘lgach yorilishi mumkinmasdek go‘yo. Bari tugagach go‘yo Xudoning umr amri shu yergacha yozilganday o‘ylashadi.

 

Biz ayolni jimlikka mahkum etdik. U o‘ziga va avlodlariga chora qidira boshladi. Endi ayolning o‘zi ustidan chiqara oladigan hukmi ham o‘ziga qarshi, aslida buni ro‘yobga chiqara olmasligini u juda yaxshi biladi, ya’ni quyidagi she’rda shoira qat’iy fikr aytadi: Tug‘maslik:

Kelajakka qilgan eng katta in’omingiz

tug‘maslik va tug‘dirmaslik

bo‘lajak bolalarni

tashlamaslik hayotning

achchiq taxir doshqozoniga

Tug‘maslikning ortidan uning hatto tug‘ilishni istamaydigan qahramonlari dunyoga keldi:

Nega tug‘ilishdan avval

hech kim so‘ramaydi –

istaysanmi dunyoga kelishni,

yashashni, ko‘payishni, o‘lishni,

Bu qahramon hech bo‘lmasa o‘lish uning o‘z boshiga qabul qila oladigan qarori deb tushunadi,aslida-chi? Bu ayol farzandlarini ko‘zi qiyib  qayerga ketadi?! O‘lish ham uning o‘ziga bog‘liq emas.

So‘rashmadi…

sen ham har gal tomga chiqqaningda,

har gal poyezd yo‘lidan o‘tganingda,

har gal daryo bo‘ylab yurganingda

o‘liming uchun hech kimdan ruxsat

olishga majbur emasligingni

o‘ylaysan…

O‘lish ayolning qo‘lida bo‘lganida tomga chiqqanda, poyezd yo‘lidan yurganda, daryo ko‘rganda bunchalar o‘ylab o‘tirmaydi. Anif she’riyati ana shu tanasiz, qarorsiz, zabonsiz, “mensiz” ayolning butun bukchaygan gavdasini namoyish etadi. Bu she’riyat biron qoidaga bo‘ysinmaydi. U jamiyatga bo‘yin egaverishdan charchagan ayol timsoli. Bandlar so‘nggida nuqta yo‘q, ammo ko‘p nuqtalar –cheksizliklar bor. Bu poyonsiz dardlarning uch nuqtaga jo bo‘lishidir: AYOL –ERK –JAMIYAT!

Bu she’riyatda biron tashbeh, o‘zini badiiy jiloga majburlash degan narsa yo‘q. Bunda faqat so‘zlanadi va tinglanadi. Chunki bu ayolning o‘zidan oddiy ko‘rinishi. Ba’zi she’rlar o‘zi haqida yozilgan tuyg‘ular ufurib turuvchi kichik biografiyalarga o‘xshaydi. Ayni shu ayol biografiyasi o‘quvchini o‘ziga tortadi. Anif lirik qahramoni “Men” da bo‘lmagan “men” timsoli. Bu “men” “Mensiz” qolgani uchun ham olamga hayqirmaydi, janjal qilmaydi, beodoblik qilmaydi. Bu “men” ning bunday g‘avg‘olarga kuchi ham yetmaydi. Barcha “Men”ning ortida yig‘layotgan ayol obrazi “Mensiz”likdan qiynaladi. Anif bugun o‘zbek adabiyotining  ayol she’riyatida ayol so‘zlarini ayta olyapti. Unga hurmat bilan bir ayol –Ruxsora Imomova!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting