to`plovchi: Abdulhamid Pardayev

Rauf PARFI:

“Ha, universitetga topshirdim… 1960-yil… Chunki domlaning ta-ta’siri bilan men arab bo‘limiga kirishim kerak edi-ku. Arab tilini o‘rganishim, arab yozuvini bilishim, arab tilidan tarjima qilishim kera keji, ya’ni dadam, ustozlarning istagiga ko‘ra. Xullas, fransuz tilidan imtihon topshirolmadim. …sharqshunoslik fakultetiga kirish uchun oldin o‘zbek tilidan og‘zaki, adabiyotdan inesho topshirasiz, keyingi imtihon chet tilidan bo‘ladi. Endi biz bir yil inglizsa o‘qiganmiz, ikkinchi yil fransuzcha o‘qiganmiz, uchinchi yili nemischa. Hech qaysi tilni bilmayman. Shunda ham bir urinib ko‘rdim – uch oldim-da, o‘tmadim Keyingi yil – 1960 yilda filologiya fakultetiga bemalol kirib ketdim” .


Rauf Parfining “Tarjimai holim” maqolasidagi: “O‘qishni oxirigacha o‘qiganman, diplom olmaganman, xolos” degan jumla ham izohtalab. Rauf akaning o‘ziga xos qaysar fe’li bor edi. Bolalikdagi erkaligi butun umr unga hamroh bo‘ladi. Toshkent davlat universitetini bitirishda undan, yanglishmasam, marksistik dialektikadan imtihon topshirishni talab qilishadi. Siyosatni jini suymaydigan Rauf Parfi bu imtihonni topshirmaydi, oqibatda unga universitetni bitirgani to‘g‘risida diplom berilmaydi.

Rauf aka univesitetda juda nufuzli kursda ta’lim olgan – akademik Baxtiyor Nazarov, filologiya fanlari doktori Noʻmonjon Rahimjonov, filologiya fanlari nomzodi va tarjimon Ortiqboy Abdullayev kabi taniqli shaxslar bilan birga o‘qigan.

Hangoma

– Rauf aka, bugun birga tushlik qilaylik, — debdi Xurshid Do‘stmuhamedov.
— Mayli, — debdi Rauf va so‘rabdi: — Kayfiyatni ko‘taradigan narsadan ham biroz-biroz bo‘ladimi? — Qo‘ying, Rauf aka, – debdi shogird. – Hech bo‘lmasa, bugun, shu sablsiz ovqatlanib, choyxo‘rlik qilaylik. — Odamni shunaqa qilib buzasizlar-da, – degan ekan Rauf.
(Baxtiyor Nazarov)

Rauf Parfining kursdoshi, akademik Baxtiyor Nazarov xotiralaridan:
“Talabalik yillari men uning qo‘lida Cho‘lpon she’rlari, romani hamda “Sobachye serdse”ning mashinkalangan nusxasini ko‘rganman. O‘ziga xos bir sirli holatga kirib, qulog‘imga asta: “boshqalarga gullab qo‘yma, tag‘in” degandi o‘shanda. Xokku, rondo, tanka degan narsalarni men birinchi bor undan eshitganman.
Rauf jahon adabiyotining o‘z qalbiga yaqin namoyandalari ijodini ko‘p o‘qidi, ular orqali jahon bilan so‘zlashdi, jahon dardi va o‘z dardlarini muqoyasa qildi, nazarimda, har gal o‘z dardi og‘ir kelavergandek bo‘ldi, bu og‘irliklar qog‘ozga she’r bo‘lib to‘kildi, shundagina qalbi biroz yengil tortdi, lekin hech qachon bu qalb og‘irliklardan bo‘sh yasholmadi.

60-yillarning o‘rtalariga yaqin Rauf Viktor Sosnora bilan qattiq qiziqib qolgani esimda. Sosnora bu vaqtda ancha yosh bo‘lishiga qaramay, Ittifoq miqyosida og‘izga tushgandi. N. Aseyev, K. Simonov kabi davr adabiyotining ulkan vakillari yigirma besh yosh atrofidagi navqiron shoirning dastlabki to‘plamlariga “Pravda”, “Izvestiya” gazetalarida maxsus taqrizlar yozib, uning she’rlariga yuqori baho bergan edilar. Biz talabalar o‘z matbuotimizdan Abdulla Oripovning “Literaturnaya gazeta”, “Yunost” kabi gazeta-jurnallardan Sosnoraning she’rlarini qidirib o‘qib yurgan, darslarda domlamiz Ozod Sharafiddinov og‘zidan bu shoir haqidagi yoqimli fikrlarni eshitib yurgan paytlarimiz. Ozod aka uni Leningraddagi qaysi bir zavodda slesar bo‘lib ishlagan, deganida, unga mehrimiz yanada kuchayib ketgandek bo‘ldi. Sosnoraga qiziqishni Rauf qalbiga Ozod aka soldimi, yoxud o‘zi kuzatib yurar ekanmi, bir kuni Rauf Sosnoraning to‘plamlariga chiqqan ikki taqrizni ko‘rsatib qoldi. Taqrizlarni uyga olib ketib o‘qib, qaytarib olib kelib berdim. Uning she’rlarida, ayniqsa, ohangdorlik, ritmdan mazmun va emosiyani zo‘raytirishda unumli foydalanish kuchli ekan. Men ham o‘sha vaqtlarda Sosnoraning markaziy gazeta-jurnallarda chiqqan she’rlarini o‘qib yurardim. Raufga Sosnora she’riyatidagi qaysi jihatlar ma’qul bo‘lganini ko‘p ham anglab yetmagan bo‘lsam-da, hozir domlamiz O. Sharafiddinov ma’ruzalari qayd etilgan daftarlarimdan ayrim fikrlarni o‘qib, Raufga ehtimol, Sosnora poetikasidagi ritm va ohang mohiyati ko‘proq ta’sir etgan ko‘rinadi deb o‘ylab qolaman. To‘g‘ri: ritm, ohang, so‘z uyg‘unlikdagi yaxlitlik va shu yaxlitlikdan chaqnab chiquvchi ta’sirchanlik masalasida Raufga o‘sha vaqtlardayoq Usmon Nosir kabi o‘z shoirlarimizning ta’siri oz emasdi. Lekin bundan qat’iy nazar kecha – kechar, baho – bahor, tomchilar – tomchilar, toqatimga toqat tilayman, yomg‘ir yog‘ar – shig‘alab yog‘ar, kabi so‘z va iboralarda namoyon bo‘lgan qofiya, obrazlilik, musiqaviylik, emosionallikda men kimlarningdir ta’sirini emas, Raufning o‘z emosional dunyosidan kelib chiquvchi kashfiyotlarni ko‘raman. Raufning bunday she’rlarini asliyatdagina o‘qib, to‘la his etish mumkin; tarjimada ularning asl ohori to‘kis saqlanib qolishi juda qiyin. Ritmsiz she’r yo‘q, albatta. Biroq ritmga alohida e’tiborni Rauf o‘zbek she’riyatida deyarli yetakchi ijodiy me’yorlardan biri darajasiga ko‘tardi. Bu xususiyat Rauf ijodining dastlabki bosqichidayoq ko‘zga tashlangan edi.

Yanglishmasam, 1964 yoki 1965 yil bo‘lsa kerak, hozirgi milliy teatrning shundoq biqinginasidagi choyxonada tushlik qilib, to‘rt tiyinlik perashkaga to‘yib, mazza qilib chiqqandan so‘ng, teatr yonidagi yog‘och o‘rindiqqa o‘tirganimizda, Rauf cho‘ntagidan Sosnoraning “Triptix”mi yoki shunga o‘xshaganroq nomdagi to‘plamini chiqarib, ayrim she’rlarini o‘qidi va qarang, qanday yaxshi edi.
Rauf Nikolay Rubsov ijodi bilan ham qiziqib yurdi. Uning to‘plamini cho‘ntagida olib yurganini ko‘rganman. Bir kuni undan: — Qalay, senga yoqadimi Rubsov? — deb so‘radim. “Yaxshi, juda yaxshi shoir”, — dedi u va davom ettirib, qo‘shib qo‘ydi: Lekin uning yo‘li o‘tilgan yo‘l. Yesenin yo‘li. “Leteraturnaya” gazetadagi maqolasida Yevtushenko uni “Yeseninga o‘xshab ketsa ham, tamomila yangi, o‘ziga xos, — dedi. Menimcha, juda unchalik emas. O‘ziga xosligidan ko‘ra o‘xshashligi ko‘proq. Ayniqsa shakl va uslubda. Xuddi shu: ayniqsa shakl va uslubda o‘z yo‘lingni topmasang bo‘lmaydi, – dedi Rauf. Shoir shu fikrlariga butun umr sodiq qoldi. Shaklda o‘zgalarni takrorlamaslikka intildi. O‘z yo‘lini topishga harakat qildi.

