Turk modernist yozuvchisi Oʻgʻuz Atay hikoyalari

Tarjimon: Ruxsora Nur

 

Temiryoʻl hikoyachilari

(bir tush)

Temiryoʻl hikoyachilari

(bir tush)

Biz mamlakatning katta shaharlaridan uzoq, togʻ bagʻridagi qasabaning temiryoʻl stansiyasida ishlaydigan uch hikoyachi edik. Stansiyaning bosh binosiga ulab qurilgan uch kulbada jon saqlardik. Men, yosh Yahudiy va yana bir yosh Ayol. Hikoyalarimizni sayyor yurib sotardik. Stansiyaga poyezdlar qatnovi siyrak boʻlganligidan ishimiz unchalik zoʻr emasdi. Pochta poyezdlari keladigan kunlar esa deyarli ishlamasdik. Tushdan keyingi pochta poyezdlariga koʻproq ayron, olma va kolbasa-nonlar sotilardi. Bu vaqtda biz hikoyachilar mizgʻib olardik. Shu asnoda kechqurungi uyquni ham olgan boʻlardik. Chunki bizning butun umidimiz yarm kechadan keyingi tezyurar poyezdlardan edi. Yemish sotuvchilar kechasi shirin uyqudan kechib kelolmasdi. Biz ham uyquning bahridan oʻtilmay trezyurar poyezdlarni qoʻldan chiqargan vaqtlarimiz boʻlardi. Bekat noziri bilan oramiz yaxshi, ammo, bu yerning yagona amaldori negadir har gal bizni uygʻotishni unutib qoʻyardi. Unga ham oson emas: har gal poyezd kelib ketganda xavfsizlik toʻsiqlarini (shlagbaumni) ochib-yopar, telegrafdan xabar olar, barcha belgilarni nazorat qilishdan tashqari bilet sotish va eshik oldi tekshiruvi kabi barcha ishlar yolgʻiz uning yelkasida. Unga bizning ham foydamiz tegsin deb tez-tez tekin hikoya berib turardik. Tagʻin ham ba’zan unutardi bizni uygʻotishni. Koʻpincha oʻzimiz uygʻonishga majbur edik. Uzukun hikoya yozganimiz uchun, bu ish biz uchun oson emasdi. Peshindan keyin uxlashga odatlangandik. Ammo namozshomda koʻpincha yozishga ilhom kelar va yarim kechagacha yoqamizni qoʻyib yubormasdi. “Yoqamizni qoʻyib yubormasdi” degan gapimizni bekat noziri masxara qilardi. Biz ham shu kinoya chogʻi uning bir oʻzi ishlashi-yu, har bir ishidagi mashaqqatini unutib qitmirligimiz tutib qolardi: oʻz xonasiga zir borib, zir keluvchi bu odamga poyezd kelganida shu uyga yonma-yon solingan bizning kulbalarimiz uzoqlik qilib qolarmidi?! Umuman olganda, hammamiz bir joyda ishlaydigan hamkasblar edik. Ustiga-ustak ba’zan kechalalari ovqatlanishni ham unutib, qoʻlda yozilgan hikoyalarimizni nozir xonasidagi yozuv moshinkasida oppoq qogʻozga koʻchirardik. Hikoyachilikni avval men boshlaganim uchun mashinkaga ham avval navbat menga tegardi. Ammo men, koʻpincha, navbatimni yosh Yahudiyga berardim. Zayif va kasal boʻlgani uchun emas, oʻzim uni juda yaxshi koʻrardim.

 

