U

(Hikoya)

Mish -mishlarga qaraganda uning ota — bobolari ham saqich savdosi bilan shug‘ullanishgan ekan. Uning saqichni benihoya sevishining asl sababi ham shu bo‘lsa kerak. Men ham uni bolalik chog‘laridan bilaman. U doimo bozorda onasining yonida o‘tirardi. Saqich savdosi sir — asrorlarini o‘rganishdan ko‘ra chaynash usullarini ko‘proq o‘rganardi nazarimda. U bozorga kelib — ketayotgan g‘uj — g‘uj olomonga tikilganicha tinmasdan og‘zini ochib — yopar, chapillatib saqich chaynayverar, men esa uning sinib yoki chiqib ketmagan jag‘laridan havotir olardim.

 

Bora — bora u yetuk mutahasis bo‘lib yetishdi. Yo‘q, adashmang u ota — bobolari yoki onasi kabi saqich savdosi bilan shug‘ullanmadi, aksincha, saqich chaynashning hadisini oldi. Qayerda, qay manzilda, hoh u bozor bo‘lsin, hoh to‘y — tantana, hoh ko‘cha bo‘lsin yoki qo‘shnining uyi, tupuk sachratib maroq bilan saqich chaynayveradi. Yuzingizga baqrayib, gohida tulkiday dumini likillatib, goh ko‘zlaridan yosh quyilib, istehzoli, masxarali, jirkanch, achinarli, xullas ming bir qiyofaga kirib sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanaveradi. Yon — atrofidagi tanish — notanish odamlar uning badbo‘y og‘zidan sachrayotgan sassiq so‘lakka duchor bo‘lishib, boshdan — oyoq najosatga belanishadi. Kimnidir yuzi, yana qaysini ko‘ksi, qaysinidir yuzini himoya etgan qo‘llari, tanasini yopgan kiyim — kechaklari badbo‘y hid va jirkanch ko‘rinishga mahkum etiladi. U esa o‘ljalariga qarab benihoya rohatlanadi. Ko‘zlari yonib, og‘zinining tanobi qochib iljayadi. Balchiqsimon zaharli so‘lagiga bulg‘angan mahkumlar esa subutsiz qotil bir toifa olomon va ularning yo‘lboshchisi bo‘lmish chaynar qahramon qo‘llarida, nigohlarida birin — ketin jon beraverishadi.

 

Kun keldiki, nafaqat nishondagi o‘tkinchi odamlar, balki, atrofida to‘plangan hayrihoh, o‘zi kabi kimsalar ham uning asiriga aylana boshlashdi. Tabiiyki, hamma undan qocha boshladi. Bir o‘zi yolg‘iz qoldi hamki, saqich chaynash san’atini bir soniya ham tark etmadi. Natijada, saqlanib turaverib chirib, po‘panak boylab ketgan badbo‘y so‘lagi tanasini zaharlay boshladi. Avvaliga, boshqalarni yuzini qora qilgan mazg‘ava unsur endi asta — sekinlik bilan o‘zining yuziga qora tus beraverdi. Umri bo‘yi saqichni dam u, dam bu lo‘njiga aylantirib bergan tili yiring boylab maddaladi. Tinmay ochilib — yopilib beminnat xizmat qilgan og‘zi esa dastlab tortishib qiyshaydi, keyin mustahkam iyaklari tomon oqib ketaverdi. Maddalagan so‘lagi butun tanasiga oqib, terisi irib parcha — parcha bo‘lib o‘yilib tusha boshladi. U tiriklayin chiriy boshladi va ko‘zni achishtirib burunni yorar darajada badbo‘y hid buruqsitib ko‘chalarda sandiroqladi. Unga ko‘zi tushgan odam zoti borki irganib uzoqroqqa qochadigan bo‘ldi. U nihoyatda sarosimada qoldi. Kasalligining davosini qidirib bosh suqmagan eshigi qolmadi hisob. Biror chora topimadi…

 

U bog‘dagi o‘rindiqda yana xushhol va ko‘tarinki kayfiyatda maroq bilan saqich chaynab o‘tirardi. Qo‘lidagi eskirib ketgan ota — bobolaridan meros nodir kitobni siypalab — siypalab qo‘yardi. Axir yillar oldin chorasiz qolganida shu kitob tufayli omon qolgandida. Kitobda yozilishicha, zaharni zahar kesar emish. «Yaxshi odamlarga yaratganning o‘zi yo‘l ko‘rsatarkan. Olomon men kabi nodir shaxslarni har doim tushunishmagan! Ko‘rqabila, hasadgo‘ylar! O‘zlari mendek mahorat bilan saqich chaynasholmaydida!» — o‘yladi u kitobini yanada mahkamroq quchar ekan. Mamnun bo‘lib o‘rindiq ostiga qo‘l yuborib, odamlar yopishtirib ketgan minglab eski saqichlardan birini olib og‘ziga soldi. Ko‘zlarini yumib, rohat qilib chaynadi. Ana kashfiyot, ana dori! U qolgan umrini yana bozorlarda, bog‘larda, ko‘chalar, bekatlarda qaysiki eski, birovlar chaynab yopishtirib ketsa bo‘ladigan uskunalar atrofida saqich chaynash bilan o‘tkazdi. Uzoq umr ko‘rdi…

 

Qabriston. Yomg‘ir simillaydi. Olomon to‘plangan. Tanish, notanish… Ezilgan yomg‘ir qaro yerni balchiqqa aylantirdi. Qadamlar, etaklar loyga belandi. Qabrga oxirgi hovuch tuproq tortildi. Timqora marmardan maxsus qabrtosh o‘rnatildi.

 

Din ulamosi duoi fotiha qilgach:

 

— Haloyiq U qanday odam edi?

Og‘ir jimjitlik cho‘kdi, ammo, barchaning og‘zida saqich borligini, bir — biriga sezdirmasdan chaynayotganini sezish qiyin emas edi.»Yuz — ko‘z», andisha, yuzxotir ishga tushdi. Qolaversa bunday paytda doimiy javob, taomili shu axir:

 

— Yaxshi odam edi…

— Yaxshi…

 

— Hmm…

 

— …

 

Qabriston. Jimjitlik hukmron bo‘lgan, odamzod atalmish jonzotni asliga qaytaruvchi go‘sha. Tuproq edi, tuproqqa aylanishadi. Yangi qabr atrofidagi g‘ujg‘on o‘ynayotgan kovak izlar bag‘ridagi balchiq ko‘lmaklarini quyoshga solib ko‘z — ko‘z qiladi. Timqora, silliq maxsus marmar qabrtosh esa tusini o‘zgartirib oppoq tus olibdi. Kecha qabristonni tark eta turib, olomon jimgina chaynab o‘tirgan eski saqichlarini yopishtirib ketishibdi…

 

 

 

Mualluf: Mastura Abdurayim qizi

 

Tamom. 11/10/2022

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting