Imomova Ruxsora Axmedovna, BuxDu tayanch doktoranti
Annotatsiya: Ushbu maqolada shoir Rauf Parfining adabiy-estetik qarashlari haqida so`z boradi. Shoir ijodida qanday adabiy tamoyillarga amal qilingani turli yillarda u bilan qilingan adabiy suhbatlar asosida dalillangan. Shoirning adabiy hukmlari o`sha davr adabiyotini ochib beradi.
Kalit so`zlar: poetika, adabiy hukm, adabiy-estetik qarashlar, tuzum, sotsialistik realizm.
Аннотация: В данной статье рассказывается о литературно-эстетических взглядах поэта Рауфа Парфи. Каким литературным принципам следовал в творчестве поэт, доказывалось на основе литературных бесед с ним в разные годы. Литературные суждения поэта раскрывают литературу того времени.Ключевые слова: поэтика, литературное осмысление, литературно-эстетические взгляды, система, социалистический реализмAnnotation: This article talks about the literary and aesthetic views of the poet Rauf Parfi. What literary principles were followed in the work of the poet were proved based on literary conversations with him in different years. The poet’s literary judgments reveal the literature of that time.Keywords: poetics, literary judgment, literary-aesthetic views, system, socialist realism. Rauf Parfi ijodi murakkabliklarga to`la, ramziy ifodalarni anglash o`quvchilarga og`irlik qiladi, degan fikrlarni ko`p eshitamiz. Ammo bu murakkablik emas, badiyat estetikasining go`zal na’munalari bo`lish bilan birga shoir she’rlarida yuksak badiiy did namoyon bo`ladi. Uni o`qish uchun adabiyotni uning yo`nalishida anglash lozim. Rauf Parfi shoir sifatida qo`liga qalam olishdan avval, o`quvchi sifatida mukammallashgan ijodkor.
Rauf Parfi bilan yozuvchi Nabijon Boqiy 1995-yil 8-martda suhbat qurishadi. Ikkala tomon: savol beruvchi ham, javob beruvchi ham badiiy asarga yuragi bilan yondashadigan insonlar. Yozuvchi Nabijon Boqiy, asosan, hujjatli qissalari bilan tanilgan ijodkor bo`lib, o`zbek adabiyotida tanqidchi sifatida ham o`tkir “gulqaychili” inson. Rauf Parfi atrofida juda ko`p shogirdlari bo`lgan, hatto maqolada u yashaydigan uyning «Karvonsaroy» deb atalishi savolga qistirib ketilgan. Nabijon Boqiy bu davr yosh ijodkorlarining shoir atrofida yig`ilishi, unga havas qilishi va uning ijodidan ilhomlanishini taqlidchilik deb ataydi va shoirdan bu shakldagi paydo bo`layotgan adabiyotga qanday qarashini so`raydi gaplari zamirida.
Rauf Parfi adabiyotda taqlidchilik qay darajada bo`lishi kerakligini shunday tasvirlaydi: “Taqlidchilikka kelsak, bu tabiiy o`tkinchi jarayon. Aytmoqchimanki, vaslingga yetolmadim, deb o`tib ketmas, visoliga ham yetar, ya’ni taqlud tugar. Shoir aytmoqchi, polizingizda sabzi-piyozingiz mo`l bo`lsa, bitor kimsadan qizg`onib o`turmaysiz. Biroq texnik nuqtayi nazardan taqlidning ilmiy inkishofi haqida o`ylash kerak. Ya’ni, deylik, “Ko`nglim to`la g`ash” misrasiga “qonlarga to`ldi bag`rim” deb taqlid qilishi kerak, bo`sh kelmasligi kerak taqlidchi”. [1]
Taqlid dastlab badiiy mukammal ijodni kashf qilmasligi mumkin, ammo shu mukammallik sari qo`yilgan birinchi qadam bo`la oladi.
Rauf Parfi ijodi mumtoz adabiyot na’munalaridan yaxshigina oziqlangan. Ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyotni bilgan ijodkor boshqa shoirlar ijodining qadrini ham yaxshi anglagan. Masalan, shoir Oybek she’riyati haqida Ibrohim Haqqul bilan suhbatda shunday adabiy hukmlarni aytadi:
“Oybekda ko`ngilga tugun tashlaydigan she’rlar yo`q hisobi. Aksincha, u har bir she’rda ilg`oq she’rxon dilini tugunlardan xalos eta boradi. Oybek g`oyaviy- badiiy izlanishlarning murakkab va mashaqqatli yo`llarini bosib o`tgan shoirdir”.[2]
Oybek she’riyatidagi soddalik misralarning badiiyligini ham ta’minlay oladigan darajada yaratiladi. Lirikasning yoqimliligi sababi ham kitobxon xayolida hisni butun bo`y-basti bilan uyg`ota olganida edi. Bu mahorat esa Sharq klassik adabiyoti ta’siridan yuzaga kelganligini ta’kidlaydi Rauf Parfi. Bu klassik adabiyot Oybek uchun balki Navoiy, Fuzuliydan boshlangandir, lekin oxiri u o`zi jon-jahdi bilan himoya qilgan shoir Cho`lpon bilan tugashi aniq.
Oybek yaratgan liro-epik tur uning shu iste’dodini isbotlaydi. Oybek erkni, adolatni isyonga burkab aytmasa-da tuyg`ulari uning ruhiyati sotsialistik realizmga taslim bo`lmaganini aytib turadi. Rauf Parfi bu borada Oybekning quyidagi satrlarini keltiradi:
“Erkinlikdan boshqa bormi bir go`zal?”[3] Haqiqatda ham, Oybek talqinida erkdan ortiq, erkdan muqaddas go`zallik bo`lmagan. U erk haqida «zaruriyat kishanlari»ni uzib, parchalab fikrlash shijoatidagi jasur tafakkurli shaxs edi. Umuman olganda Oybek hayotining so`nggida qanday ahvolda yashaganligi ham bu jasoratning sababi edi, desak ham adashmaymiz.
Rauf Parfi yashagan davr adabiyotida sotsialistik realizm kundan-kunga shoirlar ijodini mahv etib borayotgandi. Rauf Parfini nega yoqtirmadilar? Chunki u bu ohanglarga so`z yozishni istamadi. Umuman, istamaslik u yonda tursin, shoir bu haqida o`ylab ham ko`rgani yo`q. Uning ijodi ana shu muhitga bo`lgan isyondan tug`ilgan edi. Necha asrlik o`zbek poeziyasining qaysi saroblik tomon ketayotganini ko`rib turgan edi. U ham xalqning va adabiyot ahlining ham ko`zini ochib , dunyoga berkinib olgan uyi derazasidan bosh chiqarib qarashini istayotgandi. Cho`lpon va Fitratlar bu adabiy yangilanishni boshlab bergan bo`lsa, Rauf Parfi davom ettirdi. Mumtoz turkiy poeziyadek mukammal asarlar yaratilayotgan adabiyotning o`rnini davrboz shig`irlar egallashiga shoir ko`z yumib turolmasdi. Aynan davr she’riyati va Rauf Parfi lirikasi xususida gap ketsa adabiyotshunoslar xuddi shunday fikr bildirishadi. No`mon Rahimjonov Rauf Parfini ham yaqindan bilgan do`st, ham adabiyotshunos sifatida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Rauf Parfi lirikasidagi SO`Z, QUSHCHA, BULOQ, DARAXT, NAY, NUR singari obrazlar tagdor, purmano mazmun ifpdalashiga ko`ra timsollarga aylanayotir. Ular Turonzamin, Turkiston xalqlarining tarixiy hayoti sahifalarini suratlantirayotir. Millat taqdirida o`chmas iz qoldirgan va ayni keying yuzyilliklarda mudragan jo`mardlik, jangarilik, qahramonlik ruhini qayta tiriltirish, oyoqqa qo`yish, faollikka davat Rauf Parfining Turon-Turkiston mavzusidagi sherlarining yetakchi xususiyatidir”. [4]
Rauf Parfi ham o`z davri she’riyati haqida Qo`chqor Norqobil fikr so`raganida shunday deydi: “Qarang, qo`lingizda bir narsa bor. (Shoir qo`lini hovuch qilib ko`rsatadi.) Hozir uchib ketishi kerak. Uni avaylash zarur. Shuning uchun qo`lingizdagi… qushchaga butun borlig`ingiz bilan berilasiz. Turkiy xalqlar she’riyati ichida o`zbek poeziyasi ham shu hodisa bilan bog`liq. Chunki u yo`qotyapti. Yo`qotish jarayonidagi og`riqli tovushlar bugungi she’riyat. Uchib ketayotgan narsa- bugungi she’riyat”. [5]
Shoirlarning sovet davridagi ikki guruhga ajralib qolishini ham tepadagi kuchlarning qo`li deb biladi shoir. To`g`ri-da, majburlashmasa, tazyiq o`tkazishmasa yoki aldovlar bo`lmasa qaysi vijdonli va haqiqatni anglab turgan shoir «davrbop» she’rlar yozadi? Ko`pchilik mukofotlar uchun yoki ong darajasi shu qadar bo`lganligidan bu ishga qo`l urdi, ammo ular shoir emas-da. Kimlardir esa oilasi, yaqinlari uchun omon qolishga harakat qildi, yashashga harakat qildi. Oqibatda ikkita guruh bir-biriga qarshi kurashlar ham olib bordi, bir- birini “fosh” qila boshladi. Mana shu voqealarning tub zamirini shoir shunday baholaydi: “Agar yozuvchilar uyushmasi bo`linmasa xalqqa fikr berardi. Shu maqsadga erishildiki, Yozuvchilar uyushmasining ham, Adiblar ittifoqining ham yuzi qolmadi”. [6]
Mana shunday og`ir vaziyat balki ramziy she’riyatning kirib kelishini jadallashtirgandir. Bu qandaydir o`zbek adabiyotining birdaniga jahon adabiyotiga yaqinlashib qolishi, xohish-istaklar tufayli emas, davr taqazosi bilan ham shakllanayotgan uslub edi. Rauf Parfi simvolistik o`zbek she’riyatini imo -ishora she’riyati degan edi: “Bizning she’rlar turmaning ichida yoziladigan she’r edi. To`rtta odam tushunadi, qolganlar-chi?…”[7]
Ijtimoiy-siyosiy holat adabiyotga ham ta’sir qiladi. Umuman, barcha qit’alarda ham shunday kechgan bu holat. Ramziy poetikaning paydo bo`lishining boshqacha sababi yo`q. Bunday fikrlay olgan insonlar millatning bugunini ham ertaga nima bo`lishini ham yaxshi anglab turganlardir. “Millatni anglagan, dunyoni tushungan odamni asrashimiz kerak. O`zgacha fikrlaydigan odamlar zulm ostiga olinmasligi kerak endi. Xalqimiz ko`p narsalarning fahmiga yetishi kerak endi”. [8]
Har qanday davlatni qo`lga olishning birinchi usuli uning ziyolilarini yo`qotishdir. Bizning adabiyotimizga ham xuddi shu usulni qo`llashdi. O`tgan asrda qo`rquv shakllantirgan masxaraboz adabiyot xalqqa ham singdirib borilib, avrab kelingan. Asqar Mahkam, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Abdulla Oripov kabi insonlar mana shu holatni anglovchi insonlarimiz edi. Bular Rauf Parfi ta’kidlaydigan “sir” ni anglaydigan ta’madan yiroq kishilar . Shoir aytganidek, t’ama bor joyda san’at o`ladi. San’atni anglaganlar yaratadi. Shomirza Turdimov Rauf Parfiga shunday savol beradi: “San’atning vazifasi nimadan iborat o`zi?”
R.P: San’atning vazifasi o`limni anglatish. Shakli qanday bo`lishidan qat’iy nazar.
Sh.T: O`lim-chi?
R.P: O`lim — bu san’at.[9]
Bu so`zlarda naqadar katta yuk bor. Shoir butun umr o`limni anglab yashagan. O`limni anglagan inson vijdoniga xiyonat qilmaydi. Buni, albatta, Rauf Parfi aytganidek, O`lim! Og`ir! Go`zal! San’atkor biladi. Tamagir bilmaydi.
Rauf Parfi she’riyatining, umuman, adabiyotning asosiy g`oyasi doimo erk bo`lgan. Shoir shunday “erkchi” ijodkorlar haqida fikr bildirar ekan, Cho`lpon, Fitrat, Qodiriylarga ergashganini aytadi. Shoir she’rlari uyg`otadigan siyosiy ta’assurot bu davr va uning maslagi qarama-qarshi kelib qolganligi bilan bog`liq. “She’riyatda yolg`on gapirish mumkin emas”.[10] Yolg`onni aralashtirmay jamiyatning dardini anglash, darhaqiqat, siyosatdan yiroq narsa. Rauf Parfi yolg`on so`zlashni istamadi, xolos. “Yolg`on – iste’dodning kushandasi”.[11]
She’r adabiyotning katta mas’uliyat talab qiladigan yuragi. Uni yashatish uchun ham ilohiy kuch ham idrok kuchi kerak. Birinchisi she’rni yozishga turtki bo`lsa, ikkinchisi “bu she’rga o`xshadimi?”, deya uni taftish va tahlil qilishi lozim! Bu Ozod Sharafiddinov tabiri bilan aytganda “She’r ko`p, shoir-chi?” fikrini beradi. Har qanday she’r yozgan shoir bo`lmaydi va o`z navbatida shoirlarning ham har qanday she’rlari haqiqiy she’r bo`lolmasligi aniq. Rauf Parfi she’r masalasiga jiddiy qaraydigan adabiyotshunos. Uning o`zi biladigan she’r texnikasi, she’r madaniyati bor. Shoir misralarda har bir so`zning yonida uni himoya qiladigan qorovuli bo`lishi kerakligini ta’kidlaydi. Ya’ni so`zlar bir-birini ushlab turishi kerak. Shunchalar bir-biriga bog`langan bo`lishi kerakki, bir so`z ham tushib ketolmasin. Shoirlik mukammal yozish bilan birga haqni yozish edi O`zturk uchun. Nozim Hikmat fikriga monand shoirlikni Rauf Parfi shunday biladi: “Bu qonli kasbni nega biz oldik… demak, hamisha kunlarimiz og`ir kechadi. Bo`ynimizga olishimiz kerak”.[12]
Shuning uchun ham shoir adabiyotni ikkita deb bilardi: “Insonlarga to`g`ri xizmat qiladigan adabiyot bor, yo`q narsa bor, bu adabiyot hisoblanmaydi, yolg`on bo`ladi, ya’ni mana bu yerda odam och-yalang`och turibdi-da, u baxtli yashayapti degan adabiyot adabiyotmas”. [13]
Rauf Parfi dahosi haqiqatga sig`inadigan ibodatgo`y edi. Uning she’riyati Haqqa sajda qiladi va adolatni so`raydi. Shoirning butun umri xalqqa kerak bo`lgan ozodlik g`amida o`tdi, haqiqiy ozodlik g`amida. Uning kuchli adabiyoti kuchli xalq, kuchli dunyo bo`lishini istardi. U yaratgan she’riyatning asosiy qirrasi ham o`tkirligida, kuchliligidadir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –b.251
- Nabijon Boqiy. Sho`ralisoydan chiqqan karvon.// “Toshkent haqiqati” gazetasi, 1995-yil 29-mart soni
- No`mon Rahimjonov. Mustaqillik davri o`zbek she’riyati. –Toshkent : Fan, 2007. – b.260
- Shomirza Turdimov. Tut gullagan payt.//”Suhbatdosh” gazetasi, 1999-yil, fevral soni
[1] Nabijon Boqiy. Sho`ralisoydan chiqqan karvon.// “Toshkent haqiqati” gazetasi, 1995-yil 29-mart soni
[2] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.43
[3] Shu manba, B.60
[4] No`mon Rahimjonov. Mustaqillik davri o`zbek she’riyati. –Toshkent : Fan, 2007. – B.101
[5] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.66
[6] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.70
[7] Shu manba, B.72
[8] Shu manba, B.73
[9] Shomirza Turdimov. Tut gullagan payt.//”Suhbatdosh” gazetasi, 1999-yil, fevral soni
[10] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.100
[11] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.135
[12] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.126
[13] Rauf Parfi. Hukmnoma. – T.:”Akademnashr”, 2023-yil. –B.130