Sholgʻom – xom
Muallif: Ruxsora Nur
Bugun ishdan chiqishimga qaynonamdan xabar olay, dedim. Boshqa uyga koʻchganimizga ham olti oydan oshdi. Oʻz ixtiyoring bilan qanday qilib boryapsan? – deya hayronmisiz? Qoʻysangiz-chi! Erimning ota uyida jigarlari yigʻilishmoqchi. Bolalar ham maktabdan keyin buvisinikiga borishgan. Hali toʻpolon qilib oyijonning dodini berayotgandir. Qayin ukamni olti oy avval uylantirgach, men hammasidan qutuldim. Endi navbat ovsinchamga. Ayniqsa bu kecha qaynopalarimning qatoriga menam qoʻshilib rosa “gʻajiymiz” uni. Pishirganlaridan gap topamiz, pisir-pisir, vishir-vishir! Qaynukamning aytganiday “Uch boshli ajdarlarlar boshi bittaga koʻpaydi”. Voy, yelkamga oftob tegadigan kunlaram bor ekan-eeeey! Men bugun “ovsin” rolidaman. Toʻgʻri, bir-ikki idishni yigʻishtirib, ish qilganday koʻrinaman erimga. Endi xijolatlik-da, yegan ogʻiz uyalar. Uyalishni biladigan ovsini borligiga boshimdan suv oʻgirib ichsa boʻladi “ovsinjonim”.
Borsam hamma yigʻilgan ekan. Gurung avjida. Oyijonim bilan kelin oshxonada ovqat suzishayapti, shekilli, oʻsha yerga toʻgʻri kirdim. Oyijonim uydaligida mehmon qancha boʻlsa ham ovqatni oʻzlari pishirib, oʻzlari suzmasa, koʻngillari joyiga tushmaydi. Hech kimdan rozi boʻlmaydilar bu borada. Men endi qishloqdan shaharga tushganman. Ovqatni koʻp pishirib, kosalarga toʻla-toʻla suzishimni koʻrgan oyijonim: Hovuchingiz biram katta-yey, derdi oʻsha paytlaram. Ha, endi, qishloqda eshshakday ishlagan odamlar otday yeydiyam-da! Men to koʻchganimizga qadar ovqatdan toʻymaganman. Qaynonam yarim kosa suzadilar. U mening yeb oʻrgangan oshqozonimga nima boʻlardi?! Kechasi noiloj ikkinchi marta ovqat yerdim. Xotinlarning ikkita nozik joyi boʻladi: biri – ovqat va qozon-tovoq, ikkinchisi – bozor. Oyijonim roʻzgʻorga bozor qilishni ham menga hech bermasdilar, ammo bular shaharlik-da, sabzavot, umuman, yerdagi ekinning, daraxtda pishgan meva-chevaning mazalilarini koʻrinishidan, rangidan ajratib ololmasdilar. Men bechora kelin emasmi “Mana bunaqasidan olish kerak edi” –, deb aql oʻrgatolmasam, bozorga oʻzim borolmasam. Qovoqning chala pishgani, turpning achchigʻi, qovunning tarragi, olmaning suvi qochganiga oʻrganib qolganmiz. Turmush oʻrtogʻimning: Onani xafa qilib boʻlmaydi, yeging kelganidan alohida borgin-da, olib, yeb kelaver, deganlari qoida edi. Shu bilan hurmatda, tinch-totuv yashardik. Gap-gap, xayol-xayol bilan kelib qolibman. Xullas, eshikni ochishim bilan xushboʻy qozonkabopni hidi dimoqqa urildi. Soʻrashgach oʻzimni allambalo xotinday his qilib salatlarni barkashga darrov terib dasturxonga qoʻyib keldim. Sizlar ham shunaqami, bittayam ish qilmayman, deb borgan joyingizda reflekslaringiz ishga tushib chaqqonligingiz tutib qoladi. Oʻzi oʻzbek keliniga tekkan kasal boʻlsa kerak bu. Oʻz qadrini bilmas shumshuklarmiz. Ovsincha choy damlab olib ketgach, oyijon diydiyoni boshladilar:
Bir imillaydi, bir imillaydi, siz qanday chaqqon edingiz, xamirlarni yoyib-yoyib, somsalarni muzlatgichga urib qoʻyardingiz. Ikki soatga bormay xamirli ovqatni tayyor qilardingiz. Kecha somsa qildi, bir barkash somsaning yarmini oʻzi yesa boʻladimi?
Oyijon, qoʻyavering, ogʻiroyoq-da, deyman va gapdan qutulish uchun jim turaman.
Agar hozir bittagina: “Shuni aytmaysizmi”, desam bormi gapbuloqning koʻzi ochiladi. Oʻrtada suzilmay qolgan qozonkabob qozonda qolib shavlaga, mening qornim esa karnayga aylanadi. Sal ichiqoraligimni aytmasa, asli ochiq va kengfikr ayolman. Qaynona bilan til biriktirib obroʻ topgan kelinni bilmayman. Qaynonalar sigirday buzoqni – kelinni oʻzi yalaydi, joyi kelganda oʻzi tepib ham yuboradigan odam. Bir payt oyijonimning telefonlari jiringlab qoldi, telefon tugmasini bosgan edilar hamki, ovoz jaranglab keldi:
Opa, tovuq qaqillayapti, kelaveringlar, kelganlaringizgacha tuxum qoʻyadi, kelinglar.
Ha, oxiri tugʻadigan boʻldimi? Xoʻp. Hozir oʻtib kelamiz tezda – deya telefon berkitildi. Soʻngra menga tushuntirishga tushdilar:
Tabibga borayotgandik, bugun beshinchi kun, oʻn kun tuxumli ukol bilan davolarkan. Oyoq ogʻrigʻiga davo deyishyapti. Qoʻshni kampirlar bilan qoʻshilishib hamsoyani kattasining mashinasida zovva borib kelyapmiz. Oʻlgur tovugʻi bugun ertalabdan buyon tuxum tugʻmadi, bizni kuttirib, qurgʻur! Mana endi mehmon bor vaqtida olagardonga solib telefon qiladi tabibning hamshirasi. Tuxum qoʻyishga topgan vaqtini, heee!
Qaynonamning asabiylashib tovuqni ayblab “Oʻlgur” deb gapirishlarini kuzatib kulgimni bazoʻr ushlab turdim. Yoʻtalgan bahona teskari qarab kulib ham oldim, ogʻzimning tanobini uddalolmay:
Demak, tovuqni kutib oʻtiribsizlarmi shunda, deyman olovlariga suv sepib.
Haaa, faqat qora tovuqning tuxumi davo ekan, uni ham toza tugʻgan zahoti olib dori tayyorlarkan nimalardir qoʻshib. Shu payt eshikdan kirib kelgan erim onasiga qarab:
Qora tovuqning ketidan yangi, issiqqina chiqqanini sovutmay, deng ona, deya xoxolab kulgancha yelkamga bir urib qoʻydi.
Bor, ket, ma, bu lalini ham olib ket, degancha qaynonam oʻgʻlining orqasiga bir tushirdi kaftlari bilan erkalagancha jilmayib. Soʻng menga: “Biz hozir tezda borib kelamiz, sizlar yeyaveringlar” – , deya chiqib ketdilar. Orqalaridan kuzatdim. Uch kampir kurk makiyonday hamsoyaning “Damas”iga amallab chiqib olgach, shafyorlari buyruqqa koʻra yoʻlga ravona boʻldi.
Bir soatga qolmay qaynonam qaytib keldilar. Asablari buzuq. Biz ovsinjon bilan bu yuz ifodasini koʻrib, dasturxondagi boʻshagan idishlarni koʻtarib oshxonaga qochdik. Besh daqiqadan keyin qaynopam tund kirib keldi.
–Tinchlikmi? – deya soʻrasam, birdan qornini ushlab shu kuladi, shu kuladi, gapirishga harakat qilsa-da, bir soʻzni aytolmaydi, takror-takror urindi, oxiri amallab tushunib oldik:
— Ahhaha-ahhhahhh, voooy, oʻlib qolaman hozir, ahhah-ahah-hahhahhah! Qora tovuq tuxum qoʻyayotganda oʻlib qolibdi, yahhahhahhaaaa! Uchchalamizni kulgimiz oshxonaning tomini teshib yuborguday boʻldi. Eh, sodda oʻzbegim xotinlari-yaaa! Shu payt temiri olovda qaynonam kirib keldi. Jilqancha kelinlarning ham kulgisi izzat-nafsiga tegdi, shekilli, eshik oldida chetda turgan qora paket toʻla oppoq va katta-katta sholgʻomlarni olib, “gurs” etib stolga qoʻydilar va ertalab qaynim bilan bozor qilib qaynonamni bu yoqimli ishdan mahrum qilgan ovsinimga qarab toʻngʻilladilar:
Mana bularning olib kelgan sholgʻomiga qaranglar, xom, sholgʻom – xom! Bunday bir qizarib pishganlaridan olmaydimi, hee, kallavaramlar!