Ha, biz temiryoʻl xodimlariga oʻxshardik. Kulbalarimiz ham shu temiryoʻl bekati edi. Bundan tashqari ularning bari bir xil uslubda qurilib, bekat bosh binosidan deyarli farq qilmasdi. Bekat noziri kulib: “Hikoyachi nozirlar”,– derdi bizga. Bu gapning izi oxiri yoʻq tortishuvga ulanib ketardi: Yoʻq , biz nozirlikka yaqin ham borolmasdik. Rasman hech qanday maosh olmaymiz. Oʻlik ogʻziga suv tomizganday daromadimizni esa yoʻlovchilar berardi. “Siz hikoyachi doʻkondorsizlar”, – derdi nozir. Aslida, men oʻzimga nozir yoki doʻkonchi nomining yopishtirilishiga qarshi edim. chunki biz yozuvchilarmiz. Bu yerdagilardan farqimiz katta. Afsuski, kechalari ayron, olma, butirbrod sotuvchilari bilan talashib, bir-birimizni itarib-surib mijozlarga oʻz molimizni oʻtkazishga uringan chogʻlarimiz bu farqlilikka rang beruvchi sanʻatdan asar ham qolmasdi. Biz ham ulardek baqirar, xaridor chorlardik. Bu borada xasta yosh Yahudiy u qadar ovozi baland chiqmay pand yerdi. Yosh Ayol esa yemak sotuvchilar bilan aralash perronga tushgan yoʻlovchilar orasida siqilib qolardi. Aslida, sotgulik koʻp mahsulotimiz ham yoʻq. Bekat nozirining eski mashinkasida har hikoyamizdan atigi bir-ikki nusxa chiqara olardik xolos. Oxirgi nusxalar borgan sari xiralashardi. Bularni hech kim olishni istamasdi. Buning ustiga ikki martadayam sotilmagan hikoyalar eskirar va xaridorini topishi yanada qiyinlashardi. Chunki bu hikoyalarni har kungi dolzarb mavzularda yozardik. Kun oʻtgach, mavzu eskirsa, yoʻlovchilar aftlarini burishtirib: “Bularni bilamiz, yangisi yoʻqmi?” – deya qolgan-qutganni uloqtirgandek hikoyani yuzimizga otardi. Ana shunda olma va ayron sotuvchilari bizni chetga surib oʻz narsalarini maqtashga tushar va shubhasiz, savdosi baroridan kelardi.

Boshqa muammolarimiz ham koʻp edi. Poyezd har doim bizning kulbalardan ancha oʻtib toʻxtardi. Bekat noziri birinchi perronga yuk vagonlarini joylashtirardi. Shuning uchun yoʻlovchilar tashuvchi tezyurarlar ikkinchi, hatto uchunchi perronga toʻxtashga majbur boʻlardi. Yemish sotuvchilar buni oldindan bilib poyezdni ayni oʻsha yerda kutardi. Biz kechikib uygʻonganimiz sabab uyqudan ochilib-ochilmagan koʻzlarimiz yuk vagonlariga urilardi. Ularni relslar ustidan aylanib oʻtish kerak edi. Poyezdlar turgan joylar gʻira-shira edi. Vaholanki bizga aynan yorugʻlik zarur. Qamishdan toʻqilgan kichik savatlar ichiga bogʻlam qilib taxlangan hikoyalarimiz darrov sotila qolmasdi. Har bir yoʻlovchi bogʻlamlarni ochib va sahifalarga koʻz tashlab chiqardi. Qorongʻilik esa shu ishning beliga tepardi. Yozuvlarga koʻzi oʻtmagan xaridorlar qogʻozlarni qaytarib berardi.

Urush yillari boʻlgani sabab savdo sust ketmoqda edi. Non qimmat. Chiroqlar tez-tez oʻchib qolardi. Poyezd bekatining soʻniq chiroqlari asarlarimizni oʻqishga imkon bermasdi. Bunday kechalarda ishlashning ham ma’nosi yoʻqolardi. Derazamizning qora pardasini tushurib moviy qogʻozlar girdiga bemajol tushib turgan oʻlik nurda sotilish-sotilmasligi mavhum hikoyalarimizni yozishga tushardik. Xudoga shukrki, olgan moliga unchalik ahamiyat bermaydigan, pulini ikki xissa toʻlaydigan yotoqli vagon yoʻlovchilari bor edi. Ular ovqatni vagon oshxonasida yeganidan bizning ayronchi-yu olmachilarimizga, kolbasali nonlarga (ayniqsa, shularga) qaramasdilar. Mamlakatning eng yangi hikoyalar sotiluvchi poyezd bekati boʻlganimiz vajidan ular ovozamizni har yoqdan eshitib kelishardi. Ularga doim ilk nusxani saqlab qoʻyardik. Juda betoqat mushtariylar edi. Ammo ularga ham yotgan yeridan turish, yarim kechada bir hikoya uchun uygʻonish oson emasdi. buning ham ilojini topib qoʻygandik: vagon nozirlariga bir necha qurush berib, ulardan yoʻlovchilarni bizning bekatda uygʻotishini iltimos qilardik. Buning evaziga har kelganlarida bepul hikoya olishardi. Oʻqishardi deb oʻylamayman, lekin hali qogʻoz qoʻldan-qoʻlga oʻtmasdan sotishardi. Ayni shu yotoqli vagon yoʻlovchilarisiz holimiz harob boʻlardi. Ularning ba’zilari bilan apoq-chapoq odamlar boʻlib ketgandik. Ogʻir sharoitimizni bilganlari uchun kuzatishga kelgan doʻstlari bergan shirinliklar, piroglarni bizga tashlab ketishardi. Odatda, kechasi ishlaganimiz uchun koʻpincha och qolardik. Hikoyalarni kechasi yozar, koʻchirar, yana kechasi sotardik axir. Tezyurar uzoqlashgach horib-charchab bekatdagi kulbamizga qaytar va kutush xonasida oʻsha yoʻlovchilari berib ket pishiriqlarni yerdik. Bazan boshqa sotuvchilar ham biz bilan birga kelardi. Ayronchi sotolmagan ayroni, olmachi sotolmagan olmasidan oʻrtaga qoʻyardi. Baribir, ertagacha ayroni achib qolardi. Bizga rahmalari kelardi chogʻi. Olmachi ham doim boʻlmasa-da, har zamonda bizga bir olma kesardi. Biz ularga sotolmagan hikoyalarimizni ehson qilolmasdik. Hech birisi oʻqish-yozishni bilmasdi. Yolgʻiz buterbrodchi ba’zan-ba’zan hikoyalarimizdan soʻrab qolardi. Bu ham oxirgi nusxalardan, oʻqish uchun emas, balki hioyalarimizga tamaki oʻrab chekish uchun edi.

Goho kayfiyatim chogʻ vaqtlar, ya’ni savdo baroridan kelganda yemak sotuvchilarga hikoyalarimdan oʻqib berardim(yosh Ayol bunga qarshi edi). buterbrodchi va olmachi ilk jumlalardayoq uyqusirashni boshlar, hikoya oxiriga kelib esa uygʻonardi. Ayronchi diqqat bilan tinglardi. Bu qiziqish meni ilhomlantirardi. Hikoyalarni oʻqirkanman, qoʻlimdan kelgancha, qahramonlar dialogini jonlantirishga intilardim. Oxirida buterbrodchi boshini chayqab: “Ogʻir kunlarni yashayapmiz”, – deya chuqur uh tortardi. “Har zamonda ham boʻladi bunday kunlar”, – derdi olmachi. – “Inson yashayversa nimalarni koʻrmaydi?!” Sotuvchilar hayotidan olingan hikoyalar ham yozardim. Bularni eshitayotib, ayronchining ham uyqusi kelardi.

Bekat nozirining yozganlarimizga xushi yoʻq edi. Faqat nimagadir har hikoyamizdan, albatta, bir nusxa olar va alohida papkaga solib shkafda saqlab qoʻyardi yuqoridan shunday buyruq bor emish. Temiryoʻllar idorasi xududida yozilgani uchun bizning ahvol 248-moddaga mos kelarkan. Qonundan gap ochilsa, beixtiyor jahl otiga minardim: Bizning ahvolimizni yaxshilaydigan, bekatdan yashashga arzirli yer beradigan moddalar yoʻqmi? Bizni non-kolbasa sotuvchilari bilan bir goʻrga tiqqan qarashlarga doim qarshi edim. Yana uzundan-uzun bahs boshlanardi. Bekat noziri javondan qora muqovali kitoblar olib, yemak sotuvchilariga tegishli Sogʻliqni saqlash vazirligi qarorlaridan vaysardi. Vaziyat borgan sari yomonlashib borayotgan edi. Yosh Yahudiyning ham sillasi qurigan, fikrimcha, yashirin kasalligi avj olgandi. Uni davolatishga esa pulimiz yoʻq. Temiryoʻl shifoxonasi ham bizni qabul qilmasdi. Shunda yana istehzo qilardim: bizni 248-moddaga tirkab, qoʻlimizdan hikoyalarimizni tortib olishni bilishadi. Yahudiyni davolatishga esa mos moddalari yoʻq emishmi?! Ishlar yomonlashayotganini hammamiz bilardik. Yana manzilga betoʻxtov borishni ta’minlash uchun bizning bekatda toʻxtamaydigan bir boshqa temiryoʻl yoʻnalishi qurish haqida ham mish-mishlar yurardi. Oʻshanda bu yerdan faqatgina pochta poyezdlari oʻtardi, xolos.

