Ingliz tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi

 

— Koreyaning yigirmanchi asrdagi tarixi chindan jarohatlarga boy — nima uchun siz Gvangju qo‘zg‘oloni haqida yozishni  istadingiz?

 

—  XX asr nafaqat Koreyaga, balki butun insoniyatga chuqur va og‘riqli yaralar qoldirdi. 1970 yilda tug‘ilganimga qaramay 1910-1945 yillargacha davom etgan yapon bosqinini ham, 1950 yilda boshlanib, 1953 yilda sulh bilan yakunlangan ikki Koreya urushini ham yigirma uch yoshimda mengacha yetib kelgan ovozini his qilaman. Bu 1961 yildagi harbiy to‘ntarishdan keyin armiyadan emas, balki oddiy odamlar orasidan chiqqan shaxs prezident bo‘lib hokimiyat tepasiga kelgan birinchi yil edi. Men va menga o‘xshash avlod yozuvchilari, biz o‘z ishimiz orqali siyosiy bayonotlar qilishimiz kerak, degan aybdorlik hissi bilan insonning ichki dunyosini tekshirish erkinligiga ega bo‘lganimizni his qilardik. Ittifoqo, mening yozuvlarim ushbu intererga qaratildi. Odamlar poyezd relslariga tushib qolgan bolani qutqarish uchun o‘z jonlarini berishdan tortinmaydilar, shu bilan birga Osvensiumdagi kabi dahshatli zo‘ravonliklarning sababchisi bo‘lgan jinoyatchilarni ham unutmaydilar. Ulug‘vorlikdan shafqatsizlikgacha bo‘lgan keng ko‘lamli insoniyat men uchun bolaligimdan beri qiyin uy vazifasi bo‘lib kelgan. Shubhasiz mening kitoblarim inson zo‘ravonligi mavzusidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Nega odamni quchoqlash men uchun bunchalik og‘riqli bo‘lganining asl sababini topmoqchi bo‘lib, o‘zimning ichki menimni paypasladim va u yerda men 1980 yilda bilvosita boshdan kechirgan Gvangjuga duch keldim.

 

—  Siz roman qahramoni sifatida o‘z xotirangizni kitobga yozib qo‘ygansiz. Bu hayot va san’at, o‘tmish, hozirgi va kelajakni bog‘lashning juda samarali vositasi. Voqea bilan birinchi marta qanday duch keldingiz?

 

—  Men Gvangjuda tug‘ilganman va qirg‘indan atigi to‘rt oy oldin to‘qqiz yoshimda mo‘jiza tufayli oilam bilan Seulga ko‘chib o‘tganmiz. Biz tasodifan ko‘chib o‘tgandik va bu ahamiyatsiz tuyulgan qaror tufayli qirg‘indan omon qolganmiz. Ammo bu omon qolganlarning o‘ziga xos aybiga aylandi va bu mening oilamni uzoq vaqt bezovta qildi. Men o‘n ikki yoshda edim, birinchi marta qirg‘in guvohi bo‘lish uchun yashirincha ishlab chiqarilgan va tarqatilgan foto albomni ko‘rganman. Otam uni Gvangjuga tashrif buyurganidan keyin olib kelgan edi. U albomni davlat xizmatchilari ko‘rib qolmasligi uchun ular atrofidan o‘tib ketayotganda, uni orqasiga olib kitob javoniga yashirgan. Men beixtiyor ochdim, shu albomni ichida nima borligini bilmay ko‘rib qoldim. Men bu sahifalarda mavjud bo‘lgan haddan tashqari zo‘ravonlik dalillarini qanday qabul qilishni bilish uchun juda yosh edim. Axir qanday qilib insonlar bir-biriga bunday narsalarni qilishlari mumkin? Bu birinchi savol ortidan boshqa savollar qalashadi: bunday zo‘ravonlik qarshisida biz nima qilishimiz mumkin? Men buni hozirgacha ham unutganim yo‘q, qon donorlari so‘roviga javoban kasalxona oldida navbatda turgan odamlarning cheksiz qator suratlari bor edi albomda. Ko‘plab oddiy odamlar zo‘ravonliklikdan  jabrlanganlarga yordam berish uchun o‘z uylarini tashlab kelishgandi. Harbiy holat armiyasi Gvangju kommunasining o‘n kunlik fuqarolik hukumatini tugatib, viloyat idorasiga qaytib kelganida, ulardan farqli o‘laroq oddiy fuqarolar — tug‘ilgan go‘shalarini tashlab ketishmagandi. Bu ularning o‘limi bilan yakunlanishi mumkinligini foto kitobda qayd etishgan. Shunday qilib, menga ikkita yechilmaydigan jumboq taqdim etildi: bu inson zo‘ravonligi va inson qadr-qimmati bo‘lib, ular qalbimga manguga muhrlangan. Men «Inson harakatlari» asarimda bu ikki topishmoqni topishga uringanim haqida qayd etganman.

