Muaallif: Sohibova Zarnigor. Falsafa fanlari nomzodi
Sharq mSumtoz she’riyatida tabiat manzarasining badiiy talqini o‘zining chuqur ildizlariga ega. X-XII asrlar adabiyoti namunalari, undan keyingi davr ijodkorlari, xususan, Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy, Furqat kabi shoirlar nazmida borliq, samovot, yil fasllari, bizni o‘rab turgan olam, uning qismlari – lirik qahramonning ruhiyat manzaralarini aks ettiruvchi badiiy detal, she’riy asarda falsafiy xulosalar chiqarish vositasi sifatida alohida ahamiyatga ega. Mazkur adabiy an’ana zamonaviy o‘zbek she’riyatida ham muvaffaqiyatli davom ettirildi. Xususan, XX asr she’riyatining betakror shoiri Rauf Parfi O‘zturk ijodidagi tabiat fasllari tasviri fikrimizni asoslaydi. Yil fasllarining she’riyatdagi talqini peyzaj lirikasiga oid oid bo‘lib, shoir ijodida har to’rt mavsumga xos tabiat manzarasining poetik tasvirini uchratish mumkin.
Rauf Parfi ijodida qish tasviri berilgan she’rlar salmoqli o‘rinni egallaydi va o‘ziga xos ramziy mazmun tashiydi. Shoirning “Eslaysanmi, izg‘irin kecha” nomli she’ri bu borada ahamiyatli:
Eslaysanmi, izg‘irin kecha // Darchaga qor urar besabr.
Yiroq o‘ylar edi ketgancha, // Yiroq o‘ylar edi bir og‘ir[1].
Muhabbat mavzusiga bag‘ishlangan bu she’rda qish izg‘irini lirik qahramon iztiroblariga uyg‘un ifoda etilgan.
Yiroq o‘ylar edi ketgancha, // Sen nelarni o‘ylarding yana,
Izsiz edi o‘sha tun ko‘cha, // Kimsasizday biz turgan xona.
Keyingi bandda lirik qahramon ruhiyatidagi mahzunlik ishq kechinmalari bilan bog‘liqlikda ochib beriladi. Xususan, oshiqning qalbi erimagan qorga qiyoslanadi. Bunda qishdagi sovuq havo bilan lirik qahramon tuyg‘ulari parallel qo‘yiladi.
Yiroq o‘ylar edi bir og‘ir, // Qarg‘ar edi balki sukunat,
Erimagan qor kabi bag‘ir, // Buni hozir angladik faqat.
So‘nggi bandda xulosaviy fikr mavjud: izg‘irin kecha, darchaga qor besabr urib turgan oqshom va ayro taqdirlar mutanosiblashgan:
Xayol yana u yonga uchar, // Allaqachon ayirgan taqdir.
Eslaysanmi, izg‘irin kecha // Darchaga qor urar besabr…
Rauf Parfining qish haqidagi she’rlarida qor obrazi ko‘p takrorlanuvchi obraz hisoblanadi. “Darchaga qor urar besabr”, “Derazamga uriladi qor”, “Qor hidi dimoqqa urildi”, “Qorayib ketdi ko‘ksimdagi qorlar”, “Pag‘a-pag‘a oppoq qor yog‘ar”, “Dardim qorlar kabi sochilar”, “Qorlar yog‘di”, “Qorlar bosdi”, “Qor ufurar” singari bir qator ifodalar fikrimizni tasdiqlaydi.
Shoirning uchliklarida ham qish manzarasi qor vositasida beriladi. Quyidagi uchlikda yuzaki qaraganda qish kelishiga tayyor bo‘lmagan rayhon tasviri berilgan. Aslida esa bu hayot sinoviga tayyor bo‘lmagan, taqdirning kutilmagan zarbalarini kutmagan inson obrazidir: “QOR HIDI DIMOQQA URILDI… // Uxlaydi shamolning qo‘ynida // Barglarini to‘kmagan rayhon”[2].
Keyingi uchlikda esa tabiatda bahor nafasi bo‘lsa ham, lirik qahramon ko‘nglidagi dardlarning kuchi, ko‘hnaligi oksimoron vositasida: «QORAYIB KETDI KO‘KSIMDAGI QORLAR, // Maysalar uyg‘ondi, // Shoxlarga qo‘ndi ko‘klam»[3] tarzida berilgan.
Rauf Parfi ijodida murakkab metaforik birliklar juda ko‘p uchraydi. Birgina kuz tasvirining o‘zida turfa ramzlarni ko‘rish mumkin. Kuz va unga bog‘lik detallar tasvirida g‘amning suvrati namoyon bo‘ladi. Shoir ijodidagi barg, xazon, sarg‘aygan yaproq, sariqlik, tiniq suv kabi atributlar bevosita kuz tasvirini ochishga xizmat qiladi. Umuman, Rauf Parfida hasrat, g‘am, sokinlik kabi bir qancha inson ruhiy holatlar, iztirobli kechinmalar kuz yoki unga aloqador detallarsiz aks etmaydi:
HASRATLARI DUNYONING KO‘PDIR,
Lekin yo‘li bir: quyosh sari.
Uning bir dam oromi yo‘qdir,
U yaproqqa o‘xshagan … sariq[4].
Rauf Parfining kuz tasviri bor she’rlarida sariq va za’faron rang alohida ma’no tashiydi. She’rdagi hasrat so‘zi sariq rang ifodasi bilan o‘zaro mutanosiblik kasb etadi. Sarg‘aygan yaproq – o‘limga mahkum. Dunyo ham hasratlari ko‘pligidan so‘lgan yaproqqa o‘xshab qolgan. Bu she’rda dunyo metanomik ma’no ifodalab, bashariyat ma’nosini beradi. Demak, she’rdagi lirik fojia – dunyo va odamzodning keyingi taqdiridan xavotir – kuz vositasida beriladi. Shoirning “Sabolarda o‘ynaydi navo” misralari bilan boshlanuvchi she’rida lirik qahramon kayfiyatida biroz sokinlik seziladi. Endi u avvalgi she’rdagi kabi bashariyat dardida faryod chekmaydi, balki ko‘ngli talpinganiga shivirlaydi, oshiq yurakning ozorlari za’faron tusli bog‘dagi mahzun qo‘shiqqa hamohang uradi:
Kuzgi bog‘lar shivirlashar jim,
Kuzgi bog‘lar kuychi za’faron.
Kuylarmikan shunday yuragim,
Qo‘llaringni qo‘ygil, mehribon? [5]
Rauf Parfining “Onamga xat” she’rida ham kuz tasviri uchraydi. She’rdagi yashil daraxtzor orzularga to‘la yoshlik ramzi. Ammo kuz – o‘tkinchi dunyo – shiddat bilan oqqan zamon uni “yechintirmoqda”, orzu-umidlar sarg‘aygan yaproq misoli yerga to‘kilmoqda. Bu kuz – shoir anglab yetgan aldoqchi, adolatsiz, makkor, kir dunyo.
Ona, kuylanmagan bir kuy istayman
Va lekin aldoqchi hislar olur jon.
Ehtimol, qalamni bekor qistayman,
Netayin, rostini aytgil, onajon.
Yashil daraxtzorni yechintirar kuz,
Poyimda bahorning alvido uni.
Beparvo yoshlikni ilg‘amaydi ko‘z,
Qaylardan axtaray, onajon, uni[6].
Yuqoridagi misralarda kuz istioraviy mazmun kasb etgan. Shu o‘rinda Cho‘lpondagi “Kuz davrida dunyo kiyimi qolmas emish-da” misrasi bilan Rauf Parfining “Yashil daraxtzorni yechintirar kuz”[7] fikrlari o‘rtasida poetik uyg‘unlik borligi diqqatni tortadi. Har ikkalasida ham kuzda darxtlarning bargi yerga to‘kilishi holati obrazli tasvir etilgan.
Hammasidan bezgan shoir qalbi endi hech narsani o‘ylashni xohlamaydi, ilhom manbai so‘ngan, yashashning mohiyati yo‘qolgan. Lirik qahramon nazdida hayotning baxt to‘la manzillariga borishga ishonch yo‘q. Bu kabi umidsizlik, umrning rangsizligi satrlarda qabarib turibdi.
Xat – ona – kuz uchligi Rauf Parfi bilan zamondosh ijodkorlar she’rlarida ham uchraydi. Abdulla Oripovda ham aynan “Onamga xat” sarlavhali she’r bor. Bu ikki she’rni qiyoslanganda nafaqat ularning nomida, balki mazmunida ham mushtarak jihatlar borligini qayd etish lozim. Qahramon tuyg‘ulariga hamohanglik xat detali, ona va kuz obrazlarida ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ularda iztirob, sog‘inch, ona diydoriga yeta olmagan o‘g‘il, omadsizlik, hayotdagi nohaqliklar, jamiyatdagi adolatsizliklar kabi qator uyg‘un jihatlar borligini alohida ta’kidlash kerak:
Bilurman… yo‘limda g‘ichirlab toshlar,
Za’faron kuz yanglig‘ xayolim taqir.
Shaharning g‘avg‘oli tinchini tashlab,
Uzoq vaqt yoningga bormadim axir[8].
Bunda lirik qahramonning shodlik va tashvishlarga to‘la hayoti “Bilurman… yo‘limda g‘ichirlab toshlar” metaforasida, uning xayollari esa “za’faron kuz”ga tashbehlantirilishida aks etgan.
Rauf Parfining “Yoz kechasi” she’rida sof peyzaj tasviri berilgan:
Yoz kechasi. Osmon – falakda
Kunduzning kitobi o‘qildi.
Tars yorildi qovun palakda,
Oltin shaftolilar to‘kildi[9].
Kun bo‘yi quyosh tafti va ona tuproq mehriga qongan qovunning erta tonggacha shiraga to‘lib turishi, bolga to‘yingan shaftolilarning zamin bag‘riga tushishi shoirona ifodalangan.
Yoz sha’niga qo‘shiq to‘qilar, // Chigirtkalar chirillar chunon.
Yomg‘ir yog‘ar, go‘yo yog‘ilar, // Issiq tuproq ustiga marjon.
Yozning osuda tunida chigirtkalar ovozining eshitilishi tabiiy, bu holatni yoz sha’niga to‘qilgan qo‘shiqqa o‘xshatish esa shoirning go‘zal topilmasidir. Keyingi bandda yoz yomg‘irining ohangi qo‘shiqqa mengzalgan. Quyosh taftidan qizigan yer va suvning hidi juda yoqimli ifor taratadi. Band so‘ngida shoir inson va borliq o‘rtasidagi uyg‘unlikni, odam ham tabiatning bir bo‘lagi ekanligini tasvirlaydi:
Yoz yomg‘iri iliqdir biram, // Shitir-shitir uning qo‘shig‘i.
Bir shirin hid taralar yerdan, // Va yurakka ketar qo‘shilib.
Shuningdek, she’rda tun manzarasi tongda ko‘ringuvchi quyosh bilan yonma-yon qo‘yiladi va tashxis san’ati mohirona qo‘llanganini kuzatish mumkin:
“Dalalarda mudraydi uyqu, // Dala yotar kutib quyoshni”[10].
A.Oripovning “Saraton” she’rida ham “Ko‘rdim-ku tepangda o‘zin yo‘qotib, // Hayratdan lol qotib qolganin oftob”[11] tarzida yoz va oftob mutanosibligida tashxis vositasida go’zal poetik manzara yaratilgan.
[1] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 64.
[2] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 70.
[3] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 71.
[4] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 61.
[5] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 73.
[6] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 112.
[7] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 112.
[8] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 112.
[9] Рауф Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 57.
[10] Р.Парфи. Сакина (шеърлар). – Т.: Муҳаррир, 2013. – Б. 57.
[11] Орипов А. Танланган асарлар. 4 жилдлик. 1-жилд. Шеърлар ва достонлар Т.: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, 2000. – Б. 169.