Qattiq siqilardim. Ustiga-ustak, sevib qolgandim. Albatta, uchinchi kulbada yashovchi yosh Ayolga koʻnglim tushgan. Bir kuni kechqurun notanish yotoqli vagon noziri uni tashqariga itarib chiqardi. Sayyor sutuvchilarning bu vagonlarga kirishi ta’qiqlangandi. Yosh Ayol qum ustiga yiqilib, savatidagi hikoyalar sochilib ketdi. Men unga tasalli berdim. Sochini silab, yigʻlama , dedim. Perronda ikkimizdan boʻlak kimsa yoʻq. Boshqalar narslarini tez sotib bekatdan ketib boʻlishgandi. Soʻnggi paytlarda ular bilan ham oramiz buzilib qoldi. Yotoqli vagonlarga ham Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunlariga koʻra, gazli ichimlik va shaffof qogʻozga oʻralgan non-kolbasa sotishni istab qolishdi. Vagon nozirlarini ham oʻzlariga ogʻdirib olishdi. Yo Rabbim! Har kuni bir muammo. Mechkay yotoqli vagon yoʻlovchilari poyezd oshxonasida ovqatlanganiga qaramay, kim biladi nimalar yeyishardi, kecha yarmidan oʻtgach, yana ochiqishardi. Xudoga shukrki, vaqtincha boʻlsa-da, bizning foydamizga ishlovchi bir qonun chiqdi va boshqa sotuvchilar vagonlarga hozircha yaqin yoʻlay olishmasdi. Ammo b u qoida bir oydan keyin bekor qilindi. Yosh Ayol bilan ikkimiz kechki izgʻirinda titrab, bir-birimizning pinjimizga tiqildik. Bizni bu yerlarga qaysi shamol uchirib kelgandi? Qanday ogʻir majburiyatlar ostida ishlardik? Yemak sotuvchilar, poyezd nozirlari, ochlik, qashshoqlik bilan betinim olishganimizdan durustroq yozishni ham uddalay olmasdik. Qoʻlida kitobi ham boʻlmagan biz kabi yozuvchilardan nima ham kutish mumkin?! Bekat binosidan qutidek kulba ajratib bergan temiryoʻllar idorasi ham juda katta vallomatlik qilib qoʻymagandi. Chunki kunduzlari shovqin bilan signal chalib qatnovchi poyezdlar dastidan bahuzur uxlay olmasdik. Yozganlarimizning ham bahosi tushib borardi: avvalgi kechalardan birida yosh va xushroʻy yuzli vagon yoʻlovchisi unga ancha oldin sotgan hikoyalarimizni mashhur tanqidchiga koʻrsatgani va u biz haqimizda bu yozuvchilar bitta qolipga tushib qolgan deb aytganidan soʻz ochib qoldi. Yomgʻir maydalayotgandi. Savatdagi hikoyalar qogʻozi ivib borardi. Kuz! Hilviragan va yupqa jemferimda titrab turardim. Bu ahvolda yaxshiroq nimayam yoza olardim. Birdan oʻsha yoʻlovchidan oʻpkalab sovuq ohangda: “Xohlasangiz oling, xohlamasangiz qaytib bering hikoyalarni, pulingizni ham oling”, –deb yubordim. Aslida, kissamda sariq chaqam ham yoʻq edi.

Shu xayollar ogʻushida loqayd ketib borardim. Poyezd bekatdan uzoqlashdi. Birdan quchogʻimda yosh Ayolni koʻrdim. U bagʻrimga suqilib, boshini koʻksimga qoʻydi. Uni oʻpdim. Savatlarni bitta qoʻlimga olib,ikkimiz uzoqdan gʻira-shira nurlari koʻringan bekat sari ketdik. Oʻsha kecha yosh Ayol bilan umidsizlik va yolgʻizlik tuhfa etgan qorishiq tuygʻular ichida toʻlgʻondik.

Ha. Yosh Ayolni sevardim. Tez-tez kulbasiga kirardim. Yosh Yahudiyning uyi oldidan oʻtish biroz noqulay edi. Yosh Yahudiyni kasalligi yengib qoʻygandi. Endi har kech avvalgiday hikoya sotishga chiqmas, hikoyalari ham kamayib borardi. Bora-bora uning uchun ham oʻzim yozishni boshladim. Boyaqish shu qadar holsiz ediki, yordamimga e’tiroz ham bildirmasdi. Oʻzini tetikroq his etgan paytlarda stoliga oʻtirib qisqa hikoyalar yozardi. Bekat nozirining bulardan koʻpam xabari yoq edi, shu bois ham hozir eslolmayotganim bir moddaga koʻra, unga: “Kulbalar ijara haqini qoplashing uchun koʻproq yozishga majbursan”, deya uqtirardi. Qalamga olgan mavzularimiz, hatto yozish uslubimizga ham aralashardi.

Men endi ishqiy hikoyalar yozishni boshlagandim. Bekat noziri mish-mish tarqalishiga yoʻl ochuvchi bu mavzuning ham boshiga suv quydi. Uning barcha talablariga chor-nochor boʻyin sunardik. Agar bu yerdan haydalsak, yashash uchun kulbalari bor boshqa temiryoʻl bekatini qayerdan topamiz?! Sevgilim biron muammo chiqmasin deya nozirning ovqatini pishirib, yirtiq-yamoqlarini tikardi. Nozir bizni kamsitgani kamsitgandi. Aslida, har doim ham kamsitgan. Endi esa temiryoʻl orqasidan non topayotganlar haqida yozishimizni istab qolgandi. Oʻzini misol qilib keltirardi. Bekat noziri temiryoʻldan tashqari biron ish qilarmidi? Yoʻq! Topgani temiryoʻl! Unga quruqdan-quruq har kuni temiryoʻl haqida hikoyani yozish mushkulligini tushuntirmoqchi boʻldim. Aslida, biz bu mavzularga qoʻl urmasligimizni yaxshi bilardi. Ayni shart bahona majruh qalbimizda yana andishani kuchaytirish uchun ustimizdan yuqoriga arz yozaman deb tahdid qilardi. tuygʻusini his qildirish uchun yuqoriga ustimizdan arz yozishi bilan bizga tahdid qilardi. Boshqa sotuvchilar yomon muomala qiladigan boʻlib qolishdi. Mamlakatning shu ishsiz abgor bir necha kishidan iborat jamoatda tinchgina yashashni eplolmayotgandik. Yuragim bezillab qolgandi. Har kuni yarim kechasi chala qolgan uyqular, poyezd signallari, qaysar, johil, xudbin xaridorlar olomoniga yangi hikoya yozish majburiyati, kasalligi ogʻirlashgan yosh Yahudiy va tobora chegaradan chiqayotgan bekat nozirimiz. Sevgilim ham horgʻin va zada edi. Uning hikoyalariga ham qarashib yuborishga majbur edim

Xayollarim alagʻdaligini his etardim. Bekatdan chetdagi dunyo bilan aloqalarim zayiflashardi. Kunlarning qay tarzda oʻtganiga ham parvo qilmasdim. Hikoyalar uchun muhim voqea topish, insonlar va mojarolarni bir-biriga bogʻlab fikrlashda oldingi tafakkur kuchim qolmagandi. Oxirgi paytlarda eng ahamiyatli narsalarni ham koʻzdan qochirardim. Toʻgʻri, ba’zi narsalarni bilardim: urush tugagan, har xil oʻlkalardan poyezd toʻla askarlar oʻtardi. Ulardan yarim-yorti eshitganlarimga qoʻshib-chatib shuncha vaqt urush hikoyalari yozdim. Ammo yana shuni hech xotirlay olmasdim: urush bizning oʻlkada boʻldimi yoki janglar uzoq choʻllarda kechdimi ? Hududimiz kengaydimi yo toraydimi? Yosh Yahudiy tushkun kulimsirab: “Bizning bekat shu yerdan qimirlagani yoʻq holda boshqa biron narsaning ahamiyati bormi?”, – deya e’tiroz bildirardi. Toʻp ovozlarini eshitmaganimizga koʻra, urush hech qachon bizning poyezd bekatimizga yaqinlashmagandi.

Keyinroq hikoyalarimga qovoq uyib, koʻz qirini tashlayotgan yoʻlovchilar yuzidan urush tugaganiga ancha boʻlganini payqadim. Bir kuni qaysidir yoʻlovchi shahar nomlarida ham xato qilayotganimni aytib qoldi. Boshliqlarning ismini ham bir-biri bilan adashtirar yoki esimdan chiqarardim. Hech qachon Inson ismini bu darajada baland ovozda aytmagandim. Bekatda yillar boʻyi bir-birimizga ovoz koʻtarib gapirmas edik. Bunga ehtiyoj ham yoʻq edi. Hatto poyezd bekatining nomi yon devorda ohak ustiga yozilgani uchun oʻchib ketib unutilgandi. Kerakli soʻzlarni qidirib koʻrish uchun lugʻatimiz-da yoʻq edi. meni har kungi hikoyalarimda qoʻllagan soʻzlarimni eslab qololmaslik xavotiri bosardi. Yemak sotuvchilar bilan gaplashmay qoʻygandik. Bekat noziri ham e’tirozlarini imo-ishoralari bilan anglatadigan boʻlib qolgandi,. Yosh Yahudiy kasallik zoʻridan bir soʻz ham deyolmasdi. Nima istayotganini boshini qimirlatib bildirardi. Yosh Ayol bilan esa bir-birimizni sassiz anglashardik. Bu tushkun ahvolga qisqa vaqt ichida oʻrganib ketdim. Aslida, boʻlib-oʻtganlar qisqa vaqtdami yo uzoq vaqtdami sodir boʻlgani haqida biron hukm ham qilolmasdim. Koʻnikishdan boshqa ilojim yoʻq edi. Endi yosh emasdim, boshqa ish ham topolmasdim. Katta shaharlarga ketolmas, yangi hayot boshlay olmasdim. Tashqaridagi hayot oʻz-oʻzidan biz bilan rishtalarini uzayotgandi. Gazetalar qimmatlashgani va poyezdda tashilmay qoʻyganidan avval kundalik voqealarga qiziqishimiz soʻndi. Soʻng yangi temiryoʻl liniyasi ochilgach, tezyurar haftada atigi bir kun keladigan boʻldi. Endi bir oʻtirishda yozib tugatadigan va meni ortidan yugurtiradigan qisqa hikoyalar yozishni istamasdim.

Kun boʻyi xonamdan chiqmay yozardim. Endi faqatgina etikdoʻzning shovqini aqlimni chalgʻitardi. Chunki yosh Yahudiy endi yoʻq edi. u allaqachon jon taslim qilgandi. Men yosh Ayol yonimga koʻchib oʻtishini istardim. Afsuski, bu istagimni unga aytib ulgurmay bir kuni nozir etikdoʻz bilan oldimda paydo boʻldi. U darrov joylasha qoldi. Uning ishi ham biznikidan zoʻr emasdi. Etikdoʻzga yosh Ayolning uyiga koʻchib oʻting, deb taklif qilishni oʻylayotgandim. Keragidan koʻp oʻylab yubordim, shekilli. Chunki bir kuni uning xonasiga borganimda hayron qoldim. Ha, shunday : yosh Ayol allaqachon joʻnab ketgandi. Kulbasi boʻm-boʻsh edi. Uzun hikoyalarim ustida uxlab qolgan kechalarimdan birida poyezdga minib joʻnab ketgandi. Oʻsha kunlarda fikrlamay qoʻygandim. Hikoyalarim ham sotilmasdi. Yozganlarim durust yo nodurustligini aytib boʻlmasdi. Kunlarimni yarim och, yarim toʻq oʻtkazardim. Qaysidir kuni bir yoʻlovchi oldin sotgan hikoyalarimdan shikoyat qila boshladi. Sahifa raqamlari ham aralashib ketgan emish. Men unga bir haftadan buyon och ekanimni aytdim. Yoʻq, aytmadim. Buni boshqa bir yoʻlovchiga keyinroq toʻkib-soldim. Bu yoʻlovchiga esa har narsani bilib qilayotganimni uqtirmoqchi boʻldim. Koʻp narsani unutib qoʻyardim. Ammo tanqidlarga juda xassos edim. Shunday paytlarda avvalgiday jonlanib qolganday his qilardim oʻzimni. Keyin esa hammasini yoʻqotib qoʻyardim. Maslan, bekat noziri meni haydab solishini, ishga ortiq yaramasligimni aytganda andishaga ham borardim. Shunda xaridori chiqmasa-da, biroz yaxshi hikoyalar ham yozganday boʻldim. Etikdoʻz ham bu dunyoda boʻlgan- bitganlar haqida bir nimalar soʻzlab berardi. Ammo unga oʻqib bergan hikoyalarimni tinglamasdi. Men esa tushunarsiz hikoyalarimga borgan sari yuksak baho berardim. Buni etikdoʻzga anglata olmasdim. Chunki u ham meni yolgʻiz tashlab ketgandi. Oʻsha soʻnggi suhbatimizdan keyin ketgan boʻlsa ehtimol.

Bu men yozgan oxirgi hikoyalardan biri. Uning yoniga yana bir nechta hikoya qoʻshildi. Ammo bu hikoyalarning bari miyyamda. Hammasini juda yaxshi eslayman. Biroq hali yozib ulgurganim yoʻq. Ba’zan eski odatim boʻyicha yarim tunda uygʻonib ketaman. Yangi hikoyalarimni oʻz savatim yoki yosh Ayol, yo oʻlgan Yahudiyning savatiga did bilan teraman hamda temiryoʻlga chiqaman. Ortiq poyezdlar oʻtmaydi. Shu kunlarda bekat nozirini ham koʻrganim yoʻq. ta’til olgan koʻrinadi, chunki yillardir hech ruxsat ololmagandi. Uning kiyimlari ham endi mening egnimda. Ketar ekan oʻrniga meni qoldirgan boʻlsa kerak. Poyezdlar ham negadir kelmayapti. Mayli, bular ahamiyatsiz narsalar.

Qoʻrquv bosyapti. Ketsam deyman. Baqqol hali qarzga berishni toʻxtatgani yoʻq, ammo bu muruvvat uzoq davom etmaydi. Undan uyalganim bois soʻramadim, bir paytlar shu uyatchanligim sababli etikdoʻzdan ham soʻrolmagandim. Bir maktub yozishni xohlayman. Ammo qayerga bilmayman. Ya’ni hech bir manzilni bilmayman. Bunga hech kim ishonmas, bundan har doim uyalardim. Menga qanaqa boʻlsa ham biron manzil ayting, deyolmasdim. Menga har qanday manzil ham boʻlaverar edi. Qandaydir noma’lum tuygʻu bor edi. U hozir ham bor, ya’ni shuncha vaqt oʻtsa-da, yoʻqolgani yoʻq. Maktubga hech boʻlmasa, oʻz manzilimni yozish masalasi oʻylantirardi meni. Bu hikoyamni tezyurar yoki pochta poyezdi orqali (endi anchadan buyon balki ma’lum muddatgadir ular ham oʻtishni toʻxtatgan edi.) bir ilojini topib oʻquvchilarimga (ortiq mushtariyim ham qolmadi) yetkaza olsam ham qayerda ekanligimni qanday tushuntiraman? Bu muammo ham meni xavotirga soladi. Ammo unga yana yozish, doimiy ravishda yozish, unga betoʻxtov anglatish, qayerda ekanimni birdirishni istayman.

Men shu yerdaman, sevimli oʻquvchim, ajabo, sen qayerdasan?!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting