- -Mi?
Muallif: Ruxsora Nur
Shu desangizlar, deb gap boshlasam, birov “shu” deb yubormaydi. Lekin “shu”ning uchun ham gapiraman-da. Mening asl kelib chiqishim turk. Shu desangizlar turklar va oʻzbeklarning ildizi bir. Agar bir boʻlmay sal yaqin boʻlsa ham hamsoyamiz bilan bizning yerdagi oʻrtasida bir chel turgan ikki zardoli misoli ildizlari bir-birini topib olaveradi, birga suv ichib, yerostida bir boʻlib tagdagi muhabbati hosili ustida balqib, mening ikki yoniga qizil toshgan loʻppi ruxsorimday oʻriklarini shoʻqirlatgancha bahorning pir etgan shamoligayam koʻkrak kerib selkillab turaveradi. Qiyqirib shodon oʻynagan bolani koʻrsa enaginamning bir gapi boʻlardi: Tagi toʻq-da, tagi toʻq. Bola toʻq boʻlsa, kayfiyati chogʻ boʻlarkan. Bu zardolilarning ham shoxlarida manov goʻzallik gʻujgon urishining sababi tagi baxtdan toʻqligida-da. Gap bunda ham emas, ya’ni ikki xalq odamlari bir-birini gʻoyat yaxshi anglashadi. Men kelin boʻlib tushganimdan buyon qaynonam nutqidagi qoʻshimchalarning qanday ma’no anglatishini yomgʻirni oldindan sezgan it kabi hididan bilaman. Zotan oʻzim turkologiya bilimdoni, turk lahjalari fakultetini tamomlaganman. Mana bu soch-soqoli arablarga, rang-roʻyi turklarga oʻxshash, shevalari tojiklarniki boʻlgan erjonimni ham shu fakultetdan topganman va haligi ildizi chirmashgan zardolilarday ilashib kelaverganman. Shu demasangizlaram qon qonni tortadi-da endi. “Shu”ndan beri baxtli oilamiz. Men shu oʻzbek tilinikimi yo turkchaga xosmi, ishqilib, bir-biriga qoʻshilib ketgan ikki til nozikliklari tadqiqotchisi sifatida ba’zilaridan sizga ham tushuntiraman. Qaynonaginam tong sahardan nonushta tayyorlashga uygʻonib olmaslaridan odatimizga koʻra men oshxonaga bir daqiqa boʻlsa ham oldin kelib olishim kerak. Endi gazni yoqib choy qoʻysam oyijonginam deraza ortidan oʻtib qoladilar. Eshik gʻiiiiyqillab ochilmasa shu yerda badiiyat buziladi.
– Nima pishiramiz-aaa? Men odatda birinchi savolga javob bermayman. Keyingi soʻrovlarida buning javobi boʻladi.
–Omlet qilamizmi – pomidor, bulgʻor toʻgʻrab?
–Ha, yapajaz , annejim, yapajaz, deyman va gaz oldidan chetga oʻtaman, muzlatgichdan masalliqlarni olishga tayyorlanib. Pishiramizmi? degani aniq oʻzim pishiraman degan ma’noni beradi. Shuning uchun ham gazni oyijonga qoldiraman. Keyingi savollarini ham jimgina bajaraveraman.
–Tuxum olib berasizmi muzlatgichdan?
–Bitta mayda piyozcha ham berasizmi?
–Pomidor uzatasizmi?
Albatta, albatta olib beraman, nima deyman, yoʻq, uzatmayman, oʻzingiz olib qiling, deymanmi?!
–Choyni damlaysizmi? Piyolalarni ham olib ketasizmi? Dasturxonni tashlayverasizmi?
-mi? ana shunaqa nozik qoʻshimcha ekan-e oʻzbek tilining yozilmagan qoidalarida. Har xil ma’no tugʻib tashlayverarkan. Asosan qaynonam bilan suhbatimizda buyruq mayli bilan ma’nodoshlik hosil qiladi. Mana eshitib koʻring:
–Pichoqcha bilan saryogʻni olib borasizmi?
Bir amallab dasturxonni yeyiladigan-yeyilmaydigan uzum, qaymoq, kechadan qolgan makaron, tuzlangan pomidor va unga sepilmaydigan tuz toʻla tuzdon, vilka, novvot choyni aralashtirishga mayda qoshiq, choy issiqlik qiladigan erimga bir finjon sovuq suv, dieta tutgan erimga qaynatilgan tuxum, tuxumni poʻstini tashlashga likopcha, hamsoyam obchiqib qolgan shirbirinch, qizim yeyman, degan limonli vaflilargacha toʻldirib oʻtirvolaman. Choylar sovib tursin deb piyolalarga quyib tursam ovoz keladi:
–Barkashni obketasizmiiiiiii?
Albatta, olib kelaman. Innankeyin o yeydigan narsamiz bu tashiganlarim emas, faqat ana shu likopchadagi omlet. Shuni yegach bir odam toʻyadi. Dietadagi erimdan boshqa hech kim anov vafligayam, saryogʻgayam qoʻlini uzatmaydi. Qizim ham oʻziga alohida qovurilgan sasiskani yeydi xolos. Ammo hammasini obkelmasang, baloga qolasan. Erjon: “Uyda faqat tuxum bor, tamommi?” – deb qichiq qilishni boshlaydi. Bugun har na hammaning ishtahasi ochilgan. Qizalogʻim ham haligi sariq paketchalik limon ta’mli vaflidan choyga botirib qarsillatib yeyaptilar. Dadasi oʻzi obkelmagan vafliga koʻzi tushib, bittasini qoʻliga oladi:
–Kim olib keldi buni? Oyijonim faxr bilan tilga kiradilar:
–Kecha xolang bervorgandi. Rossiyskiy ekan, shunga boshqacha-da!
–Aaaa, deydi erim g`ijirlatib chaynagancha. – Aytdim bu bizni vaflilarga oʻxshamaydi-ye, mazasi boshqacha, qarang, limonni ta’mini qanday singdirib yuborgan?! Menga qaraydi va:
–Yeb koʻr, Turkiyada ham bunaqasini chiqarmasa kerak, ruslar biladi-da nimani qanday qilishni, deydi sovet davrida kommunizm ta’miga mast boʻlgan ajdodlarining onggi bilan rusnikini xoʻrozqandday bilib. Men hayron, oyijonga qarab:
–Rostdan Rossiyadan kelganmi, kim obkelibdi?
–Shu… Ukam Moskvadan yuborgandir-da, bilasiz-ku bibijoningizni uyida har doim rossiyskiy shikolat-u pichennilar boʻladi. Xolangizgayam bibingiz bergani aniq.
–Haaaa, deyman, bir-biriga maqtasa noniyam qimmat biskvitday tuyulgan bolalarday ogʻzimni suvi oqib vafliga uzalaman. Ogʻzimga solarkanman hech kim menga qaramayotganiga ishonch hosil qilgach, vafli oʻralgan sap-sariq yelim oʻramni koyescha harflar qalashib yotgan tarafiga teskari qilaman. Bu yozuvni koʻrib Koreyanikimi nima balo, deyman ichimda. Sal pastga tushsam oʻzbekcha va ruscha yozuvda ham ma’lumotlar yozilgan. Shumboladay* xarom tomirim urib ishlab chiqarilgan manzilni qidirib topaman: Oʻzbekiston respublikasi, Toshkent shahar, Yangihayot tumani, Doʻstlik koʻchasi, 57-uy.
“Shu” bilan nonushta tugab idishlarni yuvayotganimda oyijonim allaqachon tushlikning taraddudini koʻrishga haligi eshikni yana gʻiiiiiiyqillatib ochib keladilar. Vo ajab, soat sakkizdan qozon osmasak boʻlmaydi. Men oyijonim oʻtirib ulgurmaslaridan tezda yumushimni tugatib ishga otlanishim kerakligini alohida ta’kidlayman:.
–Oyijon, men ketdim ishga. Shunda telefonda gaplashib turgan qaynonam gapimni eshitmaganga oladimi yo, telefonni qoʻymay menga bir qarab:
–Muzlatgichdan goʻshtni olib berasizmi? deydilar past ovozda.
Yo rabbim, ishga ketyapman, dedimku, boshlandi. Baribir shoʻrvaga hamma narsa olib bermasam ketolmayman, deb qoʻlimga togʻorachaga goʻsht, kartoshka, piyoz, sabzi bosib kelaman. Naryogʻdagi xolajonim bilan gʻiybatlari qizib qolgan qaynonam togʻoraga boqadi va “Sabzi kerakmas, kartoshkani koʻproq olib berasizmi, goʻsht bilan dimlayman”, deb qoladilar. Xoʻp, shuni avvalroq aytsa boʻlmas ekanmi-ya, hamma ayb oʻzimda shoʻrvani navbati deb oʻylabman-da. Oʻzimdan bilib sabzini qaytarib oʻrniga tagʻin kartoshka olib kelaman. Togʻorani yerga qoʻyar-qoʻymas oʻqdan qochgan quyonday oʻzimni eshikka uraman. Bir-ikki odim otgach orqamdan ovoz kelmasa, demak, hammasi tinch. Xonamga kirib poson kiyimlarni ustimga ilib, yuzni upa bilan oqartiraman. Oyoqni besh santimetr poshnali tapichkaga suqib toshhovlida taqillatib yurgancha oshxonaga yetar-yetmas, oyijonga koʻrinmaygina, ovozim eshitilar-eshitilmas: “Men ketyapman, oyijon”, – deyman. Agar telefon suhbati davom etsa, bemalol ketaverishim mumkin. Ammo bu Omad Lotoning mingtadan bir marta chiqadigan jekpodiga oʻxshaydi. Koʻrinmasam ham, ovozim baland chiqmasayam qarmoqqa tushaman. Ichkaridagi gurungni toʻxtagani urdi xudo, yana bir-ikkita buyruqlar bor, ishga kech qolding, degani.
–Tovuqlarga ovqatini berib ketmaysizmiiii?
Yoʻq, yoʻq, kiyimimni kiyganman axir, qanday pastga tushib ekinni ichidan oʻtib tovuqkatakka boraman? desam boʻladi. Yoʻq boʻlmaydi. Nachora, mana bu shiq kiyimlar bilan don olib oyogʻimga qum kirmasligi uchun ehtiyot boʻlgancha katakka tomon olgʻa! Hovliga chiqib tapichkamga ilashgan tuproqlar tushsin uchun toshga ikki-uch qattiq uraman. Endi “ketyapman”, demayman. Deraza oldidan imsimgina shivv oʻtaman. Stol ustida turgan sumkani shoshilib yelkamga endi otsam:
–Keliiiiiin, manovi poʻchoqlarni hamsoyaning chelagiga tashlab ketasizmiiiiiiiii?
Heeeee, miiii, miiii, miyeeeeee! Rosa bir iflos qoʻshimcha ekan-da bu [–mi?]. Ishga ketyapman deganimni eshitganmidi oʻzi bu kishi, deyman peshonamdan ajinaterlarim chiqib. Shahd bilan orqamga qaytaman. Qishning izgʻirini yuzini tilgan odam oʻzini issiq uyga urganday vajohat bilan ikki odimda oshxonaga yetaman. Eshik bu safar gʻiiiyq qilib oʻtirmaydi, bir urinishda “tarq” etib ochiladi. Olov sochayotgan koʻzlarim birdan oʻzgaradi. Ha, nimani kutayotgandingiz, aziz oʻquvchim? Janjalnimi? Sizga ham tekin tomosha boʻlsa, ha? Afsus chuchvarani xom sanabsiz, sizni chuchvarangiz oʻzbekchilik qozoniga tushgach mening oʻt tutashib, ustidan yomgʻir quyib choʻgʻi bir zumda oʻchgan avzoyim misoli erib oqa boshlaydi. Atalaga aylanib, sanolmay qolasiz. Shu yomgʻir ichdan yogʻadi, ichdan. Qani bu olovga suv sepmay ham koʻring-chi, naq ersiz qolasiz-a! Oyijonginam hanuz telefon suhbatini buzmay men kirganimni koʻrgach oldidagi kartoshka poʻchoq toʻla laganchani uzatadi. Anovi kichkina shahzodaning fil yutgan iloniday boʻgʻilib, oʻzim bilan oʻzim poʻchoqni quchoqlagancha darvozadan oyogʻim chiqsa ham, damim chiqmay hamsoyaning katta chelagiga qoʻlimdagi laganchani kimga kerak boʻlsa, idishni olaversin, deganday istehzo bilan otib uraman-da, yana kibor xonimlar barin universitet talabalariga oʻrnak boʻlarli oʻqituvchi qiyofasida koʻchadan gʻoz yurib ketaman. Turkiychasiga anglashish mana bunaqa boʻpti! Shundoq avtobuslar turadigan bekatga kelsam, ustiga-ustak bittasi ham yoʻq. Taksi chaqiraman deb telefonimni yoqdim. Shundoq ustidagi hafta kuniga qarab koʻzlarim kiprigimni yutay dedi: ВОСКРЕСЕНЬЕ