“Uslubing, shakling ba’zan murakkabroq, hamma ham tushunavermaydi”, — derdim men ba’zan. “Bilaman! — derdi u. “She’r hammaga kerak, lekin hamma uchun yozilmaydi. Hamma o‘zicha keragini, tushunadiganini topib o‘qiydi”, – der edi. Shu tariqa u uslubi va shakli anchayin murakkabligini bilsa ham, uni soddalashtirish yo‘lini tutmadi. Aksincha, shakklanib borayotgan uslubini yanada teranlashtirish va chuqurlashtirishga intildi.
Rauf Parfi 70-yillarda Nozim Hikmatning kuchli ta’siri ostida bo‘ldi. Unga ergashdi ham. “Inson manzaralari”ni o‘zbekchaga o‘girdi. Biroq, ko‘p o‘tmay, nazarimda u Nozim Hikmatning shakl va vazn ta’siri quchog‘idan o‘zini olib chiqa boshladi. Nima uchun? Shuning uchun-ki, u birov yurgan yo‘ldan yurishga o‘rganib qolmay, deb xavotirlangan bo‘lsa, ajabmas. Balki, o‘ziga xos bo‘lgan yo‘lni mustahkamlash uchun shunday qilgandir”.

“Karvon yo‘li” to‘plami chiqqan kunlarining birida Rauf peshin atrofida “Bir ko‘rishmaymizmi?” deb ishxonaga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. – “Ishdan keyin bo‘lsa-chi?” – degan edim, Rauf ko‘ndi.
– Yigirma besh yoshingizda chiqdi-ya, birinchi kitobingiz, — dedim quvonchimni yashirolmay. Lekin Raufning yuzida bu fikrning ijobiy ta’siri alomatlarini sezmadim.
– Bu yoshda birinchi to‘plam chiqishi juda xursand bo‘ladigan narsa emas, – dedi Rauf. Bunday to‘plam deyarli besh yil avval chiqishi ham mumkin edi. Yoki, shu bugunoq chop etilishi mumkin bo‘lgan boshqa bir to‘plamga yetgulik she’rlar tug‘ilib yotibdi. O‘tkazishmayotibdi. Qaychilashga men rozi bo‘lmayapman. Bu to‘plamdagi she’rlarning ham deyarli uchdan biri qaychi bilan o‘pishgan.
– Bugina emas, – dedi Rauf fikrini davom ettirib. — Yigirma besh yoshda birinchi to‘plam chiqishi xursand bo‘ladigan joyi yo‘q deganim, bu yoshda ayrim ayrim shoirlarimiz 5-6 lab to‘plam chiqarishga ulgurib bo‘lishgan. Usmon Nosirni eslang. Bu yoshgacha uning beshta to‘plami chop etilgan.

Suhbatimiz mavzusi Usmon Nosirga o‘tganida tashqariga chiqdik. Hozirgi Amir Temur xiyobonidagi o‘rindiqlardan birida deyarli bir soat atrofidagi suhbatimizda Usmon Nosir mavzusi davom etdi. Men shunda Raufning bu shoir hayoti va ijodini naqadar chuqur bilishiga hayron qoldim. U Usmon Nosirning ayrim misralarini yod aytar, ayrim poetik obrazlarini shu qadar nozik talqin etar ediki, men unga bir-ikki ajablanib qarayotganimni o‘zi ham sezdi”.

“Rauf hazil-huzulni xush ko‘rguchi edi. Shoirni yaqindan bilgan har bir kishi buni yaxshi biladi. Lekin, bundan qat’iy nazar, hayotda munosib iz qoldirish kerak degan masalaga munosabatda u nihoyatda jiddiy edi. Buni hayotdagi barcha misollar xushyorlik ma’nosida tushunmaslik kerak. Aksincha, hayotdagi ana shu barcha ayrim (goh muhim va o‘ta muhim) masalalarga kelganda u ba’zan – go‘yo, ba’zida esa, chindan ham nojiddiy edi. Biroq, ijod masalasiga, she’riy masalaga kelganda esa, u favqulodda deyilsa arzigulik jiddiy odam edi. Menimcha u shoirligi uchungina shunday bo‘lgan emas, u tabiatan shunday edi. Bu xususiyat unda tug‘ma edi. Ilohiy ilmidagi so‘z bilan aytadigan bo‘lsak u laduniy shoir edi”.
“Rauf Parfi ijodi uch hissiy idrok asosida turadi, bular: Vatan, erk, muhabbat”.

Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim va tarjimon Ortiqboy Abdullayev:
“Rauf aka universitetda bir bosqich yuqorida o‘qigan bo‘lsa ham, negadir bizning kursdoshlarga o‘zini juda yaqin olardi. Bir necha yil oilaviy «gap» qilganmiz. Borish-kelishimiz yaxshi, juda inoq edik. Akademik Baxtiyor Nazarov, fan doktorlari Akram Kattabekov, Noʻmon Rahimjonov, fan nomzodlari Po‘lat To‘rayev, Muhammadi Jumanov, yozuvchi Zohir A’lam, shoir Safar Barnoyev, Rauf Parfi, shoir va xonanda Dadaxon Hasanov, kamina oyda bir marta to‘planib turardik”.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting