Maqola muallifi : BuxDU tayanch doktoranti Ruxsora Imomova
53 yoshli Xan ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan birinchi osiyolik ayol ijodkor va ikkinchi koreys yozuvchisi bo‘lib, tarixiy bir muvaffaqiyatga erishdi. Janubiy koreyalik yozuvchi Xan Kang Shvetsiya akademiyasi tomonidan adabiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofoti sovrindori deb e’lon qilindi, bu uning “Kechmish jarohatlariga yuzlashgan va inson hayotining sobit emasligini ochib beruvchi quyuq anglamli she’riy nasri” uchun 2024-yilgi adabiyot yo’nalishida Nobel mukofotiga loyiq ko’rildi.
53 yoshli Xan 1970 yilda 27-noyabrda Janubiy Koreya, Guanjouda tug‘ilgan va hali bola vaqtida oilasi poytaxt Seulga ko‘chib o’tgan. U yozuvchi Xan Seung-vonning qizi. Adiba Yonsey universitetida koreys adabiyoti bo‘yicha tahsil olgan, 1990-yillarda she’r va hikoyalar nashr eta boshlagan. Uning birinchi hikoyalar to‘plami “Yosuning sevgisi” 1995 yilda nashr etilgan. Bu to‘plam aniq va qat’iy kompozitsiyasi bilan o‘qirmanlar e’tiborini tortgan. Janubiy Koreya adabiyot olamida uzoq vaqtdan beri mashhur bo‘lgan Xan koreys fantastik adabiyotiga oid mukofot, Yi Sang adabiy bosh mukofoti, Dong-in adabiyot mukofoti va Xo-Am san‘at kabi ko‘plab mukofotlarga loyiq deb topilgan. Xalqaro miqyosda u Xalqaro Buker mukofoti, “Humans Acts” asarining italyancha tarjimasi uchun Premio Malaparte, San-Klemente adabiy mukofoti va Prix Medicis etranger kabi nufuzli mukofotlarni qo’lga kiritgan. 1998-yilda Ayova Universitetining xalqaro yozuvchilar uchun programiga o‘qishga qabul qilingan. 2023 yilda Qirollik adabiyot jamiyati tomonidan xalqaro yozuvchi e’tirofini olgan.
Qo‘shiqchi va qo‘shiqlar muallifi sifatida ham o‘zgacha iste’dodga ega ijodkor 10 ta qo‘shiqdan iborat disk ham chiqargan.
Xan Kang adabiyotdagi ilk chiqishini 1993-yilda beshta she’ri bilan “Adabiyot va Jamiyat” jurnalida namoyish qilgan. kollej yillarida Kang koreys modernist shoiri Yi Sangning “odamlar o‘simliklar bo‘lishi kerakligiga ishonaman” she’riga maftun bo‘lib yurardi. U Yining g‘oyalari yapon iste’losiga qarshi fikrlarni ilgari surganligini anglar edi va yillar o‘tgach, “Vegeterian” romanida xuddi shu asardan ilhom olganligi namoyon bo‘ldi.
Xan Kang 2016-yilda 10 yildan ko‘proq vaqt davomida yozgan “Vegeterian” romani uchun Xalqaro Buker mukofotini qo‘lga kiritgan. Roman birinchi marta 2007 yilda Janubiy Koreyada nashr etilgan va uning 1997 yilda yozgan «Ayolimning mevasi” hikoyasi asosida yaratilgan. «Vegetarian» asarining ingliz tiliga tarjimasi uning Xalqaro Buker mukofoti sovrindori tarjimon Debora Smit bilan samarali hamkorligining boshlanishi bo‘ldi va Xanning xalqaro adabiy sahnaga chiqishini belgilab berdi. Asar tarjima qilinishi bilanoq dunyo e’tiborini tortgan edi. Ijodkor Booker mukofotini olgan birinchi koreyalik edi. Roman go‘sht iste’mol qilishni rad eta boshlagan Yeong Xening o’rta sinf Seul jamiyatining ijtimoiy dinamikasini qanday ostin-ustun qilganligi haqida hikoya qiladi. Yeong Xening bunday inkori, uning xatti-harakati tobora quyushqondan chiqishi tanqidlar keskinlashuvini yuzaga keltiradi va ijtimoiy qarshilikka uchraydi.
“Vegetarian” ning eng hayratlanarli tomoni shundaki, ayolning go‘sht iste’mol qilishdan bosh tortgan oddiy harakati oilani buzilishi kabi halokatli oqibatga olib keladi. Xan Kang o‘zining mohir nasri bilan odob va g‘azabni muvozanatlashtirib, o’zining Koreyadagi oilaviy hayotini odob va nafratni me’yorlashtirgan holda tasvirlaydi. Bu esa sabiylik va ijobiy bo’yoqdorlik xususiyatiga ko’ra har qanday muvozanatlashgan asarning yutug’i edi. Roman fantastika (literary fiction) yo‘nalishida yozilgan va bir qancha ramziy ma’nolarni o‘z ichiga oladi. Bu xuddi o‘zbek kitobxoniga tanish bo‘lgan Breydberi asarlari singgari. Mavzular markazida Insonni tushunish va tushunmaslikning ortidan yuzaga keladigan zo‘ravonlik, tazyiqlar bo‘lib, turli psixologik konfliktlarda namoyon bo‘ladi. Asar asosida film ham suatga olingan va Pusan xalqaro kinofestivalida muhim muvaffaqiyatga erishgan.
Xanning 2021-yilda chop etilgan “Alvido, dema!” romani uning eng oxirgi yozgan asaridir. Ingliz variantda “We do not part” ya’ni, “Biz ayrilmaymiz”. U fransuz tiliga tarjima bo‘lib, 2023-yilda Priks Medicis Etranjer mukofotini olgan. Ushbu romanning ingliz tilidagi tarjimasi kelasi yili Emili Yae Von va Peyj Aniya Morris tomonidan nashr etiladi. Xanning avvalgi romani 2016-yilda Koreyada nashr etilgan va 2017-yilda Smit tomonidan “Oq kitob” nomi bilan ingliz tiliga tarjima qilingan “Oq” romani edi. Bu asar avtobiografik xarakterga ega bo‘lib, tug‘ilganidan ikki soat o‘tib vafot etgan singlisiga bag‘ishlangan. 2023-yilda nashr etilgan “Yunon darslari” Koreyada ilk bor 2011-yilda “Yunoncha vaqt” nomi bilan nashr etilgan. Smit va Yae Von tomonidan tarjima qilingan roman kuchsiz ayolni ekzistensial sayohatga olib chiqadigan «Vegetarian» ga o’xshash uslubda yozilgan. Bu safar soqov ayol gapirish qobiliyatini tiklash uchun qadimgi yunon tilidan saboq oladi. Ayol bu qobiliyatini yo’qotishini boshqa ko’plab shaxsiy yo’qotishlari nuqtai nazaridan o’rganar ekan, u ko’rish va qarindoshlik aloqalarini yo’qotgan o’qituvchisi bilan yaqin munosabat o’rnatadi. Xan Kang keng ijodiy labaratoriyaga ega bo’lsa-da, asarlari tarjimalari soni nisbatan kam. Ammo, agar Nobel mukofotini qo’lga kiritish ikki yil avvalgi Nobel sohibasi fransuz yozuvchisi Enni Ernauxda kuzatilgan tendentsiyani aks ettirsa, uning boshqa ko’plab romanlari yaqin kelajakda munosib tarjimalarga aylanishi mumkin.
Kitobxonlar uchun eng muhim ikkita asar “Oq kitob” va “Inson harakati”dir. Faqatgina shu ikkita asar inglizchaga o’girilgan. Har ikki asar ham muhim tarixiy-ijtimoiy davr romanlari sifatida e’tiborni tortadi. Bu asarlar Xan uslubidagi chuqur anglamni va tarixiy mavzuni tushunishni istaganlar uchun muhim nuqtadir.
«Oq kitob» o’quvchilarni Xanning adabiy ko‘zoynagi orqali Evropaga olib boradi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Polshada paydo bo’lgan kitob 65 xil oq narsalar orqali qayg’u haqida uzoq mulohaza yuritishni taklif qiladi. Meggi Nelsonning “Ko‘k” asarini sevuvchilar bu romanning ham qanday kuchli adabiy uslub va g’oya ekanligini bilishadi. 2017-yilda ingliz tilida nashr etilgan kitob keyingi yili Xalqaro Buker mukofotiga sazovor bo‘lgan.
2018-yilda Kang “Future Library” loyihasiga hissa qo‘shish uchun tanlangan beshinchi yozuvchi bo‘lgan.