Yogʻoch Ot
Oʻgʻuz Atay.
Tarjimon: Ruxsora Nur
Endi bizga yangi bir nafas olib kel, Yogʻoch Otning qanday paydo boʻlganini gapirib ber. Tuzoq qanday qoʻyildi, ana shu qoʻshiqdan ayt. Shaharning kirish qismidagi sogʻlomligini bugun ham yoʻqotmagan devorlar Rimliklardan qolgan. Agar sen bizga goʻzal bir rivoyat aytib bersang, men ham sening sharofating bilan bu dunyoga balki yanada yangi bir narsalar tuhfa etishim mumkin. Ana shu koʻrgan qudugʻingizda bir zamonlar butun shaharga yetadigan suv boʻlgan. yoʻlboshlovchining yuzi juda gʻamgin edi: ayni gaplardan keyin shunday bir mavzu boshladiki, hech ham jim qilolmadik. Shundoq tepadan chiqib qarasangiz, butun ovul koʻrinadi: irmoq ham yashilliklar orasidan xuddi barmoq bilan chizgandek ingichka shaklda oqib oʻtgan. Bilsangiz, bir zamonlar bu Yogʻoch Otni ne qadar qiyinchiliklar bilan yasashgan. Shaharning eng baland joyiga Tangrilardan armugʻon deya mashaqqat bilan sudrab keltirdilar. Anovi tepaliklardan ba’zilari sizga tanish. Bir qismi ham, ya’ni tuynuklari borlari eskidan mozor qilish maqsadida tayyorlangan. Yogʻoch Otning ichi jangchilar bilan toʻla edi. Aqli bor boʻlgan odam uni shahar ichiga yaqin yoʻlatmasdi. Afsuski, “Tangrilar bizga yana bir bor yordamga kelibdi”, degan gapni rad etib boʻlmasdi. Shu sababdan ham odamlar katta xavfni koʻrmay qolishgandi. Mayli, toshdan toshga sakrasangiz ham oyogʻingiz toyib ketishi mumkin-ku! Jangchilarimizning bir qismi kemalarga minib chekingan kabi koʻrinish qilishgandi. Bu hiylaga qanday ishonishdi? Tangrilar shunday istashgandi.( Bu Yogʻoch Ot kirishdagi maslahat byurosida oʻn liraga sotilyapti.) Kechqurun qorongʻu tushishi bilan askarlar shaharga poʻlat oʻq kabi sochilgandi. Bu yerda oʻq gapning kelishi, u zamonlarda hali poʻlat oʻq boʻlmagan. Shahar xarobalarini oralar ekansiz, yoʻl boʻyi eski toshlarga koʻzingiz tushadi. Bir qismi oʻzingiz bilgan toshlar, ya’ni Yogʻoch Ot qurilayotganda tepalik vazifasi yuklangan tabiiy xarsanglar va oʻshandan buyon zamon shamollariga chap berib hech qanday oʻzgarishsiz turibdi. Bu toshlarning ustida Odissey, kimlardir Uliss[1] deb ham bilishadi, bu xuddi Afrodita va Venera kabi bir xil nomlar, dushmanga hujum qilishga tayyorlanib qilichini qinidan chiqarardi. Chap tarafdagi toʻrtta tosh esa qadimda baliq bozori boʻlgan. endi u baliqlar qolmagani kabi bir ming toʻrt yuz oʻn ikki toshdan iborat bozor haqida shu toʻrt tosh gapirib turadi, millat majlislaridagi kabi hah-hah-ha. Askiyani tushunmaganlar uchun katta ibodatxonani aylantirayotganimda yana bir marta tushuntiraman. Ha, baliq bozorining qadim davrga bogʻlanganini bildirib turish maqsadida ana shu toʻrt toʻsh raqamlab qoʻyilgan, endi ish bir ming toʻrt yuzi sakkiz tosh olib kelinishini ta’minlovchi byudjet pulini kutishda qolgan. Va ma’lumingizkim, otlariga mingan jangchilarimiz, kechirasiz YogʻochOtning ichidan sakragan otliqlarimiz, uzr, askarlarimiz katta tezlik bilan shaharni talon-taroj qilgan. Bu harobalarda talangan shahardan keyin qurilgan oltinchi koʻrinishini kuzatib turibsiz axir. Bunday YogʻochOt boʻlmaganida ham, oxir-oqibat shaharlarning qanday holatga kelishi ochiqcha ma’lum, hah-hah. Guruhimizdagi olmon sayyohlar uchun avtobuslarimizga minmaslaridan oldin eng oxirgi ikkita askiyani anglatishni oʻzimga burch deb bilaman. Ha, shaharning tik qiyaliklari boʻylab yoyilgan jangchilar orqalarida xarobalar qoldirib ilgarilab borgan va oxirida koʻrib turganingizdek aylanib kezib kirish darvozaga yetib keldik. Keyingi aylanish ovqatdan keyin suvsiz hojatxonalar, ostiga yangi beton toʻshalgan Yogʻoch Ot atrofida boʻladi.
Quyosh va changga ma’no baxsh etayotgan tarix ichida angrayib borayotgan yarim-yalangʻoch insonlar toʻdasi yoʻlkoʻrsatuvchisini kuzatarkan goh-goh ifodasiz yuzlaridan oqqan terlarni artib-artib qoʻyishardi. Yoʻlboshlovchini boʻlsa Otning koʻrimsiz poydevori haqida nima deya olish xayoli qiynardi. Tortburchak maydonga beton toʻkilgan va yonida Yogʻochqolip ham turardi . Qotirib qoʻyilgan toʻrtta ustun yogʻoch keyinroq YogʻochOtning oyoqlariga aylansa kerak. Gʻoya shahar hokimidan chiqqan, balki muzey direktorinikidir, bu noziklikni shaharni obodonlashtirish tashkiloti a’zolari oʻylab topgan boʻlishi ham mumkin. sayyohlarni uylaridan qoʻzgʻatgan bu betakror xarobalarning kirish qismida qadimgi YogʻochOt nusxasi, yana shu qadar kattaki, ichiga bir boʻlinma askar sigʻadi, aziz sayohatchi doʻstlarim! Shahrmizni goʻzallashtirayotganimiz yetmagandek endi bu xarobalarga qoʻl choʻzdik. Hurmatli texnik mudir fikri bilan tayyorlangan bu tarixiy obidani darvoza oldiga oʻrnatmoqchimiz. Shunday qaror kerak deb topildi. Mazmuni: qadimiy YogʻochOtning yangidan tarixga qaytarib berish haqida. YogʻochOt ehsonlari haqida. Qurilishlarni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan aniq tarx chizilgan va YogʻochOt qad rostlaydigan yer bir taqsim ikki yuz kenglikdagi xaritada oʻq belgisi bilan koʻrsatilgan va aynan maslahat markazi yaqinida joylashgan suvsiz hojatxonalar roʻparasiga toʻgʻri kelgan. Maslahat markazining peshtaxtalarida ana shu YogʻochOtning keramikadan yasalgan bolachalari turibdi. Yonib tugagan sigaretini YogʻochOtga qaratib otdi. Qorovul koʻrsatkich barmogʻi bilan ogohlantirdi uzoqdan: YogʻochOtning tevaragini bulgʻamang. Bu obida 9865894-sonli qonunga koʻra yopiq convert ususlida tenderga qoʻyilishi va holatning gazeta orqali e’lon qilinishi bir ovozda ma’qullangan. Obodonlashtirish boshqarmasida men boʻlishim kerak edi. Nalbur Zakariyo Afandi e’tiroz qilgan. YogʻochOt tashqi ta’sirlardan himoya qilinishi uchun mum bilan qoplanishi lozim, menimcha. Ikki qavat boʻz , bir qavat qatron. Chinni ishlab chiqaruvchi korxona boshligʻi Burxonbey esa ustiga plitkali mozaika qoplanishini taklif qilardi chunki himoyalangan har qanday yer ustiga… Yetarlicha kulgili boʻlmayapti, deya gʻudrandi oʻziga eshittirib-eshittirib. Men oʻsha yerda boʻlishim kerak edi. “Voulez Vous…” deya bir bola unga yaqinlashdi va bir paket uzatdi. Soqolli boʻlishning zararlari. “Qoʻlingdaki nima”, deya soʻradi boladan. “Shirinlik, ogʻa”, dedi bugʻdoyrang, yalangoyoq yigitcha uzoqlasharkan. Voulez Vous kabi gʻaroyibot boʻlishni emas, senga har doim “og’a” deya murojaat qilishlarini istasang bu soqolni qirqib tashlashing kerak. Lanati, sizga nima mening… unday dema, xalqingni hislarini hurmat qilishing kerak. Bir “ranjida” degan soʻz ham bor edi: uni qayerda ishlatamiz? Yaxshi, siz YogʻochOtni yasayotganingizda… birdan asabiylashdi. Biroz oldin menga barmogʻini silkitgan qorovul nima deb oʻylaydi qani koʻraylik-chi? Tez-tez yurib qorovulga yaqinlashdi. Halloslab turib: “Bir daqiqaga qarab yuborasanmi?” , dedi qorovul uni Voulez Vous deb xayollashiga fursat qoldirmay. U boʻlsa darrov “Hojatxona roʻparada”, dedi, –“Faqatgina suvi yoʻq”. u bir lahzaga gʻazabini ham, nima demoqchiligi ham unutdi: “Nega suv yoʻq?” Hokim kestirdi, janob. Sayyohlarga ham juda qiyin boʻlyapti.
– Biz inson emasmi?
Qorovul savolning tag ma’nosini tushundi shekilli:
–Juda koʻp gʻayridinlar kelyapti-da, sizlar zotan yuvinmaysizlar-ku, toʻgʻrimi?
Bu odam juda farosatli. “Xodimlar xonasida joʻmrak bor”, dedi qulogʻiga egilib katta sirni aytayotgandek. U boʻlsa: “Sen mening kimligimni bilasanmi”? dedi qoravulga. Shu gapdan keyin qoravul oʻzini broz bosib oldi. “Rahmatli Tuzjulardan Bakirbeyning oʻgʻliman” soʻzi ogʻzidan chiqqan zahoti “Deputatbey”, deya haligi qoravul yarim harbiy holatga oʻtib oldi. Agar otasi tirik boʻlganida toʻliq saf holatida turardi va kechqurungi bayroq tushurilguncha joyidan jilmas edi. “xush kelibsiz, janob”, dedi u qoʻlini uzatib.
Qoravulning ismi Solih ekan. “yaxshi, Solih”, dedi Deputatbey u keltirgan stulga oʻtirarkan:
–Seningcha, shu soqol oʻlgurni kesish lozimmi? Koʻrdingni, Solih, bu oʻqimishli qatlamga ishonib boʻlmaydi, mana.. insonni doim qiyin vaziyat ichiga otishadi.
–Bizning yerlarda uncha mos kelmaydi, janob, dedi Solih koʻzlarini YogʻochOtning poydevori taraflarga olib qochib. – Hatto mudirimiz moʻylovni ham yoqtirmaydi. Zoti-surati qora bir millatsiz, ustiga-stak moʻylov ham qoʻyib battar qoraytirasizlarmi oʻzingizni?, deydi. Soʻng boshini egib boʻyniga ishora qildi:
–Koʻylak ham yuqorigacha tugmalari ildirilgan boʻlishi kerak.
–Go‘yoki bu “Yuzni go‘zallashtirish jamiyati”. Xudo rozi bo‘lsin, yuzimning rangi biroz ochroq.
Solihbey savollarini qatorlashtirdi. Eshitishicha, Bakirbeyning o‘g‘li chet ellarda o‘qigan edi. To‘g‘ri, biz ham bir oz voulez-vous deb oʻyladik-da.
— Chet tili yaxshi narsa, — deb ma’qulladi Solihbey. — Dunyoning pulini shu beqiliq, yirtiq-yamoq kiyinadigan turist yo‘lboshchilarining qoʻlida. Deputatning xayoliga birdan yana YogʻochOt keldi va yuragi siqildi. Balki o‘sha tarafga qarab o‘tirgani sabab bo‘lgandir. Stulini teskari o‘girdi. Turistlar do‘kon oldida nimadir ichib oʻtirishardi. Yaxshi, chetki pul qoldirishadi. Faqat… YogʻochOt ham qurilsa edi… “Ko‘nglim ochilmayapti…” — deb o‘ziga o‘zi pichirladi.
Solihbey unga egilib:
— Nima istaysiz, janob? dedi. U qo‘lini siltadi:
— Qo‘ya qol, bizni Salihbey, biz, hatto, bir turist yo‘lboshchisi bo‘lishga ham yaramaydigan darajada hayotimizni ham, oʻylarimizni ham chalkashtirib yuborganmiz. Qoravulning g‘iybatlarini indamay eshitdi, issiq havo, chang va tarix oqimini ichidan oʻtkazar ekan ularga yangidan shakl berdi.
—Biz ham bir paytlar voulez-vousni o‘rganganmiz, Solihbey. Sen anglashga qiynaladigan, anglasang ham anglamaganday ko‘rsatadigan harakatlaringni biz ham eplay olamiz, ammo bu hunarlar hech ishga yaramaydi, dunyo qadar pul toʻplashga yetmagani kabi. Mana, hammasi ochiq-oydin oʻrtada ma’lum. Mana xonimlar va janoblar, xayol pardasida barcha mashhur manzaralar va ularni yaratgan mashhur insonlar. Mana buyuk sarkarda, qoʻmondon va Salib yurishlari. Mana Salibchilarga qarshi kurashgan uzun qilichli qahramon xarobalarning suvini to‘smoqda… va salibchilar axir… ular, go‘yo Yevropaning katta qasr va asfalt ko‘chalar bilan bezatilgan shaharlari orasidan sayohatga chiqqan, uzluksiz maqsadli safarlarda hormay-tolmay bizning yurtimizga toʻkilgan edilar… mana ular minglab kilometrni bosib oʻtgach suvsizlikdan qanday qirilib ketmoqdalar, mana rasmda koʻrinib turibdi. Mana salibchilar havo sovutgichi boʻlgan avtobuslari yonida terilganlar, mana mana “Nibelungenring” sayyohlik agentligi. Mana hokim, mana salibchilar. Mana qat-qat qilib qurilgan va yana ustma-ust qulab tushgan mashhur shahar. Mana kengash raisi, mana “go‘zallashtirish jamiyati”ning ming bir qiyinchiliklar bilan qurilgan va ichiga hatto yumshoq tualet qog‘ozi chet eldan keltirilib qoʻyilgan, koʻngilga shabada olib kirgandek taskin beruvchi hojatxonalarning oppoq suratlari. Mana chapdagi surat xuddi qaymoqdek oppoq hojatxona idishidan qanday qilib uch harakatda foydalanish mumkinligini uch xil tasvir bilan mahalliy sayyohlarga tushuntirib bermoqda. Tarjimonning eslatmasi:
“Ey odamlar! Iltimos, yevropacha idishlariga tovuqdek chiqib o‘tirmanglar, toshlar sinyapti! Barcha yevropacha hojatxona toshlari birin-ketin tarixiy xarobalarga aylanmoqda.” Mana kengash majlisi mana hammasi qahramon, hammasi birga, hammasi bir ovozli kabi koʻrinadi. Mana qo‘llar doim birgalikda ko‘tariladi: hojatxonalarga suv oqishi uchun qaror qabul qilinadi. Mana suvlar oqmayapti, mana qadim daryolar, qadim toshlar; bari vayron, bari aralashib ketgan. Mana o‘n bir yoki undan ham ko‘proq marta qurilgan va oxirida faqatgina bog‘ devoriga yetmaydigan darajada kam toshi qolgan, ammo butun dunyoning salibchilarini ortidan ergashtirgan ajoyib shahar, ya’ni bir zamonlar o‘n bir yoki undan ham ortiq marta “shahar” deb atalgan joy. Qara, shahar qatlari bir-biriga qo‘shilib ketgan, ana arxeolog qarinchqalar hamma narsani joy-joyiga qo‘yishyapti. Ular tufayli hamma narsa qaytadan yangicha koʻrinish va ma’no kasb etadi: to‘rt tosh – bir shahar, yigirma ikki kupon — bepul kvartira qavati degani. Mana yunoncha, lotincha va bizning tilda yozilgan lavhalar. Mana bu — agora: ikki ustun, to‘rt boshliq, bu yer esa imperator saroyi: faqat darvoza arkasi qolgan. Mana bu yer – katta maydon, bu yer – Akropol, bular – tosh qulflar, bular — kaltakesaklar. Bu yer gimnaziya, bu yevropacha hojatxona, orqada esa ikkita yotoqxonasi bor. Mana qal’a devorlari ustida turgan o‘sha barmoq kattaligidagi tosh taxta, bir zamonlar : “Imperatorga sadoqat qasamyodi qilgan qoʻrqmas Atlanta ritsarlarining iymoni parchalanmas.” degan yozuv. Mana xonimlar va janoblar! Koʻrganlaringizning ming barobar shiddat ila koʻz oldingizda jonlangan ovozalari. Mana qoravul Solihbey, ana shaharning kirish darvozasi(bu yerdan kʻorinmaydi), mana golivud manzaralarikabi qurilishi boshlangan Yogʻoch Otning bir qismi, mana keksa salibchilar (hozir ular chet eldan keltirilgan quyuq rangli va gazli ichimlik sipqorishmoqda) va oʻzlarining qanday yomon fotih boʻlganliklarini rangli kartpostallar hamda Pochta xizmati orqali butun dunyoga yoyishmoqda. Odisseyning Yogʻoch Otini oʻn liraga sotib olib, bilmayman, qanday havoyoʻllarining sumkalariga solib, mana soxta tishli gʻururlari ila yerimizga qoʻnishmoqda. Mana otalarining qonlari bilan sugʻorilgan shu tuproqlarda minglab yillardan keyin… endi charchadim, xonimlar va janoblar! deya Solihbey tomonga nazar tashladi: “Boshimdan quyosh oʻtdiyov, biroz mazam qochdi” .
–Bir shapka kiyganingizda yaxshi boʻlardi, janob, dedi qoravul. –Yurtimizning quyoshini unutgan koʻrinasiz.
–Shapkami? Bu soqolning ustidan bir shapka ham kiysam, xudo koʻrsatmasin, meni devona deb oʻylab joyiga olib borib tiqishadi, Solihbey, tumanimizning boshliqlar va tashkilotlardan qolgan barcha kuchlari, mana mashhur nazorat boʻlimi boshligʻi, mana kolju[2] kuchlari, mana jamiyatning ishonchini ta’minlaydigan allambalo kuchlar, buning uchun Solihbey , shapkaning keragi yoʻq. Endi bizga ruxsat. Oyoqlaridan ham koʻproq miyasidan kelgan bir holsizlik bilan qadamlarini sudrab-sudrab uzoqlashdi. Mana Tuzjulardan Bakirbeyning oʻgʻliga yarashmagan poshnasi tekis tuflilar, mayli, Solihbey, yaxshi qol!
Shahar ustida hali hech kim anglab ulgurmagan bir dahshatli havo esishni boshladi. Bu havo hozircha xarobalar, ayniqsa Yogʻoch Ot joylashtirilgan atroflarda izgʻib yurardi. Qoravul Solihbey keltirib bergan stulga suyanib, horgʻin koʻzlari bilan rang-barang sayyohlar karvonini erinchoqlik bilan kuzatardi, koʻzlarini qisib quyoshga qarashga harakat qilardi. Bu yerda tugʻilgan boʻlsam ham quyoshning kasalmand farzandi boʻlsam kerak, dedi ichida. Paydo boʻlganimdan beri shu quyoshga toʻgʻri-durust boqmaganman, Solihbey. Ana quyosh, ana fransuzlar. Chang bosgan toshlarga emas, quyoshga boqinglar! Eng qadimiy asar, minglab, millionlab yillardan oshgan nurlar. Va mana quyoshning va Tuzjular mahallasidan Bakirbeyning oʻgʻli. Oxirgi kunlarda boshidan oftob oʻtmasin deb oq kepka kiyishni odat qilgandi. Guldonlargatushirilgan jangchilardan biri boʻldim, men Solihbey. Ha, Odissey singari kuchli boʻlmasa ham soqollari xuddi uniki kabi goʻyo dahshatli bir boʻron. Itakami qayer boʻlsa-da oʻsha yerga qaytishi kerak boʻlgan Yogʻoch Ot qoldigʻi salqin qahvaxona soyasida panoh topib oʻtiribdi. Bu boʻron yashirincha hech kimga eshittirmay kezib yurardi. Oqshomlari shu yerda oʻtiradi, ichidan oʻylaganlarini hammaga yuzma-yuz gapirgandek boʻladi. Mana shaharda an’anaviy Armut festivali[3] ham boshlandi, Ibrohimbey. Ana bu yerda duradgor Topal Ismoil yasagan zafar aravalari bilan bezalgan kechuv[4] tasvirlangan. Tish doktorining qizi Oysel ham dentalus qirolichasi kabi kiyingan, Mahalliy liboslar kiygan qizlarimiz ham juda goʻzal terilishgan. Tish haqida gapirib, bir sovuq, bir issiqdan tishlarim qamashadigan boʻlgan, Azizbey. Koʻzlarimiz gulli aravalardagi viloyat va shahar hokimlarini kuzatmoqda. Yogʻoch Ot ustida obodonlashtirish jamiyati a’zolari. Yoʻq, ustida emas, Itakali jangchilar kabi ichiga joylashib olishgan. kechada milliy raqslar namoyish qilinadi va milliy yutuqli oʻyin cheki tortiladi. Xalq qoʻshiqlari mutaxassisi Sayfiddin Dagʻdeviren va pop ustasi Arkan Tansal tarixiy teatr xarobalari orasida koʻrinish qilishdi. Qaysi birini koʻrib tugataylik, Solihbey? Qaysilarini kezib chiqaylik? soʻzlarini ehtiyotkorlik bilan tanlab, uygʻoq munosabatda davom etardi: “Rustam, menga biroz shakarli qahva, yonida chilim ham boʻlsin”. U oʻzini xuddi Bakirbey kabi tutardi. Shaharcha nazorati ostidaday. Jazirama yoz kunlari koʻp vaqtini xodimlarning ustiga suv sepilgan yogʻoch toʻshamali salqin xonasida oʻtkazardi. Otasidan qolgan zaytunzorlari bor edi. Goʻyo Togʻrulbey ham shu qasabada koʻngilxushlik qilib yurardi. Deputatbey aftidan oʻzini jiddiy qiyofaga solsa-da, zoti bilan faxrlanishi bilib turardi. Shu soqoli va ayniqsa, oq kepkasi boʻlmasaydi, shahar kulubida ovqatlansa, qimor oʻynasa ham boʻlardi! Oshkor qilmasa ham Solihbey bilan pinhona ichishlarini hamma bilardi. Mana Solihbey unga shunday derdi: “Faraz qil, sen bir Solihbeysan, otangning senga bir qahramonona ism qoʻyishga aqli yetmagan, otangning qoʻshnisi ham oʻz oʻgʻli uchun bunday qilishni oʻylab ham koʻrmagan. Ammo ana, qancha mashhur jangchi boʻlsa, hammasi biz boʻldik. Mana butun Saljuqiylar, ana barcha tish shifokorlari, dorixonachilar, bankirlar – hammasi qahramon. Uning men qayta-qayta takrorlaydigan “mana-mana”lardan jigʻibiyroni chiqardi. “Yo Xudo, yana “manalash”ni boshlamang” , deya shaharda eng soʻnggi yuz bergan jinoyatlardan gapira ketdi. Solihbey, men bularga bardosh berolmayman, dedim, oxiri. Solihbey ichkilik ta’siri va vahshatdan yonib turgan qirrador va qip-qizil burniga juda yaqin joylashgan kichik koʻzlari toʻla dahshat bilan xunrezliklar tubanligini astoydil anglatishga urinardi.
–Hech boʻlmasa, pichoqli qismlaridan tezroq oʻtib ketaylik, Solihbey!
Ilk voqea Armut festivalining yopilish marosimida sodir boʻldi. Qoʻmita a’zolari bir nimaningdirmi yoki kimningdirmi sharafiga uyushtirilgan balda Yogʻoch Ot uchun ehson yigʻardi. Obodonlashtirish boshqarmasiga qassob Halipbey bir qoʻchqor hadya qildi va bu hayvon ham Yogʻoch Otning qurilishi davom etishi uchun kimoshdi savdosida sotiladigan boʻldi. Qoʻchqorning boʻyniga qizil lenta bogʻlanganligi Tuzjulardan Bakirning oʻgʻlini juda gʻazablantirdi. Ma’lumki, biroz oldin yetarlicha ichkilik ham ichgandi. Oʻrtada aylanib yurgan qurgʻur “kokteyl” nomli ana u ichimlikdan, hatto, yuz yigirmata ichsa ham bu darajada sarmast boʻlmasdi. Qolaversa, fitna chiqaruvchi ba’zi holatlar ham yuz berib ulgurganini ham aytish joiz. Aftidan, bu soqolli odam Savdo vazirining ta’biga oʻtirmagandi. Avval raqs tomoshasi uchun chaqirilgan loʻlilar masalasi paydo boʻldi va bu hodisa asnosida Toʻgʻrulning Savdo vaziriga qarshi munosabati hammani xavotirga soldi. Vazir Tuzjularning oʻgʻlini yoqtirmaganini tortishuv davomida sezilib turishing hech hayratlanarli joyi yoʻq. Ana oʻsha kecha shaharda ilk marotaba asabiy va gʻazabnok bir shamol esa boshlagani ma’lum boʻldi. Vaqt yarim kechaga borganda shamol biroz tindi.
Raqqosa ayol rosa terlab ketgandi, shuning uchun bir orada yopiq xonaga kirib, terini artib tin olishni istadi. Biroq savdo vaziri ayolning peshonasiga tinmasdan pul yopishtiraverib xoli-joniga qoʻymasdi. Nihoyat ayol ichkari otlanganda qiymati eng baland boʻlgan qogʻoz puldan chiqardi. Toʻxtash mumkinmidi? Hurmatli “kattalar”imiz bor edi axir, ularning hurmati uchun tashkil etilgan bu balda hayajon eng avjiga chiqishi kerak, axir. Stulchi Ahmaddan ijaraga olingan oʻrindiqlar maydon boʻylab terib chiqilgandi. Toʻgʻrul mastlikdan chayqalib turardi. Rangli chiroqlar, qogʻozlar va har xil chirkinliklar oʻz nuqsini taratardi. U xunuk raqqosa ayolga achinardi. Aslida, barcha ayollar uning uchun xunuk edi, shu qatorda, erkaklar ham. Yetmaganiga bu qirmizi lenta bogʻlangan qoʻchqor har ipini tortganida bogʻlangan ustun ham sollanardi va ustun tepasiga osilgan radiokarnaydagi klarnet yoʻtalgan kabi ovoz taratardi. “Xudoyim”, dedi Toʻgʻrul,–bu axmoqgarchiliklarning boshiga falakdan bir nimalar yogʻdirmaysanmi? Oʻyinchi xotin soxta kulimsirashi bilan ichkariga qochishga bir chora izlardi. Toʻgʻrul toʻsatdan maydon markazida paydo boʻlganini sezmay qoldi . Burnining tagida jamiyat raisining oq sochlarini, osilib turgan uzun, oppoq soqolini koʻrdi. Otishga oʻqi yoʻqdek sovuq nigohlari va minnatli tabassumidan yuzini burib qocholmadi. Nimadir qilishi kerak. Bu sarxush aql bilan nima boʻlsa-da topganini qilish shart. Pulga qoʻlini uzatib:
– Ber, menga shuni Komilbey, dedi yumshoq ovozda. –Men oʻynayman.
Komilbey dong qotdi. Hurmatli janoblar ham, barcha-barcha bir lahzaga haykallar yigʻini kabi qotib qolgandi. Soʻngra:
–Bu kimni haqorat qilyapti, tushunmadim, dedi yuzi oqargan holda jamiyat raisi. Toʻgʻrul pulni tortib oldi. Mastligi tarqadi, shekilli. Komilbey ham oʻziga keldi:
–Sen loʻli emassan, Toʻgʻrulbey oʻgʻlim, dedi jilmayib, –yarashmaydi senga.
–Yo Xudooo, shundaymi? –dedi Tuzjularning oʻgʻli va oldinga qadam tashladi, pulni kutilmaganda raisning peshonasiga yopishtirdi. Bir onlik toʻlqinlanish yuz berdimi, yoki Toʻgʻrulga shunday tuyuldi. Rais musht qilib tugulgan qoʻlini jaketining choʻntagiga suqdi:
–Otangni hurmat qilamiz, dedi.
–Tirik insonlarga ham hurmat koʻrsat, Komilbey, dedi Toʻgʻrul “Bey” soʻziga urgʻu berib. Raqqosa xotin xavotir bilan oʻrnidan turdi va pulni olib oʻynashda davom etmoqchi boʻldi. Komilbey esa uni yosh bir erkak yoniga itarib yubordi:
–Unday boʻlsa, birgalikda oʻynaymiz, xuddi “Efelar[5] kabi”. Klarnetchiga ishora qilishdi.
Komilbey ogʻir harakatlar ila raqsga tusha boshladi. Sekin-sekin Toʻgʻrulning atrofida aylanishga tushdi. Tuzjuogʻli musiqaga moslashishga urinsa-da, harakatlari tezlashib ketayotgandi. Keyin birdaniga boshi aylandimi yoki butun zal aylangandek bo‘ldimi yo stullar, xullas, u eng yaqin oʻrindiqqa oʻzini tashlashga majbur qoldi. Savdogarlar raisi esa unga qarab yuqoridan jilmaydi va og‘ir raqsini davom ettirdi.
Toʻğrul bir muddat ko‘zdan yo‘qoldi, hovuz yonidagi bog‘ning suv keluvchi joʻmragidan yuziga sovuq suv sepdi. Maysalar ustiga uzala tushdi. Davra ham uni unutgandi.
–Meni qurbon qilib yuborishdi, demak, ichkilikka yengildim. O‘yin davom etmoqda, oldingi zamonlar endi yoʻq.
Biroz mizg‘ib oldi, saldan salqin shabada hushini sergak torttirdi. Solihbeyni topish kerak, u albatta eng orqada boʻlishi aniq. Uni bir stul ustida turib o‘yin tomosha qilayotgan holda topdi, ko‘ylagidan tortdi:
– “Yashirin bir joyda ichimliging bordir-a? Solihbey. Endi gazaksiz ichsak ham ta’sir qilmaydi, xavotir olma.
Shu payt olomon ichida bir shovqin boshlandi.
–Mikrofonga bir masxaraboz chiqibdi, latifalar aytyapti, yana kechani qancha cho‘zib tura oladi? Bunga ham bir chora topish kerak, har narsaning bir maktabi bo‘lishi kerak, Solihbey, tushunyapsanmi? Bir tushunsang edi, butun dunyo birdaniga o‘zgarardi. Endi nima qilishyapti? Menga koʻrinmayapti.
– O‘sha qo‘chqor bor edi-ku, janob…
–E, uni eslatma, ko‘nglim ayniyapti. Behad hurmatli ogʻamiz Kamilbey deyishyaptimi? Nega uni nomini aytishyapti?
Savdo vazirining atrofi bo‘shab qoldi, mikrofonni unga tutishdi: “Besh yuz lira”, “Shahrimiz tarixi”, deydi. “Eski tarixni tiklab”, deydi, “Endi bu tarixni otib yuboringlar”, deydi. – Ovozini oʻchiringlar shuni… mening oldimda qanday qilib tarixdan gapradi bu…
Toʻgʻrul stullarga urilib-surilib Kamilbeyga yaqinlashdi: “Mikrofon ushlagan masxaraboz allaqachon sahnani tark etgandi. Mana, yana paydo boʻldi qarshimda, tarix xayolga kelganda boshqacha harakat qilishi mumkinmi? Sen kimsan, Kamil afandi?” –dedi bo‘g‘iq bir ovoz bilan va bir yoʻtalib oldi. Ammo odamlar unchalik quloq solishmayotgandi.
–Yaxshi, unda, men kimman, ey savdo vaziri? Sen hali bu dunyoda bor boʻlmasingdan oldin ham men bor edim, sen tug‘ilmasdan ilgari ham men mavjud edim, men.., tushunyapsanmi? Men Tuzjuoʻgʻliman. Sen kimsan, Komilbey? Besh yuz lira yoki bir haykalsan xolos. Men tarixman, Komilbey. Sen Alparslon boʻla oldingmi? Men Toʻgʻrul boʻldim, tagʻin tugʻilar-tgʻilmas. Yigirma yetti yil oldin tugʻilgan paytimdayoq zaytunzorlarim, bogʻlarim, dalalarim bor edi men bilan birga, bepoyon shu tuproqlar menga tegishli edi. Nasl-nasab degan bir narsa boʻlsa shu tuproq haqi, tushunyapsanmi, savdo vaziri, bunday asl nasabdan ustun kelib boʻlmaydi. Yana dasturxon madaniyati bor, qoshiq-sanchqi tutushni bilish emas, qanday yemak yeyishni bilish bor. Keyin oʻqish bor va undan oʻtadigani yoʻq. Sen olomonlashding, savdo vaziri va shuning uchun mening qarshimda jilpillashga jur’at etting, men bilan bahslashishga jasorat qilding, holbuki otam tirik paytlari davrada faqat bir oʻzim gapirardim, mana hozir ham shundayman. Sen degan bir nima yoʻq axir, seni koʻrmayapman ey, vazir, oyogʻimga ilakishyapsan, xolos. Otam oʻlmaganda oyogʻim ostida tosh boʻlishga ham jur’at qilolmasding, qadamlarim ostidagi tuproq boʻlish ga ham hadding sigʻmasdi. Men deputatning oʻgʻliman, lanati, men sen bilan oʻynarmidim?
Mikrafon oldiga askiyachi keldi: xonimlar va janoblar, mana qarshingizda mashhur Tuzjular vorisi Tugʻrul, u bu kecha bu yerga tashrif buyurib, bizga sharaf olib keldi. mana u Yevropalarda oʻqidi va tagʻin oʻlkamizga obroʻ olib berdi. Yevropaning eng mashhur poytaxtida ajnabiylarning besh yilda zoʻrgʻa bitirgan universitetlarini uch yilda tugatib kamida beshta diplom bilan qaytdi yurtimizga. Tugʻrulbey tarix demakdir, chunki uning otasi bore diva otasining ham otasi bor boʻlgan, yana qancha otalari oʻtgan. Shuning uchun qadrli mehmonimiz chuqur madaniyati bilan juda yaxshi biladilarki, tarix oʻtmishni yashamoqdir. Yogʻoch Ot soyasida uni davom etmoqdir. Mana Tuzjularning qiymatli suv kabi qadrli vorisi Tuzjuogʻli, shu qoʻchqor vositasida Yogʻoch Otga benazir yordamlarini …
–nima deding, nima? Yogʻoch Ot deysanmi? Bir tiyin ham bermayman, sizlarga , bir tiyin bermayman senlarga tushundinglarmi? Lanati shaharliklar, lanati yoʻqsillar, demak, endi shunga yetib keldikmi? Demak, yevropacha hojatxonalarning oldida Yogʻoch Otlar barpo qilib, uchraganga voulez vous deb, yuzlarimizda olchoq kulgu, shunday ham boʻladimi, bechora xalq, inson gʻazabdan oʻkiradi, senlardan uyalaymi, oʻzimdan? Ne qilish kerak? Uyatimni Yogʻoch Otning ichida saqlayinmi? Hazin qasidalar ham yozaymi? Qachon odam boʻlmoqchisiz? Ey inson boʻlishi kerak boʻlganlar, ey nomigina insonlar, nomigina vazirlar, mudirlar… Raqqosa qizlarga ishora qilindi, bahriya chiftetellisi[6] boshlandi. Hatto barcha vazirlar yana oʻynashga tushdilar. Tugʻrul ham tiqilinchga tortildi. Oʻsha kecha Yoʻgʻoch Ot uchun oʻn toʻrt ming sakkiz yuz lira ehson yigʻildi.
Shahar ustida dahshatli havo toʻlgʻonib yurardi. Bu havoga oʻsha hodisaning tafsilotlari sochilib ulgurmasidan peshin vaqti asrga doʻnganda qahramonimiz jiddiy bir chehrada shahar maydonida paydo bo‘ldi. Uni birinchi bo‘lib arzuholchi Eminbey ko‘rdi. Aslida, To‘g‘rul chinor daraxti tomon, ya’ni arzuholchi ishlayotgan joyga borayotgandi. Salom berdi va yozuv mashinkasi yoniga cho‘kdi. Bir muddat jim turib atrofga sinchiklab nazar tashladi, ko‘zlari maydonning har burjuni aylanib chiqdi. U ogʻiz ochavermagach oxiri arzuholchi hol soʻrashga majbur boʻldi.
— Biron darding bormi, To‘g‘rulbey o‘g‘lim?
— Bitta emas, bir nechta, lekin qaysisidan boshlashni o‘ylayapman, Emin afandim, —Mashinkang yaxshi yozadimi?
Qariya yozib turgan holatidan gavdasini bir tiklab oldi, qora qoʻlqoplarini tuzatdi, mashinkasini yog‘och sandiq ustida biroz o‘ziga qaratib tortdi:
— “A” harflarini biroz tepaga bosadi, “E” esa ba’zida umuman chiqmaydi.
—“Zafar” bilan “zarar” bir-biriga aralashib ketmaydimi yozganda?
Eminbey kuldi:
— Yo‘q.
— Yaxshi. Unday bo‘lsa, ma’qul desang, eng yaqin joydan, ya’ni shu maydondan boshlaymiz .
Eminbey bo‘yniga ip bilan osib olgan ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tardi, Tuzjular oilasining yagona o‘g‘liga qaradi.
— Boshlashdan oldin senga bir taklifim bor, Emin afandim — dedi To‘g‘rul.
—Xoʻp , — dedi arzuholchi qat’iy ohangda; koʻziga maydonni katta-katta odimlar bilan kesib o‘tayotgan Bakirbey koʻrinib ketdi,
— Shu kundan boshlab mening yordamchim bo‘lasanmi, Eminbey?
Arzuholchi Emin ko‘zlarini pirpiratgancha:
— Sen yana nimalarni boshlading, Tugʻrul? deya soqolini qashib qoʻydi.
—Sen “Don Kixot” ni o‘qiganmisan?”
—Oxirgi paytlarda ko‘zlarim ancha zaiflashdi,” deya shikoyat qildi Eminbey. Ko‘zoynakni almashtirish kerak ekan.
—Senga maosh yozdim, dedi To‘g‘rul, —Sakkiz yuz lira tugal. Xarajatlar ham mening zimmamda. Kelishdikmi?” Tuzjularning Bakirbeyi ancha xasis odam edi. mayli, baribir hammasi yagona ogʻliga qoldi.To‘g‘rul cho‘ntagidan g‘ijimlangan pullarni chiqardi, bir qismini Eminbeyga berdi:
—Ol, mana, kecha oqshom Yogʻoch Otdan yig‘dim bularni. Endi darrov ishni boshlaymiz.Tuzjularning To‘g‘rulbeyi aytib turdi, arziholchi cho‘loq Emin esa hammasini oʻzidek qayd qildi – son-sanoqsiz imlo va mashinka xatolaridan xoli:
Hurmatli viloyat hokimiga! (Bu joyini biroz oʻzgartirsammi, dedi, ammo gapi eshitilmadi)
Aziz shaharchamizda so‘nggi yillarda ancha rivojlangan qurilish va obodonlashtirish ishlari faollashgani munosabati bilan, bu borada turli jamiyatlar faoliyat yuritayotganini inobatga olib, men ham mutavoze bir tashabbus ko‘rsatishga qaror qildim. Ayni munosabat bilan shu satrlarni yozayotgan Eminbey bilan birgalikda rivojlantirish, yuksaltirish va taraqqiyot jamiyati tuzganimizni hurmat bilan ma’lum qilaman. Shu tariqa, qadrli yurtdoshlarimning yukini bir oz yengillatishimni umid qilmoqdaman. Bugun ertalab ma’lum sabablarga ko‘ra, barvaqt uygʻonolmaganim bois, tushdan keyin shahar maydonida faoliyatimizni boshlashga qaror qilib, ko‘zimga dastlabki koʻringan muammoni sizga bildirmoqchimiz. Barchangizga ayonki, bir shahar maydonini maydon qiladigan asosiy to‘rt unsur mavjud: bularning birinchisi: haykal, ikkinchisi: hokimiyat binosi, keyingilari: gulzorlar va qizil baliqli hovuzdir. Ularning ichida ahamiyatlilik jihatidan birinchilikni ishgʻol qilgani— haykal. Aslida bu koʻzga tashlanishda muhimlik xususiyatini hisobga olib belgilangan. Bilganlarim meni aldamasa, haykal masalasida qonun ham ayni shu talabchanlik bilan ish yuritib, masalani mustahkam asoslarga bog‘lab qo‘ygan. Har qanday qonunda bo‘lgani kabi, bu qonunning ham ayrim moddalari orasida bo‘shliqlar mavjud bo‘lishi tabiiydir. Ammo har qanday qonunning sabablar izohi va kirish qismiga diqqat bilan nazar tashlansa, bu bo‘shliqlarni osonlikcha to‘ldirish mumkinligi ayon bo‘ladi. Inchunun men estetik nuqtai nazardan iddao qilishni istagan fikrlarim tabiatan qonun nuqtai nazaridan ham muayyan hukm sifatida e’tirof etiladi.
Ma’lum boʻlgani kabi, aslida, obodonlashtirish degani, bir jihatdan, estetik ma’noni tashiydi va marhumlar xotirasini ulug‘lash maqsadida yaratilgan inson haykallarida bilxissa mana shu masalaga amal qilish ayni paytda qonuniy talabdir.
Holbuki, haykal shu maqsad asosida tahlil qilinsa: birinchi navbatda, bosh qismining ortiqcha kattaligi darrov ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, yuz tuzilishining tanish bir kishiga o‘xshamasligi bir yonda qolib, tananing qolgan qismi bilan uyg‘unlashtirishda haykaltarosh tomonidan gʻayrat koʻrsatilmagan. Ustiga-ustak, fuqaro kiyimidagi haykalning gavdaga yopishib turgan qo‘llari kishiga beixtiyor “saf tortish holati”ni eslatyapti, bu esa kuzatuvchining xayolida darrov : “Xo‘sh, bu odam kimning oldida shunday turishga majbur?” degan savol tugʻdirmoqda. Haykal buyurtmasini olgan shaxsning bu san’at bilan zarracha aloqasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi yana bir holat — tananing juda ham beparvo, anatomik tafsilotlardan butunlay xabarsiz tarzda yasalganidir. Go‘yoki haykaltarosh bosh qismni tugatgach charchagan, yoki qurilish muddati tugaydi, deb o‘ylab, vahimaga tushgan. Qiziq, unga biroz qo‘shimcha muddat berilsa, qoniqarliroq natijaga erishilmasmidi?
Nima boʻlganda ham vaziyat san’atga va qoidalarga tupurib qoʻyganga oʻxshaydi.
Eng achinarlisi, bir koʻylak ijod qilishga ojiz haykaltarosh bu bechora haykalga boʻynidan toki tizzalarigacha qoʻpol palto kiygizib, shu qadar arzon san’atga aylantirib qoʻygan. Bildirgan mulohazalarimni inobatga olib, asarda kerakli tuzatishlarni amalga oshirish haqida buyurishingiz va ma’qullashingizni soʻrayman.
Eslatma: haykal poydevoridagi notekis sahnalar meni yanada qaygʻuga solmoqda. Vatandoshlarimizga umuman oʻxshamagan begona basharali shaxslar haykalchalaridan iborat murakkab bu sahna koʻrinishi ham aytib oʻtganlarimga asoslangan holda qaytadan ishlab chiqilishi lozim.
T.T
Shaharcha obroʻli kishilaridan
Toʻgʻrul Tuzjuogʻlu
Insonlar shaharda borgan sari tezlashib borayotgan bu obodonlashtirish harakatlaridan xabarsiz, ular maydonga hatto bir basit koʻz tashlab ham qoʻyishga eringan holda turli muammolar bilan toʻlib-toshgan umrlarini davom etishmoqda. Qoʻllaridagi qogʻozlar ila bir qismi eshiklar ortiga gʻoyib boʻlishmoqda. Biz ham endi bir arznoma egasiga aylandik: hayotimizning bir anglami paydo boʻldi.
–Men bu dunyoni tuzatishga kelganmanmi, Eminbey? deya soʻradi Toʻgʻrul.
–Hammasi yaxshi boʻladi, inshaolloh, deya javobladi Emin arzuholchi. Arznoma egasi qogʻozlarni bukladi va kissasiga soldi.
–Viloyat vaziring rasmiy hayoti bundan buyon ikkiga boʻlinadi: arznomamdan oldingi va arznomamdan keyingi.
Qandaydir bir shamol koʻtarildi. Chinor barglari va hovuz atrofidagi har qadamga ekib chiqilgan gullar bir-biriga turtinib oldi. Insonlar shaharchalarini nega bir-biri bilan qiyoslashmaydi, ajabo? Xuddi shu holatni xitoyliklar uchun ham tasavvur qilish mumkin. Masjid oldiga odam toʻplangan. Abadiy hayotga erishish uchun yana kimdir vafot etibdi. Maydonda boʻlib-bitganlarni yuqoridan kuzatayotgan bir kabutar haykalga tomon pastlay boshladi.
–Taqdiri ilohiyning hayroniman, Emin afandi. –Hammasini bir paytda qanday qilib aqlimga sigʻdiryapti?
Yozuv ishlari xodimi teshilgan qogʻozlar oʻrtasini bir-bir ochib chiqardi. Shahar hokimi ham imzolar daftari ustidan koʻz yugurtirardi. Ba’zan-ba’zan zarurat tugʻilganda xodimdan bir nimalar soʻrab qoʻyardi. Navbat Toʻgʻrulning arizasiga kelganda , xodim doimgidek: “Havola qilinadi”, dedi. Hokim esa takrorlanuvchi yengil nazarlarini arizaning birinchi satrlariga tashladi. –Yoʻq, boʻlmadi; koʻzoynagini almashtirishga eringani bois: “Hali bir oʻqiyman”, dedi. Boshlanishidan ma’lum boʻlgan muammoli vaziyatni xodim bilishini istamadi.
–Toʻgʻrulbey uch kundan buyon soʻrayapti, dedi xodim.
–Yaxshi, yaxshi, dedi hokim.
–Hozir ham oʻzi uchrashish uchun kutib turibdi.
Hokim indamay imzo qoʻyishda davom etdi. Daftar tugashiga toʻrtta qogʻoz qolganda ishlar yakunlandi. Har bir sahifani xodim olib bergani uchun an’anaga koʻra, imzolanadigan hujjatlar tugaganini ham u ma’lum qilgandi. Toʻgʻrulning arzizasidan tashqari har qanday ish odatlarga uygʻun holda yuz berayotgandi. Xodim eshikdan chiqarkan, hokim : “Birozdan soʻng Toʻgʻrulbeyni menga yuboring, – dedi. Bu gʻayritabiiy ohang ham boshliqlar an’anasiga sodiq qolgan bir koʻrinish edi. Toʻgʻrul xonaga kirgan paytda hokim aftini burishtirgan holda arizaga boqib turardi. Boshini koʻtarmasdan:
–Bu nima maynavozchilik, Toʻgʻrulbey oʻgʻlim, dedi.
Oraga bir sukunat choʻkdi.
–Muammo jiddiy lekin…dedi, Toʻgʻrul Tuzjuogʻlu. Hokim uni eshitmadi:
–Oʻtgan kun ertalab onang kegandi. Bu vaziyatdan juda xafa, boshini koʻtardi. –Bu ariza tufayli boshingga qanday kulfatlar yogʻilishini bilasanmi? Otangni yoki seni tanimagan odamlar eng kamida aqliy jihatlaring haqida oʻylay boshlashi tabiiy. Toʻgʻrul shoshibgina:
–Yaxshi bir kasalxona topsam, albatta, yotib davolaman, afandim, dedi. “Onang juda xafa boʻlyapti”, deya oʻziga takrorladi hokim.
–Bilaman, kiyimlarimni tez kir qilib qoʻyaman,.
–Ha, eshitdim, dedi hokim. –Tenging boʻlmagan kimsalar bilan icharmishsan?!
Tuzjularning Toʻgʻruli koʻylagining yuqori tugmasini ildirdi:
–Shaharchani goʻzallashtira olmaganim uchun, shunaqa ishlar bilan shugʻullanishga harakat qilyapman.
Hokim derazadan tashqariga qarab turardi:
–Onang senga bir ish berishimizni so‘radi. Balki ishlasang…
To‘g‘rul birdan o‘rnidan turdi.
–Sen bilasan, o‘g‘lim, qurilish bo‘limiga yaxshi xodimlarga ehtiyoj bor, jiddiy ishlash sharti bilan nimadirlarga erisha olasan.
Yigit eshikka qarab yurdi:
–O‘ylab ko‘ramiz, maslahatlashamiz.
Hokim qoshlarini chimirdi:
–Bu cho‘loq arzuhalchi bilan yurishing ham uyatli. Sen Oliy sud raisi Bakirbeyning o‘g‘lisan, axir. To‘g‘rul eshikka suyanib dedi:
–Menga chin dildan yordam beradigan odam kerak, Husnubey amaki. Emin afandi kabi xalqqa chinakam qayishadigan inson mening iqtidorimni yuzaga chiqarishimda yordamchi boʻla oladi.
–Sen oʻzing yaxshi bilasan, dedi Husnubey. –Agar qurilish boʻlimida ishlashni istasang, boshliq bilan yaxshi munosabatda boʻl, xoʻpmi? –U ham sen kabi noyob odam.
Kimni kim bilan tenglashtirishyapti o‘zi? deb o‘ylardi To‘g‘rul, me’morchlik bo‘limi boshlig‘i gaz plitasini stolga joylashtirayotganini kuzatar ekan. Mana, u oppoq ish kiyimini ehtiyotkorlik bilan yechdi va safarqozonni[7] plita ustiga qo‘ydi.
Asli epsizligi sababli uni katta shahardan bu yerga surgun qilishgan. Oldin katta loyihalarni boshqarganmish.
–Ular menga bir ish topishibdi, Eminbey, degan edi kecha Toʻgʻrul. – Qurilish boshligʻining yonida ishlarkanman. Yoʻgʻoch Otning ichiga bir kirib koʻraylik-chi! Mana, hozir qarab turdim: bir dona hojatxona qog‘ozi chiqarib, ustiga atir sepdi, qo‘llarini artdi. Bu hojatxona masalasi bordi-keldi- da, Eminbey. O‘sha qog‘oz bilan ovqat idishining chetini ham artdi. Hisob-kitoblarini ham o‘sha qog‘ozga qilayotgan bo‘lsa ajab emas.
–Hisoblar qanday ketyapti, Avnibey?
Qalin oynali ko‘zoynaklar ortida shubha toʻla koʻzlar yaraqlab ketdi:
–Qaysi hisoblar, To‘g‘rulbey afandi?
–Hisoblar-da, shu. –Oxirgi hisob-kitoblar
U kichik va oppoq qo‘llari bilan tortmachani ochib, ikki dona shaftoli oldi, so‘ng bir to‘p qog‘oz.
–Yo, xudo, hisoblar shu yerda ham bor ekan rostdan.
–Otning tanasiga ikki qator temir qo‘ydim, – deb qog‘ozlarni ko‘rsata boshladi. –Oyoqlar esa butun bir qism temirdan iborat boʻladi… soʻng loyiha ustiga egildi: uchburchak gʻalati bir gavda, yerga tomon torayib ketgan oyoqlar… Toʻgʻrul seskanib orqaga tisarildi. “Yogʻoch Otning beton proyekti”! Bechora Yogʻoch Ot! Xunuk bir mushukka oʻxshab qolibdi. Yo Xudo, deb o‘yladi To‘g‘rul, xudoyim, sen bizning qo‘limizga bu daraja qudrat berma! Tishlarini g‘ijirlatdi, Avnibeyning tushuntirishlariga zoʻrgʻa chidab turdi. Keyin biroz ko‘nikdi, bir orada “Gavdasi boʻsh boʻlishi kerak”, deya oʻz fikrini ham bildirdi.
–Bilasiz-ku, Avnibey, buning ichida jangchilar yashiringan edi, bir shaharni kunpayakun qiladigan darajadagi jangchilar…
Avnibey avvaliga tushunmadi.
–Tarix, Avnibeyjon, tarixning ulug‘vorligi shunday koʻrimsiz va yoʻqsil temirbeton holiga kelishi mumkinmi? Yo‘q, tarixning bunga aloqasi yo‘q edi: Bu bir loyiha, ish taqsimoti edi va temirbeton qismi Avnibeyga to‘g‘ri kelgandi. Duradgor esa ikki yarim santimetrli yog‘och qoplama qismini yasashi kerak edi.
–Mana, To‘g‘rulbey, beton ichiga simli bogʻlarni joylashtirdim, yog‘och qismi shu simlarga yopishtiriladi.
–Yaxshi, lekin Gomer nima bo‘ladi? deb so‘radim undan, Solihbey. Kecha oqshom Eminbey uchchalasi birga ichayotgan payt suhbatda asosiy masala shu boʻldi.
–Gomer haqida tushuntirdim men unga. Emin Afandi, bu ot gavdasida ochiladigan bir eshik ham bor. Loyihaning dunyoga tarqalishi uchun bir eshikki, aniq shunday qurilishi kerak. Men loyihaga “Gomer” deb yozdirmadim, ammo tana ichi bo‘sh bo‘lishi va bir eshik qurilishiga uni ko‘ndirdim. Temirni tejash, dedim, betondan kamroq sarflash, dedim. Hozir u barcha hisob-kitoblarni o‘zgartiryapti, kechasi tugatish uchun o‘zi bilan olib ketgan. Eng ko‘p “tejash” so‘ziga xursand bo‘ldi. Ehtimol, qo‘rqoqligi sababli Katta Shaharda loyihalarga shu qadar ko‘p temir qo‘shar ekanki, bir inshootda temirlar joylashtirilgach, betonga joy qolmaganmish va Taftishchi unga “ishdan bo‘shatish” haqida ogohlantirish bergan ekan. Tananing bo‘sh bo‘lishidan gʻoyat sevindi, hisobini qayta qilish qiyin , lekin bezarar emish. Avnibey hisob-kitobni darrov tugatolmadi. Avvaliga yupqa tana shaklidagi Yogʻoch Ot uni cho‘chitardi; bu qalinlikdagi beton qanchalik mustahkam bo‘lishi mumkin? Ikki hafta hisoblar bilan ovora bo‘ldi: kitoblardan izladi, juda koʻp qismlar va rejalarni qayta chizardi. Oxirda Toʻgʻrulni ishontirishga urinib koʻrdi:
–Doʻstim, tashqaridan bilinmaydi Yogʻoch Otning boʻsh boʻlgan-boʻlmagani…
–Sizga ishonaman, derdi Toʻgʻrul ham, –bunday qiyin bir hisob ishini oʻylamang, temir va beton iqtisodini tasavvur qiling, Avnibey! Balki qolgan pulga buning yoniga bir yogʻoch ot bolasi ham yasashimiz mumkin. Afsuski quvonchli kunlar uzoq davom etmadi. Yogʻoch Ot ustalarining boshligʻi har kuni kelib temir chizmalarini berishni talab qilardi. Avnibey esa bezor bo‘lgandi, “Hisoblarni yana bir bor tekshirib olaylik,” deb, hujjatlarni ustaga berish o‘rniga tagʻin tortmasiga tiqardi. Bir kuni usta o‘zi bilan birga yosh va jiddiy nigohli bir yigitni olib keldi. ismini muhandis Okyay deyishdi. Aytishlaricha, bozor ichida ofisi bor ekan. Yigit hisoblar ustiga shunday bir engashganda, katta qismini chizib tashladi. ko‘ylagining cho‘ntagidan sirpanchiq chizg‘ichini olib, bir-ikki hisob-kitob qildi va yarim soatda: “Tayyor, javobgarlik menga tegishli” , – dedi. Ikkita rasm ham chizdi.
Avnibey uyalganidan Yogʻoch Ot hisoblariga boshqa qo‘l urolmadi. Qog‘ozlar oylar davomida stol ustida aylanib yurdi.
O‘sha kecha hisoblar tugagan bilan Toʻgʻrulni tiyib bo‘lmadi, Tuzjularning oʻgʻli butun shaharning arogʻini bir kechada ichib tugatdi.
–Yogʻoch Ot ishining ichiga kirdim, lekin dushmanlarimni qoʻlga ololmadim! – deya Solihbeyning qarshisida ogʻrinardi. –Avnibeyning oldida har qanday xorlikka chidadim. Keyin boshini chayqadi:
–To‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketganim uchun Xudo yordamini menga ravo koʻrmadi. Xudo halol bandalarini asrash uchun ularga qiyin yo‘llarda zafar beradi. Ular Ibrohim koʻrning mayxonasida ichishardi. Tuzjularning Toʻgʻruli, arziholchi choʻloq Eminbey, qoravul Solihbeydan boshqa yana haydovchi Hayri va uning yordamchisi Bektosh bor edi. Bir zamonlar Ibrohim koʻrda ofitsantlik qilgan Latif va yana ko‘plab yigitlar bar hamda uchta kichik stul atrofida yigʻilishgandi. Raqi ichishayotgandilar. Koʻproq icha olishlari uchun oz gazak yeyishardi. Issiq gazaklardan faqatgina jigarqovurdoq va jigardan tayyorlangan koʻfta kabob bor edi. Toʻgʻrulbeyning g‘azabi suhbat mavzusiga aylangandi. Ba’zilar masalani chuqur tushunmasalar ham, bu g‘azabning haqiqiyligi ularni ta’sirlantirgandi. Haydovchi Hayri shunday yigitlardan biri edi: chunki unga allaqachon yutqazilgan da’volar hamroh boʻlib qolgandi. ilgarigi hokimiyatni g‘ayrat bilan yoqlaydigan bu odam shu boisdan ham koʻp mashaqqat chekkan. Ichkilik ham bosolmaydigan alamlarini u odatda minibusidan chiqarardi; kech boʻlganda Ibrohim koʻr mayxonani yopayotganda , Hayri sadoqatli minibusi ichida jon xizmatdosh to‘pponchasi bilan mashinaning polini ilma-teshik qilib tashlardi.
Yordamchisi Bektosh esa boshini changallab sochini yulardi:
“Hayri ogʻa, bilasan-ku, yo‘lovchilar ichkari kirmasdan “Chang kiryapti “–, deb shikoyat qilishadi. Erkak boʻlsang, bor, motorni ham, g‘ildiraklarni ham otib tashla!” deya chirpinardi. Bu Hayri ana shunday bir yigit edi.
Shu orasa ajoyib safar turkulari yangray boshladi. Oshiq Rustam ham maydonning oʻziga xos sozi bilan ularga yoʻl koʻrsatardi.
Salomimni qabul qiling, ey beylar
Siz suyaning shu Yogʻoch otingizga.
Nasib etsa, yaqinda mablag‘ kelar
Zanglaydi betonning temirlari ham.
Tuzjuogʻli bu qoʻshiqda alamlari va quvonchini qorishtirib yuborgandi. Oshiq Rustam esa darrov ohangini joyiga qoʻyardi. Aslida, oshiqning barcha kuy va qo‘shiqlari bir-biriga o‘xshash. Hamma Tuzjuogʻlining og‘ziga qarab turardi— balki kayfiyati ko‘tarilar, deb… lekin hech qanday oʻzgarish boʻlmasdi. ichida qoradan-qora oʻylar surardi, balki yana bir-biridan dahshatli arizalar yetilib pishmoqdadir. Holbuki, Eminbey maydonni tark etganiga yarim soat bo‘lgan. Oshxonaning bir burchagidagi so‘riga yotqizib qoʻyishibdi, ovqat hidlari ichida, chol gavdasiga butunlay nomutanosib tarzda baland xurillagancha uyquni urardi. Mehr-muhabbat oshib-toshgan bir paytda haydovchi Hayri, Yogʻoch Otga boruvchi bir tunnel qazishni, va shu tunnel orqali otni o‘g‘irlab ketishni taklif qildi. Bu taklif Tuzjuogʻlini ta’sirlantirgandek bo‘lsa-da, hech qanday amaliy ahamiyati bo‘lmagan ko‘pchilik ovozi bilan rad etildi. Toʻgʻrulbey: “Jasur do‘stlarim, qahramon hamshaharlarim…” – deya murojaat qildi ularga, soʻngra gap burilib, dushmanlariga yuzlandi:
– “Ey tuman hokimi, ey jamiyat raisi…” deya oʻkirardi.
Sobiq ofitsiant Latif, bu so‘zlarda kuchli bir ariza havosi sezganligi uchun, uning taklifi bilan darhol qog‘oz-qalam topildi va Toʻgʻrulbeyning so‘zlari shu onning oʻzidayoq, shaxsan taklif egasi tomonidan yozib olinib, zoye ketishidan asrab qolindi.
– “Ey shahar hokimi, ey, obodonlashtirish jamiyati raisi, ey mas’ullar!
Endi sizlar bilan hisob-kitob qiladigan kunlar keldi, menimcha. Urushning ochiq va muhaqqaq kuni yaqinlashmoqda! (Gapning shu joyida Oshiq Rustam tarafidan “So‘zlar nega teskari tartibda aytilgani mazmunida e’tiroz bildirgan bo‘lsa-da, Tuzjuoʻgʻli bu harakatining sababini tushuntirmaganiday e’tirozni ham inobatga olmadi).
–Ma’lumingizkim, avval vaqt bor edi — hamma narsa vaqt bilan yopilib ketdi.
Ko‘plab jasur yigitlar vaqt ogʻushida yiqildi-ketdi. Faqat sabr bilan yerda sudralishni bilganlargagina tole kulib boqdi. Oxiri noma’lum janglarda, keksa dushmanlariga rahmi keladigan darajadagi kuchli yoshlarni vaqt bir agʻdarilganda keksa boʻrilar yutib yubordi. Ko‘plab boshi soʻnggigacha tik ketgan jangchilar quruq novdalar kabi sindi-ketdi, ular o‘z da’volarining haqli emasligini sezgan bir paytda halokatga yuz tutdilar. Oʻz ishonganlari yoʻlida temir qizigʻida joʻlishni ham eplolmaganlar oxir-oqibat e’tiqodini o‘zgartirish tufayli boshlari har koʻchada aylanib-aylanib qaridilar. Haqiqat tarafdorlarini topishda mashaqqatlar chekildi. Bizning “Yogʻoch Ot” da’vomizda, bu haqli kurashimizda, bilaman, yonimda turgan odamlar koʻp ayblarga duchor qilindi. “Yogʻoch Ot” ishimiz ustidan kulinganidan ham habarimiz bor. Bu uchburchak ot degan uyatsizlikni o‘ylab topganlar aybdor boʻlmay, nega biz ko‘zga tashlanyapmiz? Bu beton hayvon masxarabozligini namoyish qilgan gʻoya qanday narsa?
Xalqimning oldiga bu yog‘och bilan qoplangan soxtakorlikni olib chiqishdan maqsad nima?
Deydilarki: Dengizni har tarafidan oʻrab olgan tepalik va tekisliklarda son-sanoqsiz xunuk binolar qaynab ketgan va tarix har kuni mahv boʻlishga duchor qilingan. Katta bir shaharning osmonga bo‘y cho‘zgan Saroylari oldidagi bog‘idan bir necha barobar katta bog‘da temirdan yasalgan bir ot haykali bor emish va bu yodgorlikning ma’nosi quyidagicha ifodalanarmish: Saroy va yana ko‘plab boyliklar egasi, koʻshkning oldidan o‘tayotgan xalqqa shunday demoq istarmish: Ey xalq! Siz shunday ot bilan boshingiz egik koʻyi qolganda, dunyo haqiqatlariga ot orqasidan boqqanda mening davlatim ham osmunu-falakka qadar yuksalgandan-yuksalar. Otning ma’nosi shu emish. Sizning otingizning anglami ne? Sizning otingiz qanday mafkuraga xizmat qiladi? Bu boshimizga kelgan nechanchi razolatdir? Yaqin tariximizni va madaniyatimizni; adabiyotimizni va san’atimizni ; me’morchiligimizni va siyosatimizni kemirgan bu Yogʻoch ot gʻoyasi bu alam tugʻdiruvchi angori bilan bizni yana qancha vaqt taxta taqalari ostida ingratajakdir? Gavdasida asragan yarim- yorti soxta askarlari bilan bizga yana qachongacha tahdid qilajak? Hech uyalmaysizmi? (Shundan keyin Tuzjuogʻlining gaplari yozishga ulgurish tezligidan oshib ketdi. )
Nafas olish uchun toza havoga chiqishdi. Tuzjularning yagona vorisi sandiraklab atrofiga hech qaramasdan aniq bir manzili bor kabi yurib borardi. Qolganlar ham sadoqat bilan uning iziga tushishdi. Boshqa nima ham qilardilar? Bektosh mayxonadan chiqayotganda Toʻgʻrulbeyning hisobiga, deya qoʻliga bir kattagina shisha koʻtarib olgandi. Zotan butun hisoblar Toʻgʻrulbeyga yozilayotgandi. Eminbey ham uygʻotilgandi. Biroz soʻngra bu guruh seza boshlaganidek, shahar tashqarisiga chiqib ketilardi. Mayli, dedilar, Chiqmasa ham boshqa nima qilishardi? Bu qadar anglayishli bir toʻda topish oson emas deya oʻylanardi Tuzjularning oʻgʻli. Shu sababdan ham sifatda biroz xatolar qilishga ruxsat. Xarobalarga yetib kelishgach, eng sogʻlom devorning ostiga choʻkishdi. Bektosh shishani chiqardi, yolgʻiz Toʻgʻrulbey uchun, Solihbey yugurib qoravulxonadan bir choy ichadigan stakan chiqardi. Tuzjuoʻgʻli uchun atalgan sharob shunga suzildi. Toʻgʻrul ichimlik tarqatish vazifasini Emin Afandiga yukladi. Qariyaning oqsoqlanib-oqsoqlanib sharob taqsimlashi kulguga yoʻl ochdi. Yogʻoch otning bitmagan nusxasi oldiga kelganlarida joʻshqinlik avj oldi. Ammo moddiy zararga yoʻl ochadigan biron harakat qilinmadi, faqatgina mushtlar tugildi va oʻxshash bir-ikki qiliq namoyish etildi. Shafyor Hayri bilan Bektosh namoyishdan ta’sirlanib, hayajonlarini yengolmay Tuzjularning Toʻgʻrulini yelkalariga koʻtarish tashabbusini koʻrsatgan boʻlsalar-da, bu minnatdorchilik harakati Tuzjuoʻgʻli tarafidan e’tibor topmadi.
Kechaning yarmidami yoki tongdami shaharchaga qaytishdi. Ochiq havo va yurish ularga yaxshi taʻsir qilgandi. Ulfatchilikni davom etish istagi yaqqol sezilardi. Turli tortishma va takliflardan keyin Toʻgʻrulbeyning uyi orqa bogʻchasiga ketishga qaror qilindi. Toʻgʻrul uydan yashirincha sharob tashib turdi. Salqinlashish istagidagi yoki ichkilik taʻsirini kamaytirishga uringanlar boshlarini marmar hovuzga tiqib olishardi. Saboh salqinligi tarqalguncha biroz mizgʻiganlar ham boʻldi. Afsuski, Toʻgʻrulbey hali umuman koʻzini ham qimirlatmagandi. Shafyor Hayri ham shunday. “Asabdan ogʻam, asabdan uxlolmayapman”, derdi. Bektosh ustasiga xavotir bilan boqardi. Bu asab soʻzi endi nima degani? Minibusning oldiga borib oʻqlarni boʻshatish deganimi? Hayrining hayajoni bundan emasdi:
–Ishimizni yanada xavfsizroq yuritish uchun partiya tuzishimiz kerak, dedi. Men shu paytga qadar partiya da’vosiga koʻp harakat qildim, ammo doim quyida qolib ketaverdim. Toʻgʻrulbey oʻzlarining nimagadir qarshi ekanliklarini, bu maqsad bilan partiya tuzish qiyin ekanligini aytdi.
– Biz biron narsaning tarafdori emasmizku, Hayri, dedi oʻkinch bilan.
– Bir partiya quraylik, shafyor Hayri chuqur nafas oldi. –Ah, bir qilolsak edi, ogʻabeyginam, biz ham bir nimani yoqlab chiqolsaydik.
Toʻgʻrul :
– Yoki bir nimalar biz tarafimizda boʻlganida edi, deya tamomladi gapni. Shafyor Hayrining ichi yonardi.
–Yillab partiyalar ichida yurdim ogʻalar, juda koʻp odam va koʻplab bayroqlarni minibusimda bepul tashidim. Bektosh xoʻrsindi.
– Koʻp saylovlarni boy berdik, Toʻgʻrul ogʻaginam. –Har safarida bir yaqinim oʻlgan kabi motam tutdim, kunlab gazetalarga qarashga yuzim chidamadi. Olohim, deyman, bizni qaysi dunyoda muzaffar qilmoqchisan? Bizga qay zamon gʻolibiyat yuzini koʻrsatasan? Alloh haqqi, hozir ham milliy fodbol oʻyinlaridan keyin “ajabo, yana yengildik” qoʻrquvi ostida hatto radio tinglamayapman. Bu millatning azobi ortiq bitsin, deya kecha-kunduz duo qilyapman. Oshiq Rustam yigʻlashni boshladi. Uni hovuz yoniga olib borib, boshini yuvishdi. “Shuncha partiya yig‘ilishlarida qatnashdim, bunday samimiy, yurakdan yaqin bo‘lgan jamoani ko‘rmagan edim,” deb o‘z fikrini bildirdi haydovchi Hayri. Kun yorishishni boshlagan edi, Rustam hech kimni uyg‘otmaydigan tovushda ichikib-ichikib turkular xirgoyi qilardi. Quyosh biroz ko‘tarilgach, yana yo‘lga tushishdi. Maydonga qaragan qahvaxonaning bog‘ida o‘tirishdi; bittadan sof qahva ichishdi, ketidan ikkinchisini ham. Tuğrulga sirli tarzda oʻsha stakanda bir yutum raki berildi — o‘ziga kelsin deb. Hech kim ketmoqchi emasdi. Undan-bundan gaplashib, tushlik vaqti ham kelib qoldi. Yana ham aniqrog‘i, Bektosh ustasining qulogʻiga bir xabar pichirlamaganida tushlik qilish taraddudida edilar. «Shaharni obodonlashtirish jamiyati Raisi bugun favqulotta majlis qilarkan», deya eshitgan narsasini yetkazdi Hayri. Bir sassizlik choʻkdi. Menga raki topin, deya Toʻgʻrul tezda munosabatini bildirdi. Biroz muddat boshni joyiga qoʻyib maslahatlashdilar. Keyin Emin afandi sobiq ofitsant Latifning kissasida gʻijimlanib qolgan qogʻozlarni oldi-yu gʻoyib boʻldi. Guruh tarqaldi.
Bir soatdan soʻng, Toʻgʻrul qoʻlida qogʻozlar bilan sotuvchi Azmi uyining ikkinchi qavatida yigʻilgan obodonlashtirish boshqarmasi a’zolari bilan koʻrishish uchun zinalardan yuqoriga koʻtarildi. Orqasidan bir ikki daqiqa oʻtgach choʻloq Emin, besh daqiqa soʻngra Hayri kirib keldi. Boshqalar ham ketma-ket kela boshlashdi. Ikkinchi qavat jamiyatga tegishli edi. Yigʻilish xonasi oldidagi xizmatchi: “Majlis bor Toʻgʻrulbey”, –dedi, –biroz kutib turing.
–Juda koʻp kutdim, deya Tuzjuogʻli ha deganga qolmay uni itarib xonaga kirib ketdi. Orqasidan yetishga uringan odamni ayni shu vaqtda koridorda paydo boʻlgan shafyor Hayri va choʻloq Emin ushlab qolishdi. Toʻgʻrul: “Arizam bor”, – deya toʻgʻri jamiayat raisi savdogar Azmi Afandining yoniga bordi. Shu payt xonadan tashqarida shovqin kuchayib ketdi.
–Siz qonuniy bir jamiyat majlisiga aralasha olmaysiz, degan Azim afandini Toʻgʻrul yoqasidan tutib eshikka tomon sudradi. Boshqa a’zolar aralashgan vaqtda yo‘lakda bo‘lganlar ham xonaga itarib-surib kirib kelishdi. Har ikki tomondan ham ayrim fuqarolar turtkilandi. Voqea vahimasidan o‘zini chetga tortishni uddalagan jamiyat kotibi tezda politsiyaga yugurdi. Derazadan politsiyaning yaqinlashayotganini ko‘rganlarning bir qismi voqea joyidan tezda uzoqlashishdi. Toʻgʻrulbey va choʻloq Emin afandi politsiyaga olib borildi; ularga da’vogar sifatida Azmi afandi ham qo‘shildi. Toʻgʻrul kuzatuvchan ko‘zlari bilan ularni kuzatib turgan komissarga: “Biz faqat o‘z haqqimizni talab qildik, Hurrambey,” –deb, vaziyatni o‘z nuqtai nazaridan tushuntirdi. “Bir fuqaro sifatida ,” iborasini qo‘shib qo‘yishni ham unutmadi. “Iltimos, bunday bemani gaplarni qo‘ying, Toʻgʻrulbey,” deb noroziligini bildirdi komissar. Azmi Efendi esa yirtilgan ko‘ylagiga ishora qilib: “Narxi, vallohi, oltmish besh lira edi,” deb kifoyalandi. Komissar arzuholchi Eminbeyga burilib: “Sen uyalmaysanmi, qarib quyilmay?” –dedi. Tuğrul esa uning so‘zini davom ettirdi: “Bu sarsarilar to‘dasiga qo‘shilishga…” Komissar Hurram bu turdagi xatti-harakatlarning oxiri haqida bir nimalar valdiradi. So‘ngra viloyat va shaharcha hokimiga telefon qildi. Yozma bayonnoma tuzilishiga qat’iy turgan va dalillarni mahkamada bayon qilishini aytgan Toʻgʻrulni tinchlantirish uchun telefon orqali shahar hokimi bilan gaplashtirishga to‘g‘ri keldi. Emin afandi esa ogʻziga talqon solib olgan. Ora-sirada unga tanbeh berayotgan komissarga ko‘zini pirpiratib nazar tashlab turdi. Tomonlar yarashtirilayotgan paytda Azmi afandining qo‘lini siqqanida, u o‘z mamnuniyatini yashira olmadi. Ish yopildi.
Bu hodisalarning davomi yuz bermadi. Kun o‘tmasdan, Toʻgʻrulbeyning yangidan-yangi qiliqlari haqida gap tarqalardi. Komissar Hurram aytganidek, Toʻgʻrulbey “ipni uzgan” va deyarli har kuni mast holda shaharcha ko‘chalarida kezinardi. U voqealar bo‘layotgan paytda o‘zini aniq ko‘rsatmasdi. Jamiyat majlisi voqeasidan ikki kun o‘tib, choʻloq arzuholchi Emin afandi juma namozidan chiqqanlarga xalqni Yogʻoch otga qarshi gij-gijlagan varaqalar tarqatayotgan paytda qo‘lga tushdi va to‘rt soat mahkama nazoratida ushlab qolindi. Ertasi kecha noma’lum shaxslar tomonidan vokzal ko‘chasidagi daraxtlar tanasiga ustiga ta’qiq belgisi qoʻyilgan Yogʻoch Ot rasmlari yopishtirildi. Toʻgʻrulbey bilan yaqinligi yaxshi ma’lum bo‘lgan ayrim shaxslar esa masjidlarda imomdan va’z tugagach, ajnabiylarda odat boʻlgan hayvon haykallarining o‘rnatilishi haqida diniy kitoblarda oydinlik bor-yo‘qligini so‘rashdi. Yana bir kecha noma’lum shaxs yoki shaxslar tomonidan qurilishi anchayin ilgarilagan Yogʻoch Ot poydevoriga katta va xunuk harflar bilan “Yogʻoch Ot, uyingga joʻna! ” deb yozib ketildi. Holbuki, Yogʻoch Otning joyidan qimirlash niyati yo‘q edi. Yogʻoch qoplamasi ham bir necha kun ichida yakunlanadi va ochilish marosimi rejalashtirilayotgandi. Toʻgʻrulning bezovtalanishi esa eng yuqori darajaga yetgandi; shaharcha hokimi fikricha, endi kosani toshiradigan soʻnggi tomchi hammani xavotirga solib qoʻygandi. Oxirgi kunda esa Toʻgʻrulbey rasmiy idoralarga yozma tarzda murojaat qilib, haykal ochilish kuni shahar maydonida yig‘ilish va namoyish yurishi o‘tkazish uchun ruxsat so‘radi. Shunda rasmiylar qat’iy chora ko‘rishga qaror qilishdi; viloyat hokimi bu masala allaqachon yuzxotirlik chegarasidan oshib ketgan deb hisobladi. Politsiyaga qo‘ng‘iroq qilinib, zarur choralar ko‘rish so‘raldi.
Komissar Hurrem ichki ishlar mashinasida yo‘lga chiqmoqchi bo‘layotgan paytda, Tuzjuo‘g‘lining Toʻgʻrulbey yaqinda sotib olgan mashinasini uchratib, to‘xtatdi. Avtomobilning ustiga noma’lum shaxslar tomonidan tayyorlangan barcha afisha va rasmlardan yopishtirilgan edi. Toʻgʻrul mashinadan boshini chiqarib, tirjaygan holda: “Kechasi, noma’lum shaxslar yopishtirishibdi bularni. Men ham sizga shikoyat qilish uchun kelayotgan edim,” –dedi.
Komissar: “Men ham sizni qidirayotgandim, bir necha kun shaharni tark etib turishingizni iltimos qilmoqchi edim.” Toʻgʻrul kamsituvchi irjayish qildi. “Buyruq oldim”, – dedi komissar. So‘ng qoʻl ostidagilardan biriga yuzlanib: “Toʻgʻrulbeyning mashinasini uyiga olib boring”, – dedi. Tuzjuo‘g‘lining o‘g‘lini esa politsiya mashinasiga mindirishdi, mashina teskari yo‘nalishda harakatlana boshladi. Toʻgʻrul komissarga qaradi: “K2R tozalash amaliyotingiz muvaffaqiyatli yakunlandi, tabriklayman,” – dedi. O‘sha kecha Hurrambey shaharning kirish qismlarini tekshirtirdi. Shubhali biron shaxsga duch kelinmagani hisobotlarda qayd etildi. Marosim kuni ham xarobaga olib boruvchi yo‘llarda qat’iy xavfsizlik choralar ko‘rilgan edi. Xavfsizlik kuchlariga Toʻgʻrul yoki uning yordamchilarini yaqinlashtirmaslik haqida keskin buyruq berildi. Issiq havoda tepaga termulgan rasmiylar, jamiyat a’zolari va xalqdan iborat olomon kirish darvozasi yonida hamda hojatxonaning ro‘parasida Yogʻoch Ot haykali ulugʻvor qad rostlaganini ko‘rishdi. To‘g‘ri, taxtadan qoplama tanaga biroz yamalgan ko‘rinish bergan edi, ammo haykalning kattaligi bu taassurotni darhol yo‘q qilardi. Yogʻoch bilan qoplangan yaratiq, tarix yoki san’at tarixini biladiganlar uchun ma’lum darajada otga o‘xshar edi, ayniqsa boshi bu o‘xshashlikni kuchaytirardi. Afsonaga yoki tarixga muvofiq qurishga harakat qilingan desa ham boʻladi. Mana ming yillar avval qanday qurilgan bo‘lsa, buning ham gavdasida bir qopqoq bor edi. Haykal poydevoriga noma’lum shaxslar tomonidan yozilgan yozuv ham sement bilan yopib qo‘yilgan edi.
Tepaga chiqib olgan obodonlashtirish jamiyati a’zolari yengil nafas olishdi — toʻgʻrisi, bu kunlarga osonlik bilan erishilmadi axir. Bir necha marta ajratilgan mablag‘ tugab qolgan, qo‘zg‘olonlar ham ancha noxush holatlarni keltirib chiqargandi. Ammo ishlar bir yo‘lga tushgach, go‘yoki og‘ir kunlar umuman bo‘lmagandek tuyulardi. Azmi afandi tepadan pastga qaradi: xavfsizlik kuchlari yo‘lni kuzatayotgandi. Haykal atrofini uchburchak bayroqlar bezab turardi. Marosimda ba’zi sayyohlar ham ishtirok etayotganini hisobga olib, sayyohlarni bezovta qilmaslik uchun xavfsizlik kuchlari tepalikni pastdan o‘rab olishgan edi. Shoir Kamol Ahmad boshlang‘ich maktabining 5-“A” sinf o‘quvchilari ham xalq ta’limi boshlig‘i yordami bilan olib kelingan edi. Yana bir izchilar guruhi ham bor edi. Shahar bandosi marosimda ishtirok etmadi. Xarobalar tarafda rangli kartochkalar va keramika Yogʻoch Otlar sotayotgan do‘konchi stolida tavozeli bir bufet qurishgandi. Ochib berish uchun avval shahar hokimi soʻzga chiqdi. Ijro etilajak marshlardan so‘ng 5-“A” sinf o‘quvchilaridan biri nutq irod qilishi rejalashtirilgani sababli xalq ta’limi boshqarmasi raisi biroz xavotirda edi. Xudo xohlasa, bola esidan chiqarmasa bo‘ldi. Viloyat hokimi shaharcha hokimining yuziga: “Yana nimani kutyapmiz?” degandek qaradi. Shaharcha hokimi cho‘ntagidan qogʻoz chiqardi va Yogʻoch Ot oldida qurilgan minbarga yaqinlashdi; mikrofonni engilgina yo‘talib sinab ko‘rgach, go‘yo o‘ylayotgandek boshini egib, aslida esa birinchi jumlaga qarab, dedi:
“Aziz yurtdoshlarim…”
So‘ng orqa tomonda, ya’ni Yogʻoch Ot joylashgan tomonda qandaydir shovqin eshitilgandek bo‘ldi, beixtiyor boshini orqaga burdi, hamma odamlar ham u bilan birga qarashdi: Yogʻoch Otning eshigi qimirlayotgandi. Ha, ayni ming yillar ilgari bo‘lgani kabi eshik ochilayotgan edi va ichkaridan kimdir yoki kimlardir chiqayotgan edi — avvaliga bir juft oyoq ko‘rindi. Barchaning koʻzi hayratdan bir nuqtada qotib qoldi. Avvaliga bu odamni taniyolmadilar albatta; yalangoyoq, boshida oq dubulg‘a bo‘lgan bu koʻlankani qadimgi zamon jangchilariga, masalan, Odisseyga o‘xshatdilar. Shunday -ku axir, u ham soqolli va dubulg‘ali edi. So‘ngra u Toʻgʻrulbey ekanligi anglashildi. Ammo baribir hayrat tarqamadi. Tuzjuoʻgʻli ham bu hayrat ichra olomonga qarab yurdi, o‘shanda Tuzjularning Bakirbeyning o‘g‘li qo‘lida ov miltig‘i borligini payqashdi. Toʻgʻrul Tuzjuoʻgʻli, olomonning qo‘rquvli nigohlari orasidan yurib o‘tdi va qurolini Yogʻoch Ot qurilishida mas’ul bo‘lganlarga to‘g‘riladi.
[1] Lotin xalqlari Odisseyni Uliss deb atashadi. Hikoyaning Joys romaniga aloqasi yoʻq.
[2] Usmoniylar davrida oʻgʻri va qaroqchilardan xalq molini undirib beruvchi yoki xalqdan soliq yigʻish ishlari bilan shugʻullangan amaldorlar shirkati.
[3] Turkiyada odat tusiga kirgan milliy an’ana, nok, olmamurut festivali mavjud. Unda shu meva turlari koʻrgazma qilib olib chiqiladi va eng yaxshi nok naminatsiyasi ham aniqlanadi.
[4] parad
[5] Turkiyaning Milliy mujodalasida jang qilgan turkmanlar xalq ichida juda katta mavqega ega boʻlgan.
[6] Raqs nomi
[7] Safarda ishlatiladigan ikki y ouch qavat choʻyan qozoncha