—  Yaqinda Seulda oxirgi yillardagi eng yirik norozilik namoyishlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Repressiya paytidagidek o‘nlab kishilar yaralandi, jumladan oltmish to‘qqiz yoshli fermer polisiyaning suv purkagichli zarbalari so‘ng olgan tan jarohati natijasida komada tushib qoldi. Bu odam qishloq xo‘jaligidagi savdo islohotlariga norozilik bildirgan edi. Ajablanarlisi shundaki, Pak Geun He bu namoyishchilarni ISHID jangarilarini harakatlari bilan taqqosladi! Siz Janubiy Koreyadagi hozirgi siyosiy vaziyatni tarixning “avval fojiali” davrlari bilan solishtirganda nimani ko‘rayapsiz?

—  2013-yil boshida, Pak Geun He endigina saylanganida, ramziy voqea yuz berdi: temir yo‘lchilarning temir yo‘lni xususiylashtirishga qarshi namoyishiga javoban rasmiy hokimiyatning keng ko‘lamli taqsimlanishi boshlanganligini e’lon qildi. U hozirgi hukumatning ijtimoiy huquqdan mahrum bo‘lganlarga bo‘lgan munosabatini va izchil ravishda mehnat muammolarini ilgari surayotganlarni fosh qilib, alangani lovullatgandi.  Endi esa bu hukumatning ommaviy namoyishlarni bostirish usuli o‘zining zo‘ravonlik xarakteri bilan fermer Bayek Nam-kini komaga tushirdi. Bo‘sh mushtlari bilan norozilik bildirayotgan bu oltmish to‘qqiz yoshli cholga suv purkagich bilan hujum qilinib uni yerga urilganini ko‘rib, qattiq hayron qoldim. Qolaversa, janubiy koreyalik maktab o‘quvchilari rasman tasdiqlangan sakkizta darslikdan birida o‘rganishlari mumkin bo‘lgan tarix hozirda parda bilan o‘ralayotgani, kimligi noma’lum bo‘lganlar hukumat nomidan tasdiqlagan yagona darslik yozilayotgani, tashvishga sabab bo‘lmoqdi. Hukumat subsidiyalariga ko‘p ishonadigan teatr dunyosida o‘tgan yili ko‘pchilik hukumatni tanqid qilgan bir necha rejissyor va prodyuserlar uchun bu yordam paketlari to‘xtatilayotganini bilib hayratda qolgandim. Ammo shuni aytmoqchimanki, kurashayotgan odamlar bu «so‘zlab bo‘lmaydigan», ammo «haqiqatan ham sodir bo‘layotgan», tarixni o‘z-o‘zidan qaytarishga bo‘lgan aql bovar qilmaydigan urinishlariga qarshi turish yo‘lini topishga intilmoqda. Suv purkagich bilan yerga irg‘itilgan keksa odamni ko‘rib og‘riqni his qilsak, oramizda “bunday bo‘lmasligi kerak,” degan e’tiqod hukmron bo‘lsa, tarixni bunchalik osonlik bilan teskari ortga qaytarish butunlay imkonsiz ekanligini boshqalar ham tushunishlari kerak bo‘ladi!

 

— Kitob yozishni boshlaganingizdan beri siyosiy vaziyat qanday o‘zgarib rivojlandi? «Inson harakatlari» ni hozirgacha qanday qabul qilishdi va sizningcha, u bugun nashr etilganida boshqacha bo‘larmidi?

 

—  «Inson harakatlari» nashr etilgunga qadar, men bu roman qanday qabul qilinishini bilmasdim.  Shunga qaramay, men kutganimdan farqli o‘laroq, deyarli barcha ommaviy axborot vositalari (faqat o‘ng qanot bo‘lganlar bundan mustasno) kitobni keng yoritishdi. O‘quvchilarning javobi «biz o‘sha paytdagi Gvangjuni eslamoqchimiz, uning yodddan o‘chirilishini istamaymiz» qabilida yangragandi. Kitob chiqqan vaqt 2014 yil mayi edi. O‘ylaymanki, agar kitob hozir shu kunlarda yozilganda ham kitobxonlarning javobi o‘sha vaqtlardagiga juda o‘xshash bo‘lar edi. Agar biror narsa paradoksal tarzda yomonlashgan bo‘lsa, o‘shandan beri o‘zgargan ko‘p narsalar haqida afsus bilan aytish mumkin, endilikda odamlar Gvangjuni umumiy ot, inson zo‘ravonligi va qadr-qimmatini ifodalovchi ajralmas bir nom sifatida ishlatmoqda. Menimcha hammasi xuddi shunday.

—  Sizning barcha ishingiz inson bo‘lish nimani anglatishini ta’kidlagansiz. «Inson harakatlari» yaxshilikdan tortib noziklikgacha bo‘lgan aql bovar qilmaydigan ko‘lamni qamrab oladi. Bir qarashda, demokratiya sari kurashayotgan yosh millatning urushdan keyingi o‘sishini aks ettiruvchi «Inson harakatlari» asari «Vegetarian ayol» romanidan tubdan farq qiladi.

—  Ha, bu ikki roman bir-biridan juda farq qilsa-da, aslida ularni bir juft ildizlari chigallashgan holda qo‘shilib ketganini ko‘rish mumkin. «Vegetarian ayol» ni yozish paytida men odamlarning zo‘ravonligi va aybsizlikning (mumkin) va mumkin emasligi haqidagi savollarni o‘z oldimga qo‘ydim. Bosh qahramon Yeong-Hening zo‘ravonlikdan yuz o‘girish uchun o‘zining inson tanasini tashlab, o‘simlikka aylanishini ko‘rsatdim. Bunda chuqur umidsizlik va insoniyatga shubhani aks ettirmoqchi bo‘ldim. Boshqa kitobim  «Yunon darslari» da esa qahramon tilga o‘rnashayotgan va oddiy holdek qabul qilinayotgan zo‘ravonlikni rad etish usuli sifatida nutqini yo‘qotadi.

Bu rad etish imo-ishorasi, shuningdek, o‘z-o‘zini yo‘q qilish harakati orqali o‘z qadr-qimmatini — tor bir uslubda, ulkan qiyinchilik bilan tiklashga urinishining bir ko‘rinishidir. «Inson harakatlari» ham inson zo‘ravonligidan azob chekish bilan boshlanadi, lekin men oxir-oqibat insoniy qadr-qimmatga erishmoqchi bo‘ldim — gul ochadigan yorug‘ joyga chiqmoqchi bo‘ldim. Bu roman yozishda davom etishim uchun eng katta turtki bo‘ldi.

 

—  «Inson harakatlari» ning tuzilishi, turli nuqtai nazardan bayon qilingan bir-biriga bog‘langan boblar Akutagavaning «Rasyomon»ini eslatadi, bu yerda har bir guvohlik qisman vahiy yang‘lig‘ olib chiqiladi. Nima uchun asosiy qahramon Dong-Ho hayotining so‘nggi soatlari haqida hikoya qilish uchun ushbu tuzilmani tanladingiz?

 

—  Dong-Honing hayoti va o‘limi faqat shu tarzda aytilishi mumkin bo‘lgan hikoya edi. Dong-Honing so‘nggi soatlarining tarqoq parchalarini to‘plash orqali o‘quvchilar haqiqati nomukammal bo‘lgan va erishi oldidan qisqacha ko‘rish mumkin bo‘lgan yuzni birlashtirishi mumkin bo‘lgan usul. Men bu shakldan «Vegetarian ayol» da ham foydalanganman. Yeong-He juda qisqa tush monologlarida ovozga ega, shuning uchun bu o‘ziga xos qattiqqo‘l va qat’iyatli ayolning qiyofasi atrofdagilarning nigohlari va ovozlari orqali nomukammal kompozisiyaga to‘plangan. Men asarda an’anaviy rivoyat usullaridan foydalanib aytib bo‘lmaydigan hikoyalar va haqiqatning ba’zi daqiqalari bilan shug‘ullanganman.

