Metaproza hamda strukturalizm tafovutlari
(Sherzod Komil Xalilning “Ulugʻ yoʻl” gazetasi 2026-yil, 20-fevral sonida e’lon qilingan maqolasiga ochiqlov)
Metaproza ya’ni metanarrativlik, metafiktsiya badiiy asarda badiiy matnning rivojlanish jarayoni va uslubini, mohiyatini oʻrganuvchi adabiy- nazariy yoʻnalish boʻlib, “asar ichida asar” qolipida yozilgan badiiyat na’munalarini birlashtiradi. Asar markazida sodir boʻlayotgan yoki hosil boʻlayotgan ikkinchi asar haqida muallifning oʻzi yoki u tanlagan qahramon hikoya qiladi. Bunday asarlar ichki va tashqi qolipdan iborat boʻladi. Metaproza, asosan, modernizm hamda postmodernizm bilan bogʻliq kechadi. Ammo bu barcha shu oqimdagi badiiy yaratilmalarni metaproza asosida tekshirish mumkin degani emas. Yozuvchi Sherzod Komil Xalil istilohning boshlangʻich ta’rifini eslatib oʻtgach, “Don Kixot” romanida uning elementlari mavjudligini oʻzidan avvalgi olimlar fikriga qoʻshilgan holda ta’kidlaydi. Adib metaprozaning paydo boʻlish jarayoni XX asrning 80-yillaridan boshlangan boʻlsa, postmodernizm bu davrda hali kurtak otmaganligini qanoatlantiruvchi fikri vositasida metaproza har qanday adabiy uslubdagi asar uchun xos ekanligini dalillaydi. “Don Kixot” romanida qahramon oʻz sarguzashtlari haqidagi asarni oʻqib oʻtirishi ichki qolipni yuzaga keltiradi. Xuddi shunday syujet yaratish uslubini Gabriel Garsia Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” asarida uchratish mumkin. Bunga Sherzod Komil Xalil shunday izoh beradi: “Markesning arxetip qahramoni Melkiades Makondoda kelajakda roʻy berishi mumkin boʻlgan sirli voqealarni yozayotganida, bu voqealarning ishtirokchisi boʻlgan polkovnik Aureliano Buendia va avlodlarning bundan xabardor boʻlishi, “Avlodning birinchi vakilini daraxtga bogʻlab qoʻyishadi, soʻnngi vakilini esa chumolilar yeb bitiradi”, degan sirli jumboq ta’birida metaroman elementlarini ilgʻash mumkin”. Melkiadesning qoʻlyozmalarida asarning butun voqeasi aks etishi metaproza xususiyatlariga toʻgʻri keladi, ammo uning ichidagi voqealarni ochish uchun qoʻllanilgan jumboq yozuv bevosita tarkibiy qismga aylanib ketadi. Bu aytilayotgan bashoratning bir qismi xolos. Har qanday asarda ham yozuvchi biron voqea yoki jumla vositasida, peyzaj qatlarida syujet davomiyligidagi yangi burilishlarga ishora qiladi. Yozuvchining biron jumlasi asar voqealariga izoh berishini metaprozaning Izohlovchi xususiyati sifatida qabul qilmasligimiz joiz. “Yolgʻizlikning yuz yili” romanida metaxususiyat faqatgina Melkiaes qoʻlyozmasining romanga aylanishidir. Bu albatta, an’anaviy syujet chiziqlarini yoʻq qiladi. Shu oʻrinda oʻquvchi retrospektiv syujetga asoslangan asarlarni metaprozadan farqlay olishi lozimligini aytib oʻtish joiz. Oʻquvchida yana bir haqli savol tugʻiladi: epilog, epigraf, prolog, peyzaj kabi syujetni tushuntirish xususiyatiga ega elementlar mavjud holda bizga “meta” izohi shartmi?
Metaproza ma’lum unsurlar vositasida ishora qilmaydi. Uning izohlovchilik xususiyati asarning tashqi qolipida mavjud boʻlib, ichki qolipida izohlanayotgan voqealar sodir boʻladi. Shu izohlanayotgan voqealar keyinchalik yaxlit asar boʻlib chiqadi. Yuqoridagi unsurlar esa asar syujetiga doxil emas. Peyzaj syujetning tarkibiy elementi va izohlash xususiyati mavjud, kabi fikrlarni esa metasarning ikki qolipli ekanligi chippakka chiqaradi. Bundan tashqari ichki va tashqi qolip shakllanishida yozuvchi oʻquvchi bilan voqealar oʻyini qiladi, ba’zan haqiqat va xayol oʻrtasidagi chegaralar olib tashlanadi. Bu yozuvchining mahoratiga bogʻliq.
Metaprozaning ikkinchi xususiyati – yozuvchining asar voqealariga Aralashish holatidir. Bunda hikoyani hikoya qilayotgan personaj aynan yozuvchi boʻlishi kerak hamda bu asar voqealari rivojida oʻquvchiga anglashilib turadi. Ya’ni bunda yozuvchi badiiy asarni yaratishda foydalaniladigan uchinchi shaxsdagi hikoyachi emas, u real tarzda namoyon boʻladi. Masalan, Sherzod Komil Xalil ta’kidlagan Borxesning “Sohildagi uchrashuv” hikoyasi buni yaqqol tamsil qiladi yoki yuqorida ta’kidlagan “Yolgʻilikning yuz yili” romanida bu vazifani Melkiados bajaradi. Qahramonlar oʻz hayotlari yozuvchining qoʻlida ekanligini yoxud voqealar toʻqima ekanligini bilib turishadi.
Metaprozagacha ham, undan keyin ham yaratilayotgan har qanday asarda yozuvchi aralashuvi tabiiy hol. Chunki asar uning tafakkuri mahsuli. Bu har bir asarga xos boʻlgan oddiy narrativ uslub. Meta boʻlish uchun matn oʻzini oʻzi yaratishi, fosh qilishi lozim.
Metaproza hamda epistolyar janr
Bugunning oʻquvchisi uchun Metaproza hamda epistolyar janrni bir-biri bilan adashtirib yubormaslik muhim ahamiyatga ega. Bu tafovutlarda ham matn birlamchi vazifa bajaradi. Bir matnning mavjudligin,i davomiyligini xuddi shunday mavjud va davomiy matn hodisalari belgilaydi. Epitolyar janrda bir qahramonning hech qanday harakatsiz hikoya qilib berish tarzi asarning faqatgina bitta syujet chizigʻini koʻrsatib beradi. Agar qachonki bu xatlarning roman yoki boshqa biron janrdagi asar boʻlib chiqishi badiiy konstruksiya hosil qilsa, asarning metaprozaik xususiyati namoyon boʻladi. Ba’zi tadqiqotchilar XVIII asrda yashab ijod qilgan yozuvchi, tadqiqotlarga koʻra, ilk epistolyar roman asoschilaridan boʻlgan Samuel Richardsonning “Pamela” romanida meta elementlarni koʻrishadi. Ammo bu roman tarkibi Pamelaning kundalik yozuvlari, xatlaridan iborat xolos. Uning maktublari roman illyuziyasini buzmaydi, aksincha, kuchaytiradi. Metaprozada esa qaysidir qismda, albatta “parchalanish” yuz beradi hamda oʻquvchi ikkita kompozitsiyaning guvohi boʻladi. Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari”, “Dostoyevskiyning “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar” kabi asarlari epistolyar romanlardir.
Metaproza na’munalariga Italo Kalvinoning “Qish kechasidagi yoʻlovchi”. Nobokovning “Soʻngan olov”, Jon Foulesning “Fransuz leytenantining ayoli” asarlarni misol keltirish mumkin.
Metaproza hamda strukturalizm
Metaproza kompozitsiyasida meta hodisasi mavjud boʻlgan asarlarni birlashtiradi hamda ularni bir nomda atay oladigan atama. U asarning ontologik jihatini oʻrganadi. Metaasarlar, albatta, metaprozaik xususiyatlarga koʻra tahlil qilinishi kerak. Lekin bu metaprozani tahlil va talqin, tadqiqot uslubi sifatida gavdalantirmaydi. Masalan, strukturalizm yoki poststrukturalizm matnni tahlil qilish maktabidir. Metaproza esa yozuvchining yozish uslubi. Struktural yondashuv matnning ichki tuzilishi, syujet, janri, belgilar tizimi, ramzlar, obrazlar kabi har bir elementini tahlilga tortadi va xulosalar beradi. Metaprozaik tahlil esa matnning faqatgin ontologik xususiyatini ochadi. Bu qanday hosil boʻldi? degan savolga javob beradi. Ammo ikkala tahlil tamoyili ham bir-birini toʻldiradi. Metaprozaik uslubni yozuvchi tanlaydi, struktural tahlil esa tadqiqotchi uchun ma’lum metod vazifasini oʻtaydi. Metaproza yozuvchi yaratgan badiiy hodisa, xuddi ma’lum badiiy tasviriy vositadan foydalangan kabi ijodkor uchun maxsus uslubiy vosita. Metaproza asarning oʻzi, strukturalizm uni tadqiq qiluvchi metod. Metaprozada matn oʻzini oʻzi ochsa, strukturalizmda matn xususiyatlarini tadqiqotchi ochadi.
Xulosa qilib aytsak, metaproza metasarlar – obyektlar xususiyatlarini ochuvchi badiiy uslubdir. Yozuvchining ayni shu uslubini struktural tadqiqotlarda tekshirish mumkin. Metaproza badiiy texnika boʻlib ijodiy metodlardan ham farq qiladi. Koʻpincha, postmodernizm ichida namoyon boʻladi. Ijodiy metod butun adabiy yoʻnalishni aks ettirsa, metaproza asar kompozitsiyasiga xos badiiy vosita. Shuning uchun ham u mustaqil ijodiy metod boʻlolmaydi.
Muallif: Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti Ruxsora Imomova





