Pierl Bak – gumanist yozuvchi
Pierl Bak – amerikalik gumanist yozuvchi 1892-yil 26-iyunda Amerikada tugʻilgan. U eng avvalo 1931–1932-yillarda AQShda eng ko‘p sotilgan romanlardan biri bo‘lgan “The Good Earth” (Serhosil zamin) asari bilan mashhur bo‘lib, bu asar uchun 1932-yilda Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1938-yilda Bak Xitoy dehqonlari hayotini ta’sirchan va oʻta real holatda tasvirlaganligi hamda ota-onasi haqidagi biografik (“Surgun: Amerikalik ona portreti”, “Jangchi farishta”) asarlari uchun Nobel mukofoti lauriyati boʻlgan birinchi amerikalik ayol yozuvchi hisoblanadi.
Bak AQShning Hillsboro shahrida tug‘ilgan, ammo to‘rt oyligida ota-onasi bilan Xitoyga ko‘chib ketgan. Uning ota-onasi presviterian missionerlari bo‘lib, Pierl bolaligining katta qismini Zhenjiang va keyinchalik Nanjing shaharlarida o‘tkazgan. Xitoyda kechgan bolalik hayoti uning shu mavzuda koʻproq qalam tebratishiga turki boʻlgan.
U Ayollar kollejini tamomlagach, yana Xitoyga qaytdi. Bak doimiy ravishda ayollar huquqlari, irqiy tenglik va osiyolik bolalarning asrab olinishi masalalarida faol himoyachi sifatida faoliyat yuritdi. Xitoy va Osiyo madaniyati haqida ko‘plab maqolalar va kitoblar yozdi.
Pearl o‘z xotiralarida ikki xil dunyoda yashaganini yozadi: biri ota-onasining kichik begʻubor presviterian” dunyosi, ikkinchisi esa “katta, quvnoq va mehribon ammo chaapani xitoyliklar dunyosi”. U ingliz tilini onasidan, mahalliy lahjani esa xitoylik tengdoshlaridan o‘rgangan. Shuningdek, xitoy klassik adabiyotini ham chuqur o‘rgangan.
1920–1933-yillarda Pierl va uning eri Nankinda yashab, universitetlarda dars berdilar. Shu davrda uning qizi Karol tug‘ildi. Karol irsiy kasallik tufayli og‘ir nogiron bo‘lib qoldi va bu holat Pierlning hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
1927-yildagi Nankin voqealari paytida oila urush va zo‘ravonliklardan qochib, xitoylik bir oilaning uyida yashirinib jon saqlagan. Bu voqeliklar keyinchalik uning asarlarida aks etdi.
1929-yilda AQShga qaytganida uning ilk romani East Wind: West Wind(Shaq shamoli, Gʻarb shamoli) nashr etildi. Oradan ko‘p o‘tmay, unga jahon shuhratini olib kelgan “Serhosil zamin” asari chop etildi. Roman xitoylik dehqonlar hayotini real va samimiy tasvirlagani uchun katta muvaffaqiyat qozondi.
Uning asarlari turli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va insoniy hamdardlikka yoʻgʻrilgan. Mukofotni qabul qilish nutqida u bolaligida hikoya aytish va yozishni aynan Xitoyda o‘rganganini aytgan. Bak doimiy ravishda Xitoy klassik romanlaridan adabiy ozuqa olgan. Adiba umri davomida quyidagi eng mashhur romanlarni yaratishga muvaffaq boʻlgan:
Sehosil zamin
Oʻgʻillar
Parchalangan oila
Ona
Ajdar nasli
Piyongul
Ayollar qasri
Jonli qamish
Pekindan xat
Imperator ayol
Xudoning odamlari
Eng uzoq sevgi
“Serhosil zamin”, “Ogʻillar”, “Parchalangan oila” trilogiya romanlar jamlanmasi. Romanda qadimiy xitoy madaniyati darajasiga koʻtarilgan Tuproq hamda zamonaviy muhitda ulgʻayib, boshqa kasb yoki ilm egalari boʻlishni istagan yangi avlod timsolida an’ana va ijtimoiy oʻzgarishlar konflikt yaratadi. Bundan tashqari XIX-XX asr Xitoy hayotida ayol va uning oʻrni muammolari yorqin boʻyoqlarda aks ettirilgan.
Bakning insonparvarlik borasidagi faoliyati yozuvchi tafakkuri, gʻoyaviy qarashlari, dunyoqarashini namoyish etadi. O‘z davrida kam e’tibor berilgan: ayollar huquqlari, irqiy tenglik, nogironlar huquqlari, osiyolik va aralash millatli bolalarni asrab olish, immigratsiya va madaniyatlararo anglanish kabi masalalarni amaliy faoliyatida hamda yozgan asarlarida koʻtarib chiqdi..
1949-yilda u osiyolik va aralash millatli bolalar uchun AQShdagi birinchi doimiy vasiylik uyini tashkil etgan. Oʻzi ham turmush oʻrtogʻi Teodor Harris bilan yetti nafar bola asrab olishgan. Shuningdek, u kambag‘allik va kamsitishlarga qarshi kurashish maqsadida oʻz nomidagi fondga asos solgan.
Pierl S. Bak 1973-yil 6-mart kuni Danbida o‘pka saratonidan vafot etgan. U Green Hills Farm hududiga dafn etilgan. Qabrtoshiga inglizcha ism emas, balki uning xitoycha ismi Sài Zhēnzhū ya’ni Pierl Sidenstrikerning xitoycha shakli yozilgan.
Pierl S. Bak nafaqat Nobel mukofoti sovrindori, balki Sharq va G‘arb madaniyatlari o‘rtasida ko‘prik qurgan, inson huquqlari va bolalar manfaatlari uchun kurashgan yirik jamoat arbobi sifatida ham tarixda muhim o‘rin egallaydi.
Inglizcha Vikipediadan tarjima muallifi Ruxsora Nur