 

—  Ushbu polifonik shaklda Dong-Ho romanning aksariyat qismida ikkinchi shaxsda uchraydi. Nega bunday qarorga keldingiz?

 

—  Ikkinchi shaxs «siz» bu «men» tomonidan aytilgan yolg‘iz shaxs bo‘lib, o‘zlarini uchinchi shaxs deb bayon qiluvchidan farq qiladi. Ushbu chaqiriq orqali «sen» «men» yashaydigan vaqt va makonda paydo bo‘ladi. Garchi o‘n besh yoshli Dong-Ho 1980 yil may oyini oxiriga, davomli chaqiruv tufayli bu yerda paydo bo‘ladi, zulmatning sirtini buzadi va hozirgi kunni qamrab oladi. Shunday qilib, Dong-Ho davomli ketma-ket hikoyachilar tomonidan chaqiriladi va eslanadi, har bir bob uchun alohida xarakterga ega chaqiruvchilar bo‘lib, ular o‘zlarining alohida vaqt bo‘laklarini taqdim etadilar va oxir-oqibat, o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, u bizning hozirgi kunimizga qadam qo‘yadi.

—  Romanning “Muharrir” bobida davlat syenzuralariga to‘g‘ri kelmaydigan spektakl muharriri unutishga mahkum qilingan asarni eslab qolish maqsadida zo‘ravon so‘roq hodisasini qayta-qayta ko‘rib chiqadi. Og‘ir syenzuraga ega bo‘lgan bu o‘yin roman ichida ovozsiz ijro etiladi. Klassik adabiy travma nazariyasiga ko‘ra buni muharrir va siz, Dong-Xoning o‘limini adabiyotga aylantirish uchun qayta ko‘rib chiqayotgan yozuvchining xarakterini takrorlashga majburlash, asl ruhiy jarohat tajribasiga xos bo‘lgan tasvirlab bo‘lmaydigan narsa sohasiga kirishga urinish deb taxmin qilishi mumkinmi?..

—  Menimcha, ruhiy jarohat shifo yoki tuzalish emas, balki qabul qilinishi kerak bo‘lgan narsadir. Men qayg‘uni — ya’ni, bu o‘liklarning joyini tiriklar ichida joylashtiradigan narsa ekanligiga ishonaman; Bu yerni qayta-qayta ziyorat qilish, butun umr davomida uni og‘riqli va jimgina quchoqlash orqali hayotni, ko‘p ehtimol bilan paradoksal tushunish mumkin deb o‘ylayman.

Uchinchi bobda Yun-Suk o‘z hayotini dafn marosimiga aylantirgan, chunki u Dong-Ho va qirg‘inning boshqa qurbonlari uchun qat’iiyat va qaysarlik bilan qayg‘urishi mumkin. Dafn marosimining qadr-qimmatidan mahrum bo‘lgan o‘liklar uchun yozilgan spektakl syenzura uni deyarli butunlay o‘chirib tashlaganidan so‘ng, sukutda ijro etiladi, shuning uchun aktyorlarning lablari faqat nutq o‘rnida qimirlaydi. Bu sokin sahna, albatta, syenzura amal qilgan davrlardagi umidsiz narsa, shu bilan birga motamning umidsiz harakati, mavjud real sharoitlarining bir qismidir;

 

— «Inson harakatlari»da vaqtdan foydalanganingiz juda qiziq. Har bir bob 1980-yildagi qirg‘indan so‘ng, 2013-yilda kitobni yozayotgan kuningizgacha hikoyangiz tugaguniga qadar ketma-ket vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tadi, ammo bu jarayon qat’iy chiziqli emas. Masalan, o‘quvchi Dong-Honing yosh hayotining oxiri haqidagi parcha-parcha hikoyani birlashtirish uchun ishlashi kerak va shuning uchun ularning vaqt tajribasi xotiraning qurilgan mahsuloti sifatidagi vaqtdir. Shu tarzda o‘tmish va hozirgi zamonni bog‘laydigan yulduz turkumi yaratiladi, bu vaqtinchalik munosabatmi? Ushbu qarorning axloqiy jihati bormi?

