Muallif: Imomova Ruxsora Axmedovna, tayanch doktorant, BuxDu.

Elektron manzil: ruxsor29@mail.ru, tel:+998914460597

Annotatsiya

Ushbu maqolada shoir Rauf Parfi ijodidagi o`ziga xos janrlardan biri bo`lgan xokkular tahlilga tortilgan. Uchliklarda shoir qalbi va tug`yonlarini aks ettiruvchi meditativ lirika talqini obrazlar tavsiflari asosida ochib berilgan.  Lirik turning bu ko`rinishi shoir shaxsiyatini ham aks ettirgan. O`quvchi chizilgan tasvirlar vositasida Rauf Parfini ham anglaydi.

Kalit so`zlar: meditativ lirika,  pafos, obraz, emotsionallik, ijtimoiy lirika

Annotation

In this article, one of the unique genres hokku of poet Rauf Parfi’s work is analyzed. In the poems, the interpretation of meditative lyrics reflecting the poet’s heart and knots is revealed based on the descriptions of the characters. This appearance of the lyric type also reflected the personality of the poet. The reader also understands Rauf Parfi by means of drawn images.

Key words: meditative lyrics, pafos, image, emotionality, social lyrics Lirika insonning qalb torlarini chertuvchi adabiy turdir. Shuning uchun ham lirik tur haqida gap ketganda hissiyotlar haqida ichkin kuylay olish imkonini beruvchi ifoda turi deya olamiz. Lirik turning har xil ko`rinishlari mavjud bo`lib ular turli she’riy janrlarda o`z aksini topadi. Ijodkor o`z fikrini ifodalashi uchun unga shaklning ahamiyati yo`q. Har qanday yaxshi shoir shaklni bo`ysundirgan holda g`oyani yetkazib bera oladi. Shunday shakllar ham borki, ularning o`zi mazmun uchun ham xizmat qiladi.

Yapon she’riyatidan kirib kelgan xokku janri o`zbek adabiyotida uchliklar shaklida rivojlandi. XX asr o`zbek adabiyotining yirik shoirlaridan biri bo`lgan Rauf Parfi (O`zturk) ijodida ham uchliklarning ahamiyati katta. Shoir yapon ijodkorlarining xokkularini rus tilidan tarjima qilgan va uning ta’sirida o`zi ham shu janrdagi she’rlarni bita boshlagan.

“Yapon xokkulari tarjimasiga qo’l urgan 1961 yilda Rauf Parfining rus tilini bilish darajasi, she’r tarjimasi borasida orttirgan tajribalaridan tashqari yapon she’riyati bilan ham yetarlicha ma’lumotga ega edi. Daftarning 96-sahifasida “Uchlik” sarlavhasi ostida kelgan bir betlik ma’lumot ham shunga guvohlik beradi:

“UCHLIK Yapon poeziyasida xokku deb ataluvchi she’rning bir turi bo’lib, qisqaligi va go’zalligi bilan o’ziga xosdir. Xokkuda tabiat va tabiat orqali inson kayfiyati aks ettiriladi. Xokku uch misradan tashkil topgan qofiyasiz she’rdir. Birinchi misra besh bo’g’in, ikkinchi misra yetti bo’g’in, uchinchi misra besh bo’g’in – hammasi o’n yetti bo’g’in bo’lib, bu shakl qat’iy emas.”. [Oltinbek,2018]

Aynan mana shu qat’iy bo`lmagan qoidaga bo`ysunuvchi xokku janrini shoir yanada rivojlantirdi. Xokkularda, asosan, shoirning ichki kechinmalari aks etadi. Boshqa janrlarda ichki kechinma mavjud emasmi? degan savol tug`iladi. Mavjud. Lekin bu xokkular eng ichkin, sof pafosni ifoda etadi, ko`pincha. U ko`ngil kechinmalarini hech kimga hech narsaga bog`lamagan holda tasvirlaydi. Ta’riflardan ko‘rinadiki, meditativ lirika shoirning hayot, borliq, odamlar, munosabatlar haqidagi his-tuyg‘uga qorishiq fikrlari. Unda asosan lirik qahramon shoirning o‘zi bo‘ladi. Shunisi bilan ushbu lirik shakl boshqalaridan farqlanadi. Demak, biz shoirni “tanimoqchi” bo‘lsak, uning meditativ lirikasiga nazar tashlaymiz”.[1] Meditativ lirikaga xos bu xususiyat elegiya, epigramma, sonet kabi boshqa janrlarda ham uchraydi.

Meditativnaya lirika (gr. Meditation –fikrlash so`zidan) –meditativ lirika. Shoirning biror hayotiy masala haqidagi qarashlarini ifodalovchi lirik she’r. Meditativ lirika sentimentalistlar va romantiklar poeziyasida kuchli mavqega ega bo`lgan. [Ҳатамов , Саримсаков ,1979;176]

Rauf Parfi she’riyatini ijtimoiy lirika sifatida juda yaxshi bilamiz, ammo uning avtopsixologik she’riyatida shoir ruhiyati qay darajada aks etganligi ham muhim hodisadir.  Xalq dardi bilan yashab, haqiqiy ozodlik talab qiluvchi bu shoir sevgida, do`stlikda, sog`inchda, huzunda qanday namoyon bo`ladi?

Uchliklar orqali kam so`z ishlatib, insonning ko`ngil dardlarini aks ettirish mushkul, ammo Rauf Parfi xokkularda, ko`pincha, o`zining eng ichkin tuyg`ularini tasvirlaydi. Masalan, uning  quyidagi “Chag`alay” uchliklar turkumida ham ijtimoiylik bilan boshlangan mavzu ko`ngil nolalari bilan tugaydi:

Chag`alayim mehmon chag`alay,

Bu yurtga qaydan kelding,

Nechun kelding qurbon chag`alay?

Faqatgina uch qatorlik shaklni o`zida saqlab qolgan bu uchliklar Rauf Parfi yaratgan erkin bo`gin miqdoriga ega. Chag`alay qushi oq rangli bo`lib, u tog`lar cho`qqilariga in quradi va dengizli hududlarda yashaydi. Erk timsoli sifatida kelayotgan bu qush butun turkumda bosh obraz  qilib tanlangan. Adabiyotshunos Ilhom G`aniyev tahlilida chag`alay iymon timsolida talqin qilinadi, chunki olim bu uchlikdagi so`nggi qurbon so`zining o`rniga iymon so`zi qo`llangan variantni tahlilga tortgan. [G`aniyev,2021;632]

Rauf Parfi kabi hurfikrli  insonlar doimo o`z dardlari bilan yolg`iz yashaydi, ular jamiyat bilan kelisholmaydi, chunki, ular shunchaki yashashni xohlashmaydi. Ularning dardlari qorin va kun o`tkazish-u moddiy boyliklar emas. ularga ma’naviy ozuqa, ma’naviy do`stlar, ma’naviy hissiyotlar kerak. Shoirning “Shamolga osilib yashadim”  nomli uchliklar turkumida aynan shoir istaydigan orzular va uni o`rtaydigan hissiyotlar o`z aksini topadi:

Shamolga osilib yashadim,

Mingga kirdim, chiridi jismim,

So`ngaklarim oqardi qaqshab.

Ilmiy jihatdan ham e’tibor berilsa, iliklari qurib borayotgan suyaklar oqara boshlaydi. Butun umri davomida erkka sig`inib yashagan shoirning kuta-kuta jismi chirib, suyaklari oqara boshlagan. Erk go`yo inson tanasidagi suyaklarga ilik qay darajada muhim bo`lsa, shoirning hayoti, fikrlashi uchun ham shu darajada muhim edi. U o`zi uchun emas, eli uchun so`ramoqda. Shu elni butunlay mustaqil ko`rishni istaydi. Keyingi uchlikda shoir hayotida foniy dunyo tashvishlari yoki moddiyat, boylik o`rni qayerdaligi bilinib turadi:

Dunyosiga qo`ydim qo`limni,

Oyog`imni bosdim yuziga.

Ko`zlarini yumdi bu dunyo. [Parfi, 2013;240]

Uchlikdagi lirik qahramon Rauf Parfining aynan o`zi. Shoir umri davomida mol-dunyo to`plamagan. Uning hatto muqim yashash joyi ham bo`lmagan. U uy olish uchun Sharof Rashidovga ham, Islom Karimovga ham yaltoqi she’rlar yozmagan. Hattoki insonlar bilan chiqisha olmaganligidan bir joyda uzoq vaqt ham ishlamagan. Aldov shoir uchun begona edi. Quyidagi xokkuda umumiy ma’nodagi har qanday sevgini tushunishimiz kerak:

Mana, zahar, hozir ichaman,

Ketaman men sizning  hayotingizdan,

Sevaman, deb sizni aldadim. [Parfi, 2013;241]

Birgina mana shu aldov tufayli shoir o`zini o`limga munosib ko`radi. Ushbu uchlik bilan boshlanuvchi turkumda shoirning muhabbat mojarolari aks etgan bo`lishi ham mumkin. Uning umr yo`llari  ruhiyatini tushuna olmagan ayollar bilan kesishgan edi. Turmushda omadsizlikka uchragan Rauf Parfiga hayot ham shafqat qilib o`tirmadi. Haqiqatni so`zlay olgan insonga hamma narsada adolatsizlik yuz beradi.

Men yig`ladim tushimda,

To`yib-to`yib yig`ladim,

Yoningizga endi bormayman.

Yuqoridagi uchlikda ham insonlarni tark etib, uzlatni ma’qul ko`rgan shoirning yolg`izlik istagi aks etadi. Uning qalbiga hali hech kim o`zi kabi quloq solgan emas. quyidagi uchlikda aynan shuni nazarda tutgan shoir o`zini  “hech kim ichmagan suv”ga, “hech kim o`qimagan kitob”ga o`xshatadi:

Men suvman, hali hech kim ichmagan,

Kuygan kitobman men,

Hali hech kim o`qimagan. [Parfi, 2013;242]

U xuddi shunday yolg`izlikda erkni qo`msab yashaydi. Quyidagi xokkuda “kunlarimni sanadim sensiz” deganda shoir ozodlikni nazarda tutgan. Ozodliksiz o`tgan har yillar ko`ziga sachraydi, usiz o`tgan har oylar jigariga o`t qo`yadi. Aynan mana shu uchlik tahlilida adabiyotshunos Ilhom G`aniyevda biroz boshqacha fikr mavjud. Ammo  bu xato she’r matnini notog`ri ko`chirish orqasidan yuzaga kelgan bo`lsa ajab emas. chunki olimda she’r matni quyidagicha:

Yillar ko`zimga sachradi,

Jigarimga o`t qo`ydi otlar,

Kunlarimni sanadim sensiz.[G`aniyev, 2021;644]

Mantiqan o`ylab qaralganda ham yil, kun so`zlari tanlab olinayotganda she’r mazmuniga ot obrazi qanday qilib kirib kela oladi?!

Bu dunyoga ham undagi insonlarga ham ishonchini yo`qotgan shoir timsolini quyidagi uchlikda uchratamiz:

Ishonch yo`q hech kimga. Bu qanday Dunyo,

Yashab yasholmaysan, bu qiziq,

Tashlab tashlolmaysan, undan qiziqroq.

Inson yasharkan bir ilinj bilan kunlarini o`tkazadi. Mana shu ilinch iplari uzilgan onda yashagisi kelmaydi,ammo yana umidini so`ndirmay kutadi va bu dunyoni tashlab ham ketgisi kelmaydi. Rauf Parfi she’riyati orqali xalq ko`zlarini ochishga jon-jahdi bilan harakat qildi. Unda ham, balki, hammasi yaxshi bo`lar, bu xalq ham qullik zanjirlaridaligini  bir kuni anglab yetar, bir kuni o`z haq-huquqlarini qo`rqmay talab qiladigan darajaga erishar, degan umid bor edi. Ana shu narsa shoirni hali hech narsaga erishmay turib dunyodan ketishini bekor qilar edi.  Ammo har qadamda ro`y beradigan voqealar  va oddiy insonlarning bunchalar zanglagan dunyoqarashlari va har qadamidagi unga qo`yilgan ta’qiqlar uni shunchalar hayotdan bezdirar  edi.

Xulosa qilib aytsak, Rauf Parfi uchliklarida uning dunyoqarashi, fikrlashi to`la namoyon bo`ladi. Uning meditativ  lirikasi qisqa satrlarda katto ma’no bilan bo`y ko`rsata olgan. Ayniqsa shoirning “Isikava Tokuboku xotirasiga” deb nomlangan uchligida she’rlarida o`zi aks etishini obrazlar vositasida yaqqol aytib o`tadi:

Hasratimning suyuq toshlaridan

Dahma qurmoqchiman o`zimga.

Ichida o`z jasadim bo`lsin. [Parfi, 2013;102]

Shoir qurgan dahma uning she’riyati, unda aks etgan jasad esa shoirning ko`ngli timsolidir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Bo`riyev Feruza.Xurshid Davronning meditativ(sof) lirikasi// kh-davron.uz
  2. Ilhom G`aniyev. Rauf Parfi O`zturk dunyosi. –T.: “Muxaррир”, 2021
  3. Olim Oltinbek. Xokkuning ilk tarjimoni.// kh-davron.uz
  4. Rauf Parfi. Sakina. –T.: “Muharrir”, 2013.
  5. Rauf Parfi. Turkiston ruhi. –Toshkent: “Sharq”, 2013.
  6. Ҳатамов Н. Саримсаков Б.  Русско-узбекский толковий словар литературоведческих терминов.–Ташкент: Укитувчи, 1979.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

[1] Bo`riyev Feruza.Xurshid Davronning meditativ(sof) lirikasi// www.kh-davron.uz

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting