Qizil quti

Muallif: Ruxsora Nur

 

Qishning ilk kuni darrov yugurgilab kelib qolibdi. Ertaga muhtaram turmush oʻrtogʻining muborak tugʻilgan kuni. Oʻn yildan buyon har yili nima sovgʻa qilishni oʻylayverib sochlari oqardi, yuzlariga ajinlar bilinar-bilinmas naqsh soldi. Yoshi endi oʻttiz beshda boʻlsa-da, koʻrgan odam qirq beshni urib qoʻyganov, deydi. Mayli, bular ahamiyatli emas. Birinchi yili eriga Sevgi sovgʻa qilmoqchi edi, ammo bozorga ketma-ket uch kun qatnab bironta rastadan Sevgi topolmadi. Keyin har holda Mehr topdi, negadir eriga yoqmadi, shekilli, yillar boʻyi hech ishlatganini koʻrmaydi. Choʻntagiga solib qoʻyadi. Yana kiyim almashtirganda esidan chiqaveradi. Ikkinchi yili Qiz farzand sovgʻa qildi. Oʻzi juda qizlarni yaxshi koʻradi. Turmushga chiqqach shiringina, yuzlari paxtaday oppoq, koʻzlari yulduzday qizchani xayol surardi. Ammo bu ham eriga yoqmadi-yov. Bu qiz mana toʻqqizni hatlab oʻtdi hamki hali dadasi suyib-erkalagan emas. Uchinchi yili onasiga ayttirib eng chidamli Sabrmatodan chopon tiktirdi. Bechora onasiyam kiyovimga deb kuni oqdan qora boʻlguncha uch kunda nafas olmay bitirib, oʻz qoʻllari bilan olib keldi. Erining koʻp vaqti koʻchada oʻtgani sababli Sabrchoponni deyarli kiymadi. Sabrchopon uyda kerak boʻlarkan. Mana oʻshandan buyon ayolning oʻzi kiyadi. Biron joyi yirtilmadi, titilmadi. Kirlansa togʻoraga bir bosib tepkilab oladi, yana yangiday yaraqlab turadi. Matosi asl-da baribir. Necha qishni yengdi bu, odam ado boʻlsa ham Sabrchopon eskirmadi. Bunaqa choponlarni momolarimiz kiyishgan-da. Ular nima qilishni bilgan. Toʻrtinchi yil nima sovgʻa qilgandi? Xotira ham yosh oʻtgan sari zanglayverarkan. Bir paytlar bitta kitobni ikki kunda tugatib, miyasiga quyib olardi. Hozir bilim olish u yonda tursin, kitob oʻqishni ham yigʻishtirib qoʻydi. Uyga qara, molga qara, bolalarni yuvib tara, pishir-kuydir qilaman deb oʻzi ham kuyganini bilmay qolyapti. Bular bilan vaqt tugul umr oʻtib ketganiyam sezilmaydi. Oʻn yildan beri erning noni bilan birga mushtini ham yeb koʻrdi. Eee, eslash shartmi hammasini, kechagi yegan ovqati yodida qolmagan bu ayolga shu zarur kelibdimi? Menam bedavoni qiynab oʻtirmay. Oʻtgan yil oʻylab-oʻylab Shafqat sotib olgandi ataylab. Buyurmagan ekan, shundoq derazaning oldiga qoʻyishgandi. Qaynopasining bolalari nima ekan bu, deb qiziqsinib qoʻliga olib koʻrayotganda tushirib yuboribdi. Bu Shafqat degani oʻzi nozik, yupqa shishaday boʻlarkan-da! Ne-ne umidlar bilan olgandi-ya! Ha, aytgancha, bir yili Umid ham hadya qildi. Ana, javonni tepasida Koʻngilni yonida chang bosib turibdi. Uyni tozalaganda pastga olib artib qoʻyadi. Eri uchun esa bular oddiy buyumlar boʻlib chiqdi. Shu paytgacha bironta sovgʻasiga jiddiy eʻtibor bermagan. Birinchi farzandi tugʻilgan yili tortning ustiga “Dadajonisi” deb yozdirgandi. Mehmonlarning oldida shamlarni puflab oʻchirishdi, xursandday koʻrinardi hamma. Ertasi kuni eri nima deydi: “Tortni ammam olib kelibdimi?” Ayolning ichiga oʻt tutashdi. Boʻgʻzini tutuni xippa boʻgʻdi. Demak, shamni puflaganda nima yozilganini oʻqimagan hatto. Eeee! Bu mayda-chuyda, itga tashlasa yemaydigan gaplar. Soat ham peshingi toʻrt boʻlibdi. Xayollarini koʻzyoshlari bilan artib tashladi va ovqat taraddudiga tushdi. Kechqurun “Million podarok” korxonasi bilan qoʻngʻiroqlashdi. Tongda borsa, bir soat ichida tayyorlab berisharkan. U yerda tajribali dizaynerlar bor, sovgʻani qanday bezatishni bilishadi. Bu galgisi boshqacha boʻladi. Bunisi, albatta, erining koʻnglidagiday.

Ayol gʻira-shira tong yorugʻida yoʻlga tushdi. Koʻngli saboh havosiday muzlagan boʻlishiga qaramay, oyoqlari shahdam qadam tashlab borardi. Yoʻlchiroqlar hali oʻchirilmagan. Yana birozdan soʻng kun ravshanlashgach ularning keragi boʻlmaydi.

Korxona xodimlari ochiq yuz bilan kutib olishdi. Buyurtma berganiday ixchamgina qizil quti stol ustida tayyor turardi. Avval “roziman” degan shartnoma imzolashdi. Bundan oʻn yil oldin nikoh oʻqigan domlaga yerdan koʻzini uzmay “roziman” degani kabi. Aslida ikkalasining biron tafovuti yoʻq. Soʻngra ishga tushib ketishdi. Ayol quti ichiga kirdi. Tabiiyki, sigʻmadi. Jussasi u qadar katta emas, ammo shartnomada quti oʻlchamlarini kichik tanlagan ekan. Qayerdan ham bilsin! Sigʻsam kerak deb oʻylagandi. Xom sut emgan banda shu emasmi?! Tili-zaboni boʻlsaydi aytsa chaqaloq vaqtida. Aslida xom sut bergan onada ham ayb yoʻq. Sut masalasini shu yerda qoldirmasak, ishimizning beliga tepadi. Bu hayotda goʻsaladay masalar koʻp. Ha, goʻsalalar ham xom sut emadi, lekin bizday falsafa toʻqishmaydi.

Qovoqlari shishgan (navbatchilikda qolgani uchun boʻlsa kerak) koʻk formadagi xotin tayyor turgan boltani shart oldi. Ayolni tekis yotqizib chaqqon-chaqqon ikki harakatda oyoqlarini chopib tashladi. Ogʻriqdan ingragan ayolga: “Oʻzi shunaqa boʻladi, birozdan soʻng oʻtib ketadi, moslashasiz”, – deb xiyol kulib qoʻydi. Xotin shoshilayotganday edi. Navbatchilik vaqti tugayotgandi. Shu oxirgi buyurtmani ham yetkazib bersa uyiga joʻnardi. Doimgi soatda bormasa qaynonasidan gap eshitmasa goʻrga edi. Oyoqsiz ayolni shart koʻtarib qutiga soldi. Obboooo! Yana kichkina keldi bu quti. “Holingizga qarab kattarogʻini aytsangiz boʻlmaydimi?” – deb toʻngʻillab qoʻydi. Bu safar ayolning chap qoʻlini chopib tashladi. “Uy ishlarini bir ayolning oʻng qoʻli ham gullatadi”, – deya hazillashib qoʻydi. Endi hammasi yaxshi edi-yu, quti qopqogʻi nim yopilmadi. Xotin elektr arra bilan qutida choʻkkalagan ayolning peshonasidan miya qismini arralab tekisladi. Endi yopaman, deganda qarasa, ayolning bir qarich tili chiqib osilib qolibdi. Sovgʻa koʻrinishini buzgan tilni ham qaychi bilan darrov qirqib oldi va axlat chelakka uloqtirdi. Nihoyat, qizil qopqoq qolipday joyiga oʻrnashdi. Ustiga yashil lenta oʻradi. Keyin ikkita erkak yordamchi xodimlar yetkazib beruvchi mashinaga koʻtarib olib chiqib ketishdi.

Darvoza jiringladi. Uyqidan koʻzlarini ochib-ochmagan er qulfni buradi. Yoʻq, eshik ochiq ekan. Hech kim koʻrinmasdi. Ammo oyoqlari ostida qip-qizil qutida tugʻilgan kun sovgʻasi turardi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting