Ayolning ibtidosi va intihosi
Qachondir jannatdan quvilgan
Hazrati Odamning koʻksida edim.
“Havo” she’riy toʻplamida oʻzbek adabiyotining eng oʻtnafas shoiralaridan biri Gulnoz Moʻminovaning ayol suratini va uning ayollar siyratiga bahosini koʻramiz. Bu kitob markazida turuvchi AYOLning Raxshona Axmedova, Anif, Tillaniso, Alfayz yaratgan shakllaridan farqi bor. Bu toʻrt ijodkor ayolning bugungi holatiga oyna tutsa, Gulnoz Moʻminova oʻziga xos metaforalari bilan ayolning ildizidan tirnogʻigacha yondirguvchi koʻhna dardlarini ibtidosidan boshlaydi. Uning lirik qahramonini “havosizlik” qiynaydi.
Toʻplamning ilk she’ri “Munojot”. Shoira bir tomondan mumtoz an’analarga amal qilgan holda Allohga hamd mazmunidagi bu she’rni ilk sahifada joylashtirgan boʻlsa, ikkinchi tomondan jamiyat tomonidan faqatgina shakli qabul qilinuvchi ayolning koʻnglini doimo Alloh eshitguvchi ekanligiga ishora qiladi. Ammo bu munojotning oʻzgacha xususiyati shundaki, unda sifatlashlar salbiy anglam anglatadigan jumlalardan tashkil topgan. Bu Ollohga qarshi isyon emas, she’rni keng ma’noda tahlilga tortsak, har bir misra zamirida bir koʻngil sokinligi aks etadi, bu ollohga ishonchning nishonasi xolos:
Har tirik isyonga bir mozor izlatgan sevgili!
Keyingi she’rlarda esa ana shu isyonlarning guvohi boʻlamiz. “Aytib boʻlmaydgan qoʻshiq” da Sharqda tugʻilmaslikni butun dunyo ayollaridan iltijo qilib soʻraydi. She’r nomini bu dardni bu jamiyat qabul qilmasligi uchun ham shunday nomlaydi. Xuddi shunday goʻzal nihoniy dardlar shodasi “Oyning orqa tomoni” she’rida aks etadi. Oyning orqa tomonini kim koʻribdi? Ayolga kim quloq tutibdi, kim chuqurroq, ichkinroq nazar tashlabdi?!
Yaxshiyamki, ayolning ikki dengizi –ikki koʻzi bor, yigʻlasaki, ogʻriqlari tinsa va barchasi oqib ketsa!
Yaxshiyamki, Tangri menga
Juft dengiz ato etgan qachonlardir
Oyning orqa tomonidagi dengizlarday
Suvlari dunyoga koʻrinmas
Ikki dengiz
Shu dengizlarning shoʻr oqimlari
Muttasil yuvib turar
Qalbim yuzidagi tupiklarni.
Shu soʻnngi misradagi ironiyada shoira ayolning qalbiga tupurib qoʻygan butun jamiyat basharasini chizadi. Koʻzyoshlargina unga taskin beradi.
Kitobdagi mifologik ramzlar asosida yaratilgan obrazlarda xalq ogʻzaki ijodidan oziqlangan obrazlar mavjud. Shoiraning obraz yaratish mahorati ana shu ramzlarda aks etadi. Aslan Ayol taqdiri mif va rivoyatlar bilan bogʻlab butun insoniyat hayotining hal qilingan nuqtasi sifatida oʻsha uzilgan olma yoki bugʻdoy mojarolari adabiy tasvirlarda yetakchilik qiladi. Avvalboshdan ayolga olmani yeganlik gunohi yuklanadi. Shoiraning Poklik istardi tiynatim/ Men ilk gunoh izmida edim/ misralarida ana shu mifga ishora mavjud.
She’rlarda diniy atributlar: shayton, iblis, malak kabi obrazlardan unumli foydalanilgan. Aynan bu mavzuga yaqinlik esa tasavvufiy ohanglarni vujudga keltirgan.
“dunyoning eng iflos megapolisi” she’rida esa bu dunyo yuzi yana bir bor real ochiqlanadi. She’rning ayni bir nechta debocha misralari “Nozim Hikmatning “Inson manzaralari” dostonidan olingan. Urush davrining shafqatsiz jamiyatini Nozim Hikmat qanchalar realistic tasvirlagan boʻlsa, Gulnoz Moʻminova:
“Bolalar –kelajagimiz” degan
Balandparvoz yozuvga angraygancha
Eshitmay qolasan
12 yoshda zoʻrlanayotgan qiz chinqirigʻini.
Misralarida tanqidiy realistik uslubda bugunning ogʻriqlarini aks ettiradi.
Gulnoz Moʻminovaning boshqalarnikiga oʻxshamagan obrazlari ham oʻzgacha: Toʻpponcha, sariq tulki, skafandr –bunda oʻzini dunyodan berkitgan ayol timsoli, tupuk –insonlar ayolni anglamasligi va boshqalar. Moviy qushning qanotini/ bir koʻrmoqqa jerik boʻldim/ misralarida esa erk tasviri oydinlashadi. Gulnoz Moʻminovaning qahramonlari soʻroqlardan qanotlarini qisib-qisib erksizlik domida yashaydi. She’rlarida ijtimoiy-siyosiy mavzular ham yetakchilik qiladi:
Qahramonlar
Ajdahoning boshi qolib
Dumi bilan kurashga chiqar.
“Sen baxtlisan” xitobi
Millani yigʻlatar
Kuldirish oʻrniga.
Oktabr iligʻida bir dona gul ochgan olma daraxtini koʻrganmisiz.? Shoira naqadar sezimli. Olma gulini kampir qornidagi homila tashbehi bilan tamsillaydi. Nobud boʻlishi aniq bu gulning taqdiri nooʻrin joyga tushib qolgan ayol singari. Unda na yashash erki bor, na oʻlish. She’rda lirik syujet rivojlanib borgan sari asl mavzu erk ekanligi ayonlashadi. Qaygʻu oyati tushirilgan olma yaprogʻi obrazida ham Havo bilan bogʻliq rivoyat yashirin. Shoira insoniyat ibtidosining bu avvaliga koʻp marotaba murojaat qiladi. Har safar javobsiz qoladigan savollar jonini umidsiz,qoldirmasligi uchun ham gunohni oʻz boʻyniga yuklab qoʻya qoladi. Aslida bu hamdardlikda ayol himoyasi uchun maydonga otilgan bir jangchi ayol yashaydi.
Gulnoz Mo’minova she’rlarining deyarli barchasidan qush obrazini topamiz.
Koʻksim tandirida kuygan kulchada
Uysiz qushchalarning
Haqqi bor edi
Yonib turgan ko’ksidagi olovdan kuygan kulcha beishtiboh yurak. Uysiz qushcha esa egasini topmay sarson yurgan erk, istaklar.
Ayol koʻp narsa istamaydi. Bu she’r u turdagi ayolni yonsitmaydi. Bu she’rlarning qahramonlari mehr va biroz erk gadolari. “Sitamlari yuragiga kuch bo’lgan” kuchli ayollar.
Toshbaqa kosasi yomgʻirga toʻldi/ misrasining oʻzida qancha dard bor. Koʻzyoshdan yupingan ayolning sabr kosasi yoshdan toʻldi. Uni gʻarq qilgan ham oʻz yoshlari, oʻz dardlari. Bu ayol oʻz sezgilarini himoya qilish uchun tikonlar bilan oʻrab qoʻyadi. U barchasidan toʻyib oʻlgisi keladi, ammo har safar bu fikridan qaytadi:
Ismim Penelopa
Har kun o’zga kafan toʻqigum,
U bitmas sira-
Odissey qaytishiga yaqin
Chiyratib yuborgum uni har safar.
Dard insonni xudoga bogʻlashi bor gap. Ammo bu anglanmaslik dardi boʻlsa, insonlardan yetgan alam boʻlsa, ayol najot tilasa, zamonlar osha kelmasa bu najot, nahot soʻngra shakkoklik yuz bermasa?! Shoira “Hadik” she’rida koʻngilning ayni shu haqiqatini yoritadi. U shakkoklik bir she’ridagi ayol emas – nafrat orbitasi atrofida aylanayotgan sayyora boʻyniga osilgan dor boʻlishidan qoʻrqadi. Chunki bu muhitda tayanch yoʻq, havo yoʻq.
Kitobning nomi ham, oʻzi ham davrimiz ayollariga yetishmayotgan, Momo Havoda ham boʻlmagan Havo haqida. Bu kitob jamiyatga ayol – erkin inson ekanligi haqida dod soladi.
Unutilayotgan ayolning yuragi urib turganidan ogoh etadi. “Havo” da o’zbek ayollari oʻz “AKS”ini topadi.
Xullas, kitob boshdan oyoq haqiqatlar hamda ayol va uning “gunohi” haqida soʻzlaydi. “Gunohkor” ayollar va “pokiza” erkaklarga oʻqishni tavsiya qilaman.
Maqola muallifi: Ruxsora Nur