Siz nafasingizni qoʻlingizda ushlab koʻrganmisiz? Yoshingizni-chi? Nigohlarni-chi? Shoira Goʻzal Begim chizgan tasvirlarda bularning barini qo’lingizda turganligini koʻrasiz. Ha, ha, albatta, koʻrasiz!
XAYOLIMNI TO‘RTTA BUKLADIM
***
Ko‘zlaringda raqs etadi kim
bellaridan quchib shamolning
dengizga aylanar, mavjda to‘lg‘onar
qorachiqda to‘zg‘itib marjon
suv yuzida o‘ynaydi olov.
Ichingning eng xilvat go‘shalarini
hislarida paypaslaydi u
ruhi tushgandayin tushib boradi
tirnog‘ida bahor ko‘kargan dalli
soch toringda o‘ynaydi g‘ulu.
Iyagimga tirab chaqmoq o‘tmishni
tong yuziga yuzim tekkizdim
oq ipda qavilgan qora oqshomni
xayolimga to‘rtta buklab uzatdim
kiprigingda o‘ynar, o‘ynar suv.
Titroq titrog‘ingda o‘ynar shabboda
tutunday tirmashib osmonga
nafasim ostiga chizilgan gulning
barglari dilimga ohista tegar
qishga ketayotgan gulzor raqs etar.
Yuragingda to‘zg‘ib o‘ynayotgan kim
sochlarini o‘tmishga tashlab
ko‘krak cho‘ntagingdan tushgan iforni
terib olayinmi, ko‘rmay o‘taymi
qara, o‘ylarimni qasirlatyapman
qora o‘ylarimni qasirlatyapman.
KO‘ZLARIMGA QARAB YOGʻMOQDA YOMGʻIR
***
Osmon tezligini
yerga olib tushmoqda yomg‘ir
xayol changlarini tozalamoqda
ranglarini
tomchiga botirib olmoqda barglar
keyin esa
sevishda davom etmoqda
avgustdan ortib qolgan onlarni
Kuzgi cholg‘ularni sozlayapman men
cho‘ntagimga solib umid sasini
tomchilarga maxsus
yomg‘irli savatlar to‘qimoqdaman
pianino chalgan sentyabr yanglig‘
bulutlar oralab
kamalak yoqalab
chalib o‘tiribman parishon kuzni.
Xayol tezligidan oshmoqda yomg‘ir
bir paytlar
bo‘m-bo‘sh qolgan yuragimga
o‘ta yuvvosh tuyg‘ularimga
atirgullar oqizib kelmoqda yomg‘ir
hislarni savalab
sepalab
sirpanib
yog‘ar ko‘nglimga.
Musiqiy tezligin oshirar yomg‘ir
yuragim oynasini
hislarim eshigini
chertadi taq-taq
ko‘zlarimga qarab yog‘averadi
yuragimga
yog‘adi
yomg‘ir
………
27 avgust 2023 yil
*****
Umr juda uzuuuun
uzun ko‘ylakli qizning etaklariday
hilpiraydi faqat yurganda
daraxtlarga tushuntirmoqchi bo‘ladi
tabiatning lirik stixiyasini.
Hayot juda nozik
qildan ham ingichka
so‘zlar ilma-teshik qilib o‘tganda
shudgorlangan ko‘ngil ustidan
yurib o‘taveradi
tashlab ketilgan umidlar…
Taqdir — chapaqay huquqdir
uning ichiga kirib
uzuuun tushib yotasan
suvrating ustiga yotib ko‘rganday
ko‘rpa bostirasan hislarga
yuragingning og‘rigan joylarini
tutib ko‘rsatasan
o‘zingga.
26.08.2024
YUQUMLIDIR ERK
***
Erkingdan ber menga
ko‘ksimga gul o‘rniga
erk tut.
Erta ko‘klamda
boychechak ulashganday
«omonliq-somonliq» qilayin
ko‘zlarimga suray
qoshlarimga tekkizay
tunda suhbatlashib yotay u bilan.
Ichimdagi o‘tni
chelaklab qatnayman tashqariga
quyosh nurlariga osilib
ko‘kka chiqaman
erk eltaman yulduzlarga
endi
qimirlamay turmas
ular bir ipda.
Erk ber menga
ermak qilinmaydigan erk
ertak qilinmaydigan erk
erkakday erk
kapalakning qanot qoqishiday bir harirlikda
yuragimda ochilgan
bir dona lola
erk eltsa hammaga ehtimol.
Ehtimol
erk pinakka ketmagan
uyg‘onar
bugun
erta
yo indin
o‘zi kirib kelar bamaylixotir
zanjirlarni uzar shabada
gulning ifori boylab qo‘yilmas
sharshara qolipini tashlab ketadi.
Erk yuqar
yuqumlidir erk.
10.09.2024
MENING HAYOTIMNI YASHAB BER
***
Besh daqiqa
yoki atigi besh lahza
mening hayotimni yashab berolasanmi?
qarg‘alar cho‘qigan
quzg‘unlar talagan
hislarini sichqon kemirgan shu hayotni.
Umidining u cheti bilan bu chetiga
mo‘rt og‘och ko‘prik qilib qurilgan
ilon po‘stini sharfday o‘ragan
sochlarining orasida
chumolilar qishga oziq g‘amlagan
orzulari momataloq bo‘lib ketgan
qiz hayotini yashay olasanmi?
Yo‘l chetida taksi to‘xtatgan monand
men har kuni
iztirobni to‘xtatsam
o‘tirsam uning uloviga
manzilimga yetsam faqat u bilan
uyimning har ustunida
cho‘kka tushgan kabi tursa soyalar
hayotimda bir borgina musiqa qo‘ysamu
yig‘i qo‘shig‘ini tinglasam.
Yuraging ilma-teshik bo‘lib ketsa
shippakday sudrasang yolg‘izlikni
qabriston eng go‘zal shaharga aylansa
uyingda seni hech kim kutmasa
soching esaversa boshqa dunyoga qarab
kesib tashlangan sochingni silayotgan qo‘l
fotoga do‘nsa
gumburlab qulasa
ho‘rsiniqlaring.
Yuragingga tirmashib chiqsang har kun
va dumalab ketsang
tirmashib chiqaversang qayta
oynaga tirmashgan tomchi misoli
yuragingni artsang “uh-uh”lab
ishqab, yarqiratsang
ko‘zingning eng orqa devorlarini.
Hislaringni tashlab yuborsang
qirq to‘qqizinichi qavatdan
hech kimning ko‘ziga yosh kelmasa
bevaqt qurbon bo‘lgan hislarga qarab
yuraging haddan ortiq ko‘proq urib yuborsa
taroziga sig‘masa ko‘z yoshlaring
va jimgina
boshingning egilgan alfozida
o‘yma gullar yasasang hovurdan
besh daqiqa
atigi besh lahza
mening mana shu hayotimga kirib
yashab ber…
KO‘ZIM TOYIB KETAR
***
Men yerning ustida kimsasizman, ha
yuragimni ochsam
shamol guvillaydi
guv-guvvv
kunchiqarga yuraman
kunbotarga yuraman
hech kim ovoz bermaydi:
huuuuuvvvv
oyga qarasam
ko‘zim toyib ketadi
seni chorlaganda
so‘zim toyib ketgani kabi
harflardan qurilgan chayla chetida.
Men yerning ustida kimsasizman ha
bo‘g‘zimda qayg‘ular
sumalakday osilib turar
yulduzlarning oshnalari ko‘p
daraxtlarning do‘sti bir talay
daryo ko‘z yoshini
yuvadi o‘zining suvi-la
mening ko‘zyoshimni
ichadi
ichimda
ichimda
potirlagan qush.
Taqdirni dazmollasam
qolmasa birorta g‘ijimi
oynadan qaragan ayol sochiday
uchiiib ketsa
egilganda
yurakka botgan g‘urralar
xamirdan qil sug‘urgan kabi
umrimdan sug‘ursang
judoliklarni
og‘ochlar oyga tegib tursa
ko‘nglim ko‘nglingga tegib tursa
xayoling xayolimni turtib tursa
va
egilsam
yuragimga botsa shodliklar.
Chinni siniqlari tushuniladi
tushunilar hatto gugurt cho‘plari
bakteriyaga do‘ngan yemakda hatto
mikrob tushunilar
qurt tushunilar
men esa hech qachon tushunilmadim
yolg‘iz xayolingda isindimu lek
butun boshli umrimni yashadim
turtingan
surtingan
umidlar bilan
har zamonda bir jilmayar hayot
qurt tushgan tishimning kovaklarida.
Men yerning ustida juda yolg‘izman
hech kim buza olmas bu yolg‘izlikni
umrimning u boshidan
bu uchigacha
ilingan dorda
silkinib turibdi iztiroblarim
hech vaqt tushunilmagan
hech zamon anglanmagan
otasiz
onasiz
kimsasiz tuyg‘ular
bir yelka topmagan suyanishmoqqa
va bir ko‘z ko‘rmagan teng yig‘lashmoqqa.
Men yerning ustida kimsasizman
HA!
3-oktyabr, 2025-yil.










