- MАRSIYA TАJRIBАLАRI
MАMАTNING QUTURGАN ITI UCHUN MАRSIYA
Nishoni yoʼq, oddiy, sassiq it edi,
Shaltogʼini bir kuni yamlab yedi.
Shaharlik bir itni u yoʼldan urdi…
Oqdi koʼzi, qoʼli sindi, quturdi.
Nola qildi. Tepib oʼtdi itdoshlar,
Аchchiq suvin sepib oʼtdi itdoshlar.
Boqmas hech it quturgan it holiga,
Osildilar shilta boʼlgan yoliga…
Аfsus! Itxonasi, bogʼi bor edi,
Bir itdek yashashga chogʼi bor edi.
Oʼynashi ot. Eshak edi pochchasi,
Qanday yashar bir qoʼrgʼon itvachchasi.
Xuruj qildi ityurakning sanchigʼi —
Vafo qilmas hech birovning qursogʼi…
Oxiri shul. Quturgan it otildi.
Bogʼi-rogʼi, ityalogʼi sotildi.
Kafan qilmay, tepib-tepib koʼmdilar,
Soʼng bor uvlab itkin gʼamga choʼmdilar.
1995
2-tajriba
XUDBINGA MARSIYA
Hech kimga ishonmadim yorug‘ dunyoda,
Otamga inonmadim, onamga inonmadim.
Bolamga inonmadim men –o‘zim …
Hech kimni sevmadim, hech kimni,
Boshqasini tilga olmadim hatto.
Meni tug‘arkan onam o‘ldi.
Yanada qattiq o‘zimni sevdim.
Men yolg‘iz yashadim o‘zimning
O‘limimni kutib yetmish yil.
Mozorimda bir to‘yib yig‘lamoq uchun.
1983
3-tajriba
O‘TKIRNING QUYONI UCHUN MARSIYA
Katta bog‘ning tashida, Sabza xiyobonida,
Quyonto‘ra zor yig‘lar. Quyonposhsha yonida…
Chorasiz oshiqlarni tshsha to‘rga soldilar,
Jonlarini avaylab, manzilga yo‘l oldilar.
To‘rt xonali uy qurdi quyonlarga onasi.
To‘y berdi hashamatli, bosdi el, ishxonasi.
Tilla taroq qo‘lida kuyov sochin tarardi.
Atrofiga alanglab kelin pastdan qarardi.
Ul kecha inqilladi Quyonposhsha berilib,
Nima bo‘ldi deb qo‘ydi Quyonto‘ra kerilib —
Men bilmasam, menimcha, biron narsa yeb qo‘ydi,
Quyonto‘ra ikki bor, nima bo‘ldi, deb qo‘ydi.
O`ninchi tun kelinning tutib qoldi to`lg`og`i
Ko`zlari mo`ltirardi, shalpanglardi qulog`i.
O`n birinchi tunida quyonxon so`lib qoldi,
Quyonto`ra ishqida tong mahal o`lib qoldi.
Quyonto`ra zor yig`lab zo`r bir motam tutardi,
Insofingiz bormi deb boshqasini kutardi.
1995
ITLAR
(«Tush» dostonidan parcha)
Qayt, Bo‘ynoq, qayt, To‘rtko‘z…
Hoy, odam bormi?.. Qayt!
Rauf, sen bu itlarga
Ne yomonlik qilgan eding, ayt!
Tishlari g‘ijirlar,
Ko‘zlari yonar, qizili qizilga, oqlari oqqa,
Hurpayib tashlanar,
Oldimdan bir uzib olmoqqa.
Ehtiyot bo‘l,
Bu — johil,
Qulog‘i kesik,
Dahani teshik.
— Bu — muttaham,
Qari,
Ezilgan,
Dumi kesilgan.
Bu sim bo‘ylab yugurar, yelar,
Qatgiqroq uvillar,
Ko‘ngli to‘q,
Bog‘liq ekanin bilar.
Tekinxo‘rmisan, sen, jini suymaydi,
O‘g‘rimisan, sen,
Ko‘chadan o‘tgani
Qo‘ymaydi.
Nechun, sen itlarga yoqmaysan,
Ehtimol, tuzukroq boqmaysan,
Quloq qoqmaysan,
Bo‘yniga nishonlar taqmaysan.
Eh sho‘rlik, qolding ne kunlarga,
Ko‘ksingni
Sindirib
Otgil ularga.
Chandiqli, zaharli yuraging otgil,
So‘ngra ularning holiga
Yumalanib-yumalanib
Qotgil.
Hammasi til tortmay
O‘lar-ku!
G‘aroyib hangoma
Bo‘lar-ku!
Yo‘q, yo‘q! Qayt, Bo‘ynoq qayt, To‘rtko‘z!..
Hoy, odam bormi? Qayt!
Rauf, sen bu itlarga
Ne yomonlik qilgan eding, ayt!
1975