 

—  Sizning o‘tmish va bugunni eslatib o‘tishingiz yigirma yoshimni esga soladi. Garchi o‘sha paytda men Gvangju haqida fantastika yozish niyatim yo‘q bo‘lsa-da, bu dahshatli tushning parchasi yoki soyasi kabi doimo xayolimda bo‘lgan narsa edi. Taxminan o‘sha paytda men har safar kundalikni to‘ldirib, yangisini boshlaganimda o‘sha birinchi bo‘sh sahifaga xuddi shu parchani yozardim: «Hozirgi zamon o‘tmishni qutqara oladimi? Tiriklar o‘liklarni qutqara oladimi?” Deyarli yigirma yil o‘tib, “Inson harakatlari»ni yozganimda, yana o‘sha jumlalar xayolimda aylandi va men bu haqida romanda yaxshilab o‘ylab ko‘rdim. Bu o‘rinda ehtimol «Inson harakatlari»ni yozish jarayonida boshdan kechirgan o‘zgarishlarim haqida gapirishim kerak shekilli. 2012 yil dekabridan keyin uch oy davomida men har kuni sakkiz yoki to‘qqiz soat davomida Gvangju bilan bog‘liq shafqatsiz hujjatlarni, so‘ngra XX asr davomida inson zoti tomonidan sodir etilgan boshqa shafqatsiz harakatlar misollarini o‘qib chiqdim; Qanchalik ko‘p o‘qisam, shu paytgacha insoniyatga bo‘lgan ishonchim shunchalik kuchayib ketdi. Men o‘zimni to‘sqinlik qilgandek his qildim, yozishni davom ettira olmadim va deyarli taslim bo‘ldim. Keyin, men 1980 yil 27 may kuni erta tongda viloyat boshqarmasida qolib, vafot etgan fuqarolik milisiyasi a’zosining so‘nggi kundalik yozuviga duch keldim. Kechki maktabda dars bergan, sipo, nozik tabiatli yigirma yetti yoshli yigit. Kundalik kirishi duo shaklida edi va shunday boshlangandi: «Ey Xudo, bu vijdon degan narsa nega meni bunchalik teshib, azoblaydi? Men yashashni xohlayman.» Uni o‘qib, oldingi o‘qishlarimda nima yetishmayotganini angladim. Men o‘ylaganimdek, garchi bu roman insoniy shafqatsizlik va zo‘ravonlikdan boshlangan bo‘lsa-da, u inson qadr-qimmati sari intilish kerakligi haqida aslida. Men bu yo‘lni iloji boricha uzoqroqqa borishning yagona yo‘li ekanligini his qildim.

— Ajablanarlisi shundaki, kitob o‘lganlar uchun hushyorlik chaqiruvi o‘laroq sham yoqilishi bilan boshlanadi va tugaydi — bu loyihada motam qanday rol o‘ynaydi?

—  Kitobning boshi va oxirida sham yoqib, men eng yaxshi tarzda motam tutmoqchi edim. Chunki o‘ttiz yillik davrni bosib o‘tib, yonayotgan olov qalbidan bizga qaytib kelgan odam yoki odamlarning obrazlari qayta paydo bo‘ladi. Shu tarzda o‘tmish va hozirgi, o‘lik va tiriklar sham alangasida bir-biriga duch kelishni xohlardim. To‘satdan xayolimga qanday qilib boblarni buyurtma qilishim kerakligi aniq bo‘ldi va men 2013 yil mart oyida romanni shu tariqa boshlashga muvaffaq bo‘ldim. To‘g‘ri boshlaganimdan so‘ng, men bu kitobda o‘zimning ahamiyatsiz ekanligimni angladim. Ajablanarli darajada va  tabiiy bir tarzda mening o‘z-o‘zimni  anglashim g‘oyib bo‘ldi. Holbuki men his-tuyg‘ularimni, tanamni, hayotimni ularga berishni xohlagandim.

 

—  «Fabrika qizi» bobi xotira, orzular va hozirgi zamonning murakkab to‘qilishiga qurilgan. Kasaba uyushmasi ayollar guruhidagi roli uchun qora ro‘yxatga kiritgan va qiynoqqa solingan sobiq zavod ishchisi Lim akademik dissertatsiya uchun og‘zaki guvohlik berishdan bosh tortadi. Epilogda esa «Yozuvchi» bobini siz uchun guvohlik berish harakati bilan nima bilan bog‘liq?

 

— Beshinchi bobni yozish men uchun nihoyatda qiyin edi. Avvaliga men o‘zimning his-tuyg‘ularimni, tanam va hayotimni «ularga» berishni xohlardim, deb o‘ylagan bo‘lsam-da, qiynoqlardan omon qolgan Lim Seon-juning hayotini yozish orqali shunday narsalarni boshdan kechirdimki, men bu kabi narsalarga chidashni xohlamaydigan unga o‘xshagan ayol ekanligimni his qildim. Shunday qilib, bu bob 2002 yil avgust oyining bir kuni kechasi Seon-juni uzoqdan kuzatgandek ohangga ega edi. Keyin bu  undan uzoqlashishga harakat qilganim uchun ekanligini angladim va shu bois butun matn bobini boshdan qayta yozdim. Men uning diktofon tugmachasini bosa olmay qolganini his qilganini yozishga qiynaldim. Bobning oxirgi jumlasini «iltimos o‘lmang, o‘lmang,» deb Seon-juning ovozi bilan yozdim.  Bu men unga, barcha tiriklarga, bizga aytmoqchi bo‘lgan gapim edi. Bo‘limni yozish qiyin bo‘lsa-da, Seon-ju guvohligining og‘rig‘ini yozuvchi boshdan kechirgan og‘riq bilan yonma-yon qo‘yish mumkin emas. Chunki, yozuvchi guvohlik yaratishda o‘z his-tuyg‘ularini va hayotini qahramonlarga berib, og‘riqni boshdan kechirsa ham, oxir-oqibat yozuvchi bu kitobdan omon qolgan kishidir. Shu kunlarda men kitob chiqqandan keyin ham tiriklarning vijdoni chiday olmasligini his qilyapman.

 

 

—  «Inson harakatlari»ni  tarixiy roman deb ta’riflash noto‘g‘ri, chunki uning tarixiy o‘tmishi to‘g‘ri nihoyasiga yetmagan, aksincha unda xotiralar va yaralar o‘tmishni bugungi kunga singdiradi. Bugungi kunda qirg‘in tirik xotirada ham, hujjatda ham mavjud, shuning uchun tadqiqot va rejalashtirish nuqtai nazaridan sizning jarayoningiz qanday edi? Kitobni yozish jarayonida tarixiy arxivlardan foydalandingizmi?

 

—  Kitobni yozishda men Gvangjuning tarixiy kontekstini sinchkovlik bilan o‘rganishga harakat qildim. Boshqacha qilib aytganda, 1980 yil may oyi to‘satdan paydo bo‘lishini sabablarini, men 1970-yillarda harbiy hukumatning inson huquqlariga bo‘lgan zulmi va ishchilar harakatini qanday olovga aylantirgani orqali ko‘rsatmoqchi edim. Agar men ushbu kitobni 1990-yillarda yozganimda, hujjatlarni olishning o‘zida katta qiyinchilikka duch kelardim. Ammo men 2012 yilning qishida yozishni boshlaganim uchun arxivlar, turli ilmiy markazlar va tadqiqot muassasalaridan juda ko‘p materiallar olishga muvaffaq bo‘ldim. Shunday qilib, aslida men duch kelgan qiyinchilik shunday tog‘li materiallardan qanday o‘tishim edi. Jumladan, yuzlab odamlarning yozma guvohliklari bor edi, ular birgalikda ikki ming sahifadan oshardi. Bularni diqqat bilan o‘qish men uchun juda muhim edi. Lekin oxir-oqibat, men romanning hujjatli roman vazifasini o‘tamasligini, balki insoniyat tomonidan qamrab olingan adabiy asar bo‘lishini xohladim.

—  Siz romanni yozishda odamlar bilan suhbatlashganmidingiz?

 

—  Marhumlarning oila a’zolari yoki jarohat olganlar bir necha bor ko‘rsatma berganliklarini hisobga olib, ularni yana suhbatga tortish ortiqcha deb o‘yladim. Bu to‘g‘ri bo‘lmasligini his qildim. Buning o‘rniga o‘zim tanigan oddiy odamlar bilan uchrashib, ulardan Gvangju haqida so‘radim. Ular bu haqda birinchi marta qachon bilishgan? Bu voqeye ularning hayotini qanday o‘zgartirdi? Men hamma narsada shunday umidsiz yordam oldim. Alal-oqibat tasavvurga hai sig‘maydigan qimmatli hujjatlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. 1980-yillar boshidagi universitet muhitining tavsifi, men o‘sha paytda bolaligimda o‘zim boshdan kechirmagan edim tuyg‘ularim; o‘sha davrdagi syenzura idorasining atmosferasi kabi tafsilotlar menga kerak bo‘lgan narsa edi. Shu tarzda menga qalbini ochganlardan juda minnatdorman.

 

—  «Inson harakatlari»da, qirg‘in qurbonlari — sarson-sargardon arvohlar ta’qib qilinadi. Koreys adabiyoti va folkloridagi arvohlar an’anasi haqida gapira olasizmi? Romanda paydo bo‘lgan arvohlar bilan tez sanoatlashgan va an’anaviy Koreya e’tiqod tizimlari o‘rtasidagi dislokatsiya bilan bormi?

 

—  Bu sarson-sargardon mavjudotlar Koreyaning an’anaviy e’tiqod tizimiga unchalik bog‘liq emas.

Koreyada ham ingliz tilidagi sharpa, ruh g‘ayrioddiy narsa sifatida qaraladi, shu sabab mendan bu haqda ko‘p so‘rashgan. «Inson harakatlari» asarini yozishdan oldin ham, har doim ruh haqida har xil o‘ylarim bo‘lgan, men ularni har doim shunday yumshoq, oqargan narsalar deb o‘ylardim. Universitetda she’r yozgan katta kursdoshlarimdan biri shunday degan edi: «Agar ruh degan narsa bo‘lganida, ehtimol ular sevib qolgan odamning qalbida qattiq miltillovchi yuzga o‘xshab ketar edi». Mening shaxsiy fikrlarim shunga o‘xshash. Ruh soyaga o‘xshagan nozik, tebranuvchi narsaga o‘xshaydi. «Inson harakatlari» da o‘limdan keyingi dunyoda na xudo, na qutqaruvchi yo‘q. Odailar tanasidan chiqqan ruh cheksiz nozik soyalardek miltillaydi, o‘z hayoti va o‘limini eslaydi. Aynan shuning uchun ham bizni, boshqacha qilib aytganda, tiriklarni, barcha mas’uliyat zimmamizdamiz.

 

—  Zamonaviy «milliy» koreys adabiyoti bormi va agar bo‘lsa, u qaysi masalarni ko‘tarmoqda va nimalarga javob beradi?

 

—  Men «milliy» yoki «adabiyot» degan birorta ham tushunchani ko‘rmayapman. Aksincha, men har doim tilga qiziqib kelganman. Men yagona til madaniyat qatlamlarining chuqurligi, murakkabligi va nozikligi haqida fikr yuritishdan zavqlanaman. Men koreys tilida yozilgan she’riyat va badiiy adabiyotdan qarzdorman, chunki men o‘smirlik davrimni shular bilan o‘tkazganman. Bu o‘rinda men Lim Cheol-Vuning alohida eslab o‘tishim mumkin. Yoshligida Lim Gvangju qo‘zg‘olonida bevosita ishtirok etgan va yozuvchi sifatida umrining qolgan qismini Gvangju haqida guvohlik berish uchun uni sinchiklab o‘rgangan.Uning «Bahor kuni» deb nomlangan besh jildlik romani bo‘lib, unda Gvangjuning o‘n kunlik fuqarolik hukumatini qayta tiklangan. U nashr etgan keyingi ishlari ham nafaqat Gvangju, balki butun Koreyaning yigirmanchi asriga motam tutadigan  go‘zal asarlardir. Shunga qaramay, uni «milliy adabiyot» deb atash mumkinligiga ishonchim komil emas.

 

—  Nihoyat, yangi kitobingiz ustida ishlayotganingiz haqida gapirib bersangiz?

 

—  Biroz oldin men tasniflash qiyin bo‘lgan juda qisqa kitob, o‘ziga xos nasriy esse yozgan edim. Bu iyun oyida Janubiy Koreyada chop etilishi rejalashtirilgan. Fotosuratlar va harakatlanuvchi tasvirlar yordamida illyustratsiyalar yaratuvchi rassom haqida yozayapman, uni nashr etilishi munosabati bilan Seulda ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari yana bir uch qismli roman ustida ishlayapman. «Vegetarian ayol» kabi, bu asar ham uchta mustaqil romandan iborat bo‘ladi. Men allaqachon birinchi romanni tugatdim va ikkinchisi ustida ishlayapman. Ana shunaqa gaplar.